17:40 / 11.12.2017
24811

O‘zboshimchalik qimmatga tushdi

O‘zbekiston Respublikasining prezidentining farmoniga ko‘ra, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq, elektr va gaz ta'minoti sohasida boshqaruv tizimini, nazorat va hisobga olish mexanizmlarini yanada takomillashtirish, to‘lov intizomini mustahkamlash, javobgarlikni kuchaytirish, ijro ishi yuritishning samaradorligini tubdan oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida Majburiy ijro byurosi tashkil etildi.

Majburiy ijro byurosining asosiy vazifalaridan biri elektr, gaz uzatish va taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish, talon-toroj holatlarini aniqlash, energiya resurslari uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida va to‘liq undirilishini, qarzdorlikning kamaytirilishini ta'minlash, iste'molchilarning mas'uliyati va huquqiy madaniyatini oshirish kabi bir qancha chora-tadbirlarni amalga oshirishdan iborat.

Afsuski, xonadonlardagi hisoblagichlarga zarar yetkazish, uni buzish, ko‘rsatkichlarni o‘zgartirishga urinish, shu orqali ishlatilgan elektr energiyasi va tabiiy gaz to‘lovlaridan qochish holatlari uchramoqda. Bu singari xatti-harakatlar uchun javobgarlik kuchaytirilgan.

“Huquq” gazetasining yozishicha, Majburiy ijro byurosining Namangan viloyati Norin tumani bo‘limi tomonidan energiya resurslaridan debitor qarzdorlikni kamaytirish, ulardan noqonuniy foydalanishning oldini olish borasida samarali ishlar olib borilmoqda. Xususan, Do‘mar MFY hududida yashovchi fuqaro Islom Jo‘rayevning xonadoni ko‘zdan kechirilganda, u o‘zboshimchalik bilan elektr tarmog‘iga ulanib, elektr energiyasidan foydalanib kelganligi oqibatida davlat manfaatlariga 1 mln 519 ming so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazganligi aniqlandi.

Olib borilgan surishtiruv davomida davlat manfaatlariga yetkazilgan moddiy zarar to‘liq undirildi. Qoidabuzarlik yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, ma'muriy huquqbuzarlik alomatlari bo‘lganligi sababli Islom Jo‘rayevga eng kam oylik ish haqining 5 barobari miqdorida jarima jazosi qo‘llanildi. 

Top