08:50 / 18.12.2017
37317

«MRBga rahmat». Putin Trampga qo‘ng‘iroq qildi 

Foto: Saul Loeb

Vladimir Putin yakshanba kuni kechqurun AQSh prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali muloqot o‘tkazdi hamda Qo‘shma Shtatlar yetakchisiga MRB tomonidan taqdim etilgan ma'lumot uchun minnatdorchilik bildirdi. Taqdim etilgan axborot esa, Peterburgda portlashlar sodir etishga tayyorgarlik ko‘rayotgan terrorchilarning iziga tushish, topish va qo‘lga olishga yordam berdi, deya xabar qilgan Rossiya prezidenti matbuot xizmati.

Telefon muloqoti Rossiya tomoni tashabbusi bilan o‘tkazildi, deya ta'kidlab o‘tishgan matbuot xizmatidan.

"Rossiya prezidenti amerikalik hamkasbiga AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan ma'lumot uchun minnatdorchilik bildirdi, u Sankt-Peterburgdagi Qozon cherkovida, shuningdek, odamlar ko‘p to‘planadigan boshqa joylarda portlashlarni sodir etishga tayyorgarlik ko‘rgan terrorchilar guruhining iziga tushishga, topishga va qo‘lga olishga yordam berdi", - deyiladi Kreml matbuot xizmati xabarida.

MRBdan olingan ma'lumot, prezidentning qayd etishicha, jinoyatchilarni topish, qidirish hamda qo‘lga olish uchun yetarli bo‘ldi.

Putin Trampdan MRB direktori va bu ma'lumotni olgan Amerika razvedkasining tezkor xodimlariga minnatdorlik so‘zlarini yetkazib qo‘yishni so‘radi.

Rossiya prezidenti Qo‘shma Shtatlar yetakchisini, “rus maxsus xizmatlari AQSh va uning fuqarolariga nisbatan terrorchilik xurujlariga aloqador ma'lumotni olishsa, albatta, va tezlik bilan uni amerikalik hamkasblariga sheriklik aloqalari orqali yetkazishlariga” ishontirdi, deya qayd etib o‘tishgan matbuot xizmatidan.

O‘z navbatida, AQSh prezidenti Donald Trampning Vladimir Putinga ma'lum qilishicha, Qo‘shma Shtatlar maxsus xizmatlari Sankt-Peterburgdagi ehtimoliy teraktning oldini olishda yordam berishidan xursand bo‘lishdi. Shuningdek, u MRB direktori Mayk Pompeoga qo‘ng‘iroq qilib, unga Rossiya yetakchisining minnatdorlik so‘zlarini yetkazib qo‘ygan, deyiladi Oq uy xabarida. Tramp va Putinning qayd etishicha, teraktning oldi olingani – bu ikki davlat hamkorligining ijobiy namunasidir, deya aniqlik kiritishgan Amerika ma'muriyatidan.

"Rossiya prezidenti Vladimir Putin bugun prezident Donald Trampga qo‘ng‘iroq qilib, Qo‘shma Shtatlar razvedka xizmatlari Sankt-Peterburgda tayyorlanayotgan yirik terrorchilik xuruji haqida avvaldan ogohlantirishgani uchun minnatdorlik bildirdi. Rossiya hukumati AQSh tomonidan taqdim etilgan ma'lumotga asoslanib, terrorchilarni hujumdan avval qo‘lga olishning uddasidan chiqdi, bu hujum ko‘plab insonlarning halok bo‘lishiga olib kelishi mumkin edi. Hech kim halok bo‘lmadi, hujum qilgan terrorchilar esa qo‘lga olindi va hozirda hibsda saqlanmoqda. Prezident Tramp qo‘ng‘iroqdan xursand bo‘ldi va prezident Putinga shuni aytdiki, Qo‘shma Shtatlarning barcha razvedka hamjamiyati shuncha umrlarni saqlab qolishda yordam ko‘rsatilganidan boshi osmonga yetdi", - deyiladi Oq uy xabarida.

"Prezident Tramp razvedka yo‘nalishi bo‘yicha hamkorlik muhim ekanini ta'kidlab o‘tdi, bu terrorchilarga, ular qayerda bo‘lmasin, zarba berish uchun kerak. Har ikki yetakchi ham shunga rozi bo‘ldiki, bu – ijobiy narsalar namunasi, ular ikki mamlakat birga ishlasa, ro‘y berishi mumkin", - deyiladi Oq uy xabarida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sankt-Peterburgning Viborg tumani sudi Rossiya Federal xavfsizlik xizmati tomonidan qo‘lga olingan Yevgeniy Yefimovni hibsga olish uchun sanksiya berdi. U IShID tarafdori sifatida gumonlanmoqda. Tergovga ko‘ra, Yefimov o‘z sheriklari bilan yakshanba kuni Qozon cherkovida terakt sodir etishni rejalashtirgan. Keyinchalik uning to‘rt nafar sherigi ham qamoqqa olindi.

Mavzuga oid
Top