O‘zbekiston | 20:30 / 05.01.2018
115135
2 daqiqa o‘qiladi

​Toshkent viloyati hokimi tayinlandi

Bugun, 5 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatiga tashrifini boshladi. Ayni paytda davlat rahbari ishtirokida Xalq deputatlari Toshkent viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, shu paytgacha viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi G‘ulomjon Ibragimov​ Toshkent viloyati hokimi etib tayinlandi. U 1958 yil Toshkent viloyatining Piskent tumanida tavallud topgan. Ibragimov 1980 yilda Toshkent politexnika institutini, 2003 yilda Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasining Oliy ishbilarmonlik maktabini tamomlagan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ancha yillar davomida Olmaliq kimyo zavodida mehnat qilgan, 2004—2010 yillarda «O‘zkimyosanoat» kompaniyasi raisi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 2010 yildan beri O‘zbekiston hukumati tarkibida bosh vazir o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgandi. 2017 yil noyabr oyidan boshlab Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan. 

Avvalroq, 30 oktabr kuni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirokida tashkil etilgan videoselektorda shu vaqtgacha Toshkent viloyati hokimi sifatida ishlab kelgan Shukrullo Boboyev ishdan olingani ma'lum bo‘lgan edi. Keyinchalik, Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida Boboyevning ishdan olinishiga viloyatda 2017 yilgi terim mavsumida paxta hosiliga qo‘shib yozish holatlari qayd etilgani sabab bo‘lgani haqida gapirib o‘tgandi.

Mavzuga oid