16:39 / 07.01.2018
178962

Janob Parpiyev, bilmasangiz bilib qo‘ying! - Prezident

Shavkat Mirziyoyev investitsiyalar, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari hamda turizmni rivojlantirish masalalariga alohida to‘xtaldi. Prezident mazkur sohalarni takomillashtirish bo‘yicha tegishli vazirliklarga topshiriqlar berdi, deb xabar qilmoqda O‘zbekiston 24 telekanali.

“2018-2019 yillarda amalga oshiriladigan umumiy qiymati 6.8 trln so‘mlik 369 ta investitsiya loyihasining har biri bo‘yicha alohida “yo‘l xarita” ishlab chiqish shart. Agar biz 7 trln so‘mlik bank kreditini o‘zlashtirsak, bilasizlarmi, bu qancha ish o‘rni? 4 mlrd dollarlik katta-katta loyihalarimiz bor. U ham bu yilning loyihalari. 6,8 trln so‘m va 4 mlrd dollar. Bir yillik, bitta viloyatga. Agar shuni o‘zlashtirsak, qancha ish joyi bo‘ladi. Qancha odamlar rozi bo‘ladi. Qancha narsa quramiz. Deputatlar uyg‘onishi kerak. Deputatlar uyg‘onmasa, jamiyatimizda o‘zgarish bo‘lmaydi. Deputat kim u? Xalqning vakili u. Kim qiladi bu ishni? Yuragi yongan odam, vatanni sevgan inson qiladi. 

Avval ajratilgan 50 mln dollarga qo‘shimcha ravishda O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan yana 50 mln dollar kredit berish bo‘yicha qaror qabul qildim. O‘zbekiston sharoitida bitta viloyatga buncha mablag‘ berilmagan. Chet eldan kelgan, importni yo‘q qilib, eksportni yo‘lga qo‘yadigan sarmoyadorning puli uchun davlatning mablag‘ini kafolatga qo‘ymoqdaman. Davlat o‘ziga xavf-xatarni olyapti, jaydari tilda aytganda. Endi buni oladigan, halol-pok, korrupsiyaga aralashmagan, xalqni boqaman, eksport qilaman, degan tadbirkor bormi Toshkent viloyatida, yo‘qmi?

Jannatmakon viloyat bu, jannatmakon. Suv tepada turibdi. Hech kim suvni o‘ylamaydi. Jizzaxda paxta bir yarim marta suv ichadi, paxta bo‘ladimi, unda. Sizlarda besh marta suv ichsayam...Yer nima uchun sho‘rlanadi? Noto‘g‘ri suv berishdan sho‘rlanadi. Akademiyamiz prezidenti o‘tiribdi bu yerda. Nima uchun bu odamni olib keldim, bu yerga. Nimaga desangiz, Toshkent viloyatida umuman ilm yo‘q. Rossiya bilan hamkorlikda ishlab chiqarilayotgan kompozit materialdan yasalgan, ham yengil va sifatli lotokni Toshkent viloyatida yuz foiz joylasak, hozirgidan 5 baravar ko‘p hosil olsak bo‘ladi. 

Mana, Chorvoq bo‘yicha qaror chiqardik. Qancha-qancha imkoniyat bor Chorvoqda. O‘zbekistonning 4 faslda ham dam olish mumkin bo‘lgan, birorta joyi yo‘q. Agar o‘sha yerda sharoit yaratsak, motel, mehmonxonalar qursak, 4 fasl dam olish mumkin.

Lekin janob Parpiyev aytsin, tushum qanday Bo‘stonliq tumanida? Yetarli emas! Shuning uchun, Bo‘stonliq tumani hokimi, tuman soliqchisini ishdan oling. Militsiya va prokurorini ertaga menga aytasiz. Bo‘stonliqqa dunyoqarashi o‘zgargan, vatanni sevgan odam kerak. O‘sha yerda har bir uyni sotayotgan va olayotganlarning birortasi soliq to‘lamaydi, janob Parpiyev, buni siz yaxshi bilishingiz kerak, bilmasangiz bilib qo‘ying! Nimaga sizlar taklif bermaysizlar. Men kelsam, 4 marta kelaman, ammo bir yilda 365 kun bor-ku, nimaga talab qilmaysizlar?”, - dedi kuyunchaklik bilan davlat rahbari.

Top