11:35 / 13.12.2017
23399

MXX pora talab qilgan ayol va firibgarni qo‘lga oldi

Foto: Photl

Milliy xavfsizlik xizmati tezkor xodimlari Bosh prokuratura huzuridagi Departament vakillari bilan hamkorlikda tibbiyot xodimlari va farmatsevtlar malakasini oshirish Respublika markazining Farg‘ona viloyati filiali direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosarini poraxo‘rlikda gumonlab qo‘lga olishdi.

Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanida yashovchi fuqaro MXXning hududiy boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilib, unda filial direktorining o‘rinbosari Mahmuda Qodirova undan 2 million so‘m talab qilayotganini bildirgan.

"U bu pullar evaziga o‘quv kurslariga borish muddatini o‘zgartirib berish, shuningdek, ayolning mashg‘ulotlarda bo‘lmasligini bildirmaslik haqida va'da bergan. Tezkor xodimlar maxsus amaliyot o‘tkazishdi va Qodirovani talab qilgan pulni olayotganida ashyoviy dalil bilan qo‘lga olishdi", - deya ta'kidlab o‘tdi MXX vakili.

Huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari uning xizmat xonasini ko‘zdan kechirish vaqtida yana 10,5 million so‘mni topishdi, u bu pullar qayerdan kelib qolganini tushuntirib bera olmagan. Ayni damda huquqni muhofaza qilish organlar xodimlari bu mablag‘lar kimdan olinganini aniqlashmoqda.

Mahmuda Qodirovaga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Davlat organlari xodimi tomonidan yana bir huquqbuzarlik Qo‘qon shahrida fosh etildi. “Suvoqava” DUK mahalliy filiali muhandisi Husan Jo‘rayev suv chiqarish punkti joylashgan korxona hududining 12 sotix yerini 10 ming AQSh dollariga sotib yubormoqchi bo‘lgan. Bu haqda Qo‘qonda istiqomat qiluvchi fuqaroning arizasidan ma'lum bo‘ldi.

"Jo‘rayev ushbu yerni ariza beruvchining qarindoshi nomiga rasmiylashtirib berishni va'da qilgan va xizmati uchun to‘lov tariqasida 10 ming dollar so‘ragan. Muhandis talab qilgan pullarni olish chog‘ida ashyoviy dalil bilan ushlandi", - deya ta'kidlab o‘tdi huquqni muhofaza qilish organi vakili.

Huquqni muhofaza qilish idoralari Husan Jo‘rayevga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi.

Mavzuga oid
Top