00:50 / 04.01.2018
7590

AQShda ilk marta jarohatlarni zarb to‘lqinlari bilan davolash qurilmasi tasdiqlandi

Foto: Engadget

Amerika regulyatori birinchi marta jarohatlarni davolash uchun zarb to‘lqinlarini qo‘llash usulini tasdiqladi. Engadget shu haqida xabar berdi.

Dermapace System qurilmasini ishlab chiqargan Sanuwave kompaniyasi boshqarmadan ruxsat oldi. Uskuna akustik to‘lqinlarni imitatsiya qiluvchi energiya impulslarini ishlab chiqaradi. Jarohatga mexanik ta'sir o‘tkazish natijasida to‘qimalarning tiklanish jarayoni tezlashadi. 

Kompaniya ruxsat olishdan avval 336 nafar ko‘ngilli ishtirokida bir necha klinik tadqiqotlar o‘tkazdi. Bemorlarning bir qismini an'anaviy usulda davolash bilan birga zarb-to‘lqin apparati imitatsiyasi orqali soxta terapiya o‘tkazildi. Sinov ostidagi bemorlarning ikkinchi qismi ham an'anaviy usullar yordamida davolandi, shu bilan bir qatorda Dermapace original qurilmasi yordamida ham terapiya o‘tkazildi. Tajriba 24 hafta davom etdi. Birinchi guruhda jarohat bitish darajasi 30 foizni tashkil qildi, ikkinchisida esa - 44 foizni.

Sanuwave ishlanmasi tovonlardagi diabetik yaralarni davolashga mo‘ljallangan. Sekin bituvchi yaralar diabetdagi eng ko‘p uchraydigan asoratlardan biridir — qandli diabet tashxisi qo‘yilgan bemorlarning 25 foizga yaqini hech bo‘lmaganda bir marta shunday muammoga duch kelgan. 

Qurilmani yaralarni davolovchi boshqa usullar bilan birga qo‘llash mumkin. Ta'kidlash joizki, Dermapace'dan faqat 22 yoshdan oshgan bemorlar foydalanishi mumkin. Manbaga ko‘ra, ularda yaralar kamida 30 kunda bitadi. Ma'lum qilinishicha, qurilma salbiy ta'sirlarga ham ega bo‘lishi mumkin. Klinik sinov qatnashchilari og‘riqlar va mushaklar uvishishi, migren, bezgak, ko‘ngil aynishi va hatto yaralar infeksiyasidan ham shikoyat qilishgan. 

Biroq regulyator qurilmani past yoki o‘rta darajali xavfga ega tibbiy qurilmalar toifasiga mansub deb topgan. Ishlanma innovatsion texnologiyalar uchun maxsus tuzilgan yangi tizim bo‘yicha baholangan. 

Umuman olganda, zarb-to‘lqinli terapiya mutlaq yangilik emas. Ushbu usul ba'zi mamlakatlarda qo‘llaniladi, AQShda esa undan jonivorlarda jarrohlik operatsiyasi o‘tkazilgandan keyin yaralar bitishini tezlashtirishda foydalanishadi.

Top