21:20 / 30.12.2017
80966

Hokim o‘zgalarni do‘pposlayotganini videoga olish mumkinmasmi? Qonunlar bunga nima deydi?

Foto: KUN.UZ

Avvalroq Sirdaryo viloyati prokuraturasining ma'lumotlariga asoslanib, Sayxunobod tuman hokimi Nosirjon Egamberdiyevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 41-moddasi va 183-moddasi bilan ma'muriy ishlar qo‘zg‘atilgani va ular ko‘rib chiqish uchun 2017 yil 28 dekabrda ma'muriy ishlar bo‘yicha Sayxunobod tuman sudiga yuborilgani to‘g‘risida ma'lumot bergan edik.

E'tiborli tomoni viloyat prokuraturasining bergan ma'lumotida aytilishicha, Sayxunobod tuman hokimi N.Egamberdiyev ham tuman prokurori nomiga ariza bilan murojaat etib, unda 28 avgust 2017 yilda tuman hokimligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishdan so‘ng, uni tumandagi ta'lim muassasalari rahbarlarini tumanda o‘tkazilgan mustaqillik bayramiga qo‘l ostidagi xodimlarni madaniy hordiq chiqarish uchun olib kelmaganliklari sababli, ularni haqoratlab, qo‘l tekkizgani holatini yashirin ravishda video tasvirga olib, ommaviy axborot vositalariga chiqarib yuborib, uni obro‘siga putur yetkazgan shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Tekshirish natijasi bo‘yicha Sayxunobod sanoat kasb-hunar kolleji direktori K.Rahmonovning harakatlarida MJtKning 46-moddasida nazarda tutilgan fuqarolarga ma'naviy yoki moddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma'lumotlarni oshkor etish, ya'ni fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga ma'naviy zarar yetkazadigan ma'lumotlarni oshkor etish huquqbuzarligi alomatlari mavjud bo‘lganligi aniqlangan.

Shundan so‘ng, Sayxunobod sanoat kasb-hunar kolleji direktori Komiljon Rahmonovga nisbatan MJtKning 46-moddasi bilan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilib, ko‘rib chiqish uchun ma'muriy ishlar bo‘yicha Sayxunobod tuman sudiga yuborildi. Endilikda unga eng kam oylik ish haqining 2 baravarigacha miqdorda jarima solinishi mumkin.

Prokuraturaning ushbu bayonotidan keyin KUN.UZ tahririyatida bir qancha savollar tug‘ilmoqda.

1) Demak, bir huquqbuzarning noqonuniy xatti-harakatlarini videoga olib, uni OAVga yetkazsa, ya'ni aytaylik jinoyat haqida xabar bersa, o‘sha xabar bergan odam ham jazoga tortilar ekanda?!

2) Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 46-moddasiga e'tibor qilsak, tibbiy yoki tijorat sirlarini, yozishma va boshqa xabarlar, notarial harakatlar, bank operatsiyalari va jamg‘armalar sirlarini, xuddi shuningdek fuqaroga, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga ma'naviy yoxud moddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan boshqa ma'lumotlarni oshkor etish harakati ma'muriy huquqbuzarlik sifatida baholanishi qayd etilgan.

Endi aytingchi, hokimning direktorlarni do‘pposlashi uning huquqimi? Yoki erkinligimi? Balki qonuniy manfaatlari demoqchidirsiz? Agar o‘zgalarni kaltaklash na huquq, na erkinlik, na qonuniy manfaat hisoblanmasa, unda prokuratura qanday asoslarga ko‘ra, videoga olgan kollej direktorini aybdor deb topdi? Axir kollej direktor hokimning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga hech qanday zarar yetkazmadi-ku.

3) Har qanday sog‘lom aql egasiga ko‘rinib turibdiki, kollej direktori o‘ziga bo‘layotgan muqarrar xavfni tasvirga olgan. Axir bir mushtumzo‘r hokim 1-2 daqiqadan keyin o‘zini ham kaltaklagani kelishi kundek ravshan bo‘lib turganda, nima uchun direktor bu holatni videoga olmasligi kerak? Ertaga hech kimga arz qila olmasligi, yopig‘liq qozon yopig‘ligicha qolishi uchunmi? Qachondan buyon o‘zini do‘pposlayotgan zo‘ravonlarning xatti-harakatini videoga olish va uni OAVga taqdim qilish huquqbuzarlik bo‘lib qoldi?

4) Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi bir qancha guruhlarda, xususan “Voditeli Tashkenta” guruhida ko‘pchilik guruh a'zolari o‘z mashinalaridagi videoregistratorga yozib qoldirilgan boshqa bir haydovchilarning qonunni ochiqdan-ochiq mensimasligi aks etgan lavhalarni e'lon qilishadi. Qaysidir qoidabuzar haydovchi “meni qizil svetoforda o‘tganimni” yoki “meni odam urib yuborganimni e'lon qildi” deb ariza bersa, unda o‘sha videoni tarmoqqa yuklagan shaxs ham jazoga tortiladimi? O‘zbekiston qonunchiligida bunaqa amaliyot mavjud bo‘lsa, unda jinoyatchilarga mazza ekanda?!

5) Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi joriy yildan boshlab matbuotda turli ma'lumotlarni e'lon qilishda juda faolligi bilan boshqa davlat tashkilotlaridan alohida ajralib turibdi. Bosh boshqarma har kuni o‘z rasmiy saytida jinoyatda gumon qilinayotganlarning (sud hukmi bilan aybdor deb topilganlarning emas) rasmi va ismlari bilan berib borayotgani jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha zarur profilaktika ishlari sifatida baholanmoqda. Agar Sayxunobod prokuraturasining mantig‘iga ishonadigan bo‘lsak, unda Toshkent shahar IIBB ham fuqarolarga ma'naviy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma'lumotlarni OAVda e'lon qilishyaptimi? Agar shunaqa bo‘lsa, unda nima uchun ular javobgarlikka tortilmayapti? Agar bunaqa bo‘lmasa, unda nima uchun kollej direktorini javobgarlikka tortishmoqchi? Yoki Toshkent shahar IIBB qilgan ish profilaktika, direktor qilgan ish qonunbuzarlikmi? O‘zbekistonda qonunlarga aniq va bir xilda amal qilinishi kerak, shekilli?

6) Agar o‘zganing qonunbuzarligi aks etgan videoni chop etish uchun jazo bor bo‘lsa, unda nima uchun Milliy teleradiokompaniya jazolanmayapti? Axir jurnalistlarning faolligi evaziga TVda har kuni shu kabi videolar ko‘p e'lon qilinyaptiku. Masalan, Farg‘onada o‘quvchilarni urgan o‘qituvchi, o‘z qizini urgan ota va yana bir qancha videolar e'lon qilindi. Aytishingiz mumkin, TV ularni videoga olmagan, shunchaki e'lon qilgan deb. Lekin ma'muriy javobgarlik aynan e'lon qilish uchun belgilanadi, videoga olganlik uchun emas. Yana o‘sha savol: agar Sayxunobod prokuraturasining mantig‘iga ishonadigan bo‘lsak, unda MTRK ham ma'muriy javobgarlikka tortilishi kerakmi?

Xullas, savollar ko‘p, javoblar bo‘larmikin? Agar hozir biz o‘sha kollej direktorini himoya qilmasak, ertaga Sayxunobod hokimiga o‘xshash ayrim rahbarlardan aziyat chekkan xalq vakillarining dardi ichida yuraveradi, gapirsam, oshkor qilsam jazoga tortilar ekanman deb bunday huquqbuzarliklarga hamma ko‘z yumadi. Bu kelgusida salbiy oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin.

Davlatimiz rahbari Shavkat Miromonovich 22 dekabr kuni yo‘llagan murojaatlarida yurtimizda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, xalqning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, rahbarlarning amalda xalqqa xizmat qilishini tashkil qilish, eng asosiysi qarorlar chiqarishda ADOLAT, ADOLAT va yana ADOLATli bo‘lish haqida jon kuydirib gapirayotgan bir paytlarida hududlarda bunday antiqa qarorlar chiqarilayotgani mantiqdan emas.

Mavzuga oid
Top