18:45 / 13.12.2017
17971

BAAga qizlarni olib ketishga uringan “odamfurush” ayollar ushlandi

Sud zalidagi panjara ortida o‘tirgan ikki ayolning ko‘zlari namlangan – bu ularning qilmishlaridan pushaymonliklarini anglatib turardi. Noila Rafiqova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) hamda Munisa Turmonovalarga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Endi ular umrlarining bir necha yilini sim to‘rlar ortida o‘tkazishga majbur, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Ma'lumki, odam savdosi – inson, uning sha'ni, qadr-qimmati, osoyishta turmushi hamda kelajagiga tahdid solayotgan transmilliy uyushgan jinoyatchilikdir. Ayni kunda ushbu jinoyat turi o‘z girdobiga asosan yoshlar va ayollarni tortayotganligi barchada tashvish va xavotir uyg‘otmoqda. Uning to‘riga ilingan insonning erkinligi, tengligi va shaxsiy daxlsizligiga putur yetadi, turli xo‘rlik va kamsitishlarga duchor etiladi. Ushbu jinoiy faoliyat ortida majburiy mehnat, qullik, majburiy donorlik, harbiy to‘qnashuvlarda foydalanish, fohishabozlik bilan shug‘ullanishga majburlash kabi qabih qilmishlar mujassamdir. Afsuslanarlisi, odam savdosining mana shunday og‘ir oqibatlari haqida qancha gapirilmasin, fuqarolarimiz hamon uning girdobiga tushib qolmoqdalar. 

Bahorning seryog‘in kunlaridan birida Noila Sharja shahrida tanishi Munisaga qo‘ng‘iroq qiladi. Suhbat davomida chet elda ishlash xohishi bo‘lgan yosh ayollardan tanishlari bo‘lsa, katta maosh to‘lanadigan ish bor, deya Munisani qiziqtiradi. “Har bir topgan odamingiz uchun sizga ham haq beriladi”, deydi Noila. Shundan so‘ng Munisa bu “yangilik”dan barcha tanishlarini xabardor qila boshlaydi. “Qanday ish bilan shug‘ullanamiz”, deb savol berganlarga, “do‘konda taqinchoq sotasizlar”, deb javob berib, yolg‘on gapiradi. Aslida jinoiy guruhga birlashgan bu kimsalarning niyati boshqa edi. Ko‘p o‘tmay, uning tuzog‘iga Nadejda Torbina hamda Alisa Volkova ilinishadi. Ikki ayol Munisaning yolg‘onlariga ishonishadi. Birlashgan Arab Amirliklarining Sharja shahrida ishlashga rozi bo‘lishadi. Biroq, xorijga chiqish uchun pullari yo‘qligini aytganlarida, Munisa bu haqda ma'lum qilib, darhol Noilaga sms-xabar jo‘natadi. “Bu tomonidan xavotir olmang. Ularga tushuntiring, biz xarajatlarni ko‘taramiz. Ular bu yerga kelgach, qarzlarini uzishadi”, deydi Noila sms-xabarni olgach, qo‘ng‘iroq qilib.

Oradan bir oy o‘tgach, xorijga chiqish uchun ayollarning hujjati tayyor bo‘ladi. Belgilangan kuni Munisa ularni Toshkent xalqaro aeroportidan BAAning Sharja shahriga kuzatib yuborishi kerak edi. Shukrki, unday bo‘lmadi. Ushbu holatdan xabar topgan huquq-tartibot idoralari xodimlari mazkur jinoyatga chek qo‘yishdi. M.Turmonova qo‘lga olindi. Tergov jarayonida uning asl maqsadi oshkor bo‘ldi. Bu kimsa N.Torbina hamda A.Volkovani Sharja shahriga kuzatib qo‘yishi, u yerda ayollarni N.Rafiqova kutib olib, ulardan shahvoniy maqsadlarda foydalanishni ko‘zlagan ekan.

Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan qidiruv ishlarida jinoiy guruhning ikkinchi a'zosi ham ushlandi. Sud odam savdosiga qo‘l urgan N.Rafiqova va M.Turmonovaga sakkiz yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Insonning shaxsi va qadr-qimmati hurmat va e'zozga loyiq. Insoniy qadriyatlarga toptashga uringan har qanday shaxsga qonun oldida javobgarlik muqarrardir. Biroq, yana bir haqiqatni ham unutmaslik kerak. O‘z haq-huquqlarini anglagan, qonunlar mohiyatini chuqur tushungan, yuksak huquqiy ma'naviyatli kishi hech qachon jabrlanuvchiga aylanmaydi.

Mavzuga oid
Top