14:40 / 13.12.2017
14907

OAV: Ronaldu «Real» bilan shartnomani uzaytirishni istamayapti

Portugaliyalik futbolchi Krishtianu Ronaldu «Real» bilan tuzgan shartnomasini uzaytirishni istamayapti. U bitimni tezroq bekor qilish maqsadida o‘ziga belgilangan tovon pulini kamaytirishni ko‘zlamoqda, deya xabar beradi El Chiringuito.

Nashr bergan xabarga ko‘ra, «Real» Ronalduga yangi shartnoma taklif qilmagan, futbolchining o‘zi ham yangi kelishuv imzolash uchun muzokaralar olib borishni istamayapti. Portugaliyalik futbolchining yuristlari futbolchi klubni tezroq tark etishi uchun «Real» bilan uning tovon pulini kamaytirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

«Real» prezidenti Florentino Peresning «Oltin to‘p» topshirish marosimi vaqtida e'tiborini Neymarga qaratib, unga «Agar «Oltin to‘p»ga ega chiqmoqchi bo‘lsang, «Real»ga kel», deya yo‘llagan murojaati Ronalduning nafsoniyatiga tekkan va u jamoani tark etish bo‘yicha yakuniy qarorga kelgan.

32 yoshli Ronalduning «Real» bilan tuzgan amaldagi shartnomasi 2021 yilning yozida nihoyasiga yetadi. Shartnomani muddatidan oldin bekor qilish uchun to‘lanadigan tovon puli miqdori esa milliard yevroni tashkil qiladi.

Top