12:46 / 08.01.2018
28208

OAVda terrorchi Hattabning yo‘q qilinishi tafsilotlari paydo bo‘ldi

Foto: Arxiv foto

Xalqaro terrorchi Hattab (asl ismi Samir al-Suvaylim) Chechenistonda zahar yordamida yo‘q qilingan. Bu haqda “Rosbalt” axborot agentligiga o‘sha voqealarga bevosita aloqador bo‘lgan manba ma'lum qildi.  

Jangarining yo‘q qilingani 2002 yil 25 aprelda ma'lum qilingan. Uning bartaraf etilishining turli versiyalari mavjud bo‘lgan.

Jangarining yo‘q qilinishi u doimiy ravishda o‘rnini o‘zgartirishi va aloqa vositalariga ishonmasligi sabab murakkablik tug‘dirgan. U tashqi dunyo bilan xatlar yordamida aloqa qilgan. Bu xatlar kurerlar orqali qo‘ldan-qo‘lga o‘tgan. Bu murakkab zanjirni kuzatishning iloji bo‘lmagan.

Rossiya maxsus xizmatlari Hattab haqidagi ma'lumot uchun mukofot puli e'lon qilgandan keyin kurerlardan biri hamkorlik qilishga rozilik bergan. 2002 yil martida u Saudiya Arabistonidan Hattab nomiga xat olganini ma'lum qilgandan keyin, Moskvadan Chechenistonga zudlik bilan kimyo mutaxassisi yetib kelgan. U xatga kuchli ta'sir qiluvchi zahar bilan ishlov bergach, u Hattabga yetkazilgan.

Keyinroq Hattabning qo‘lga olingan tansoqchisi so‘roq vaqtida terrorchi xatni olib, uni o‘qib bo‘lgach, gulxanga tashlab yuborganini ma'lum qilgan. Zahar uchinchi kunga ta'sir qila boshlagan: terrorchining ahvoli keskin yomonlashib, u 20 mart sanasida o‘lgan.

Dastlab Hattab atrofidagilar bunda maxsus xizmatlarning “qo‘li” borligini bilishmagan va yetakchilarini qovurilgan bahorgi qo‘ziqorinlardan o‘lgan, deb hisoblab yurishgan. Biroq keyinroq xatga qo‘li tekkan yana 5 kishi o‘lgandan keyin hammasi ayon bo‘lgan.  

Hattab Checheniston hududidagi ko‘plab teraktlarga aloqador bo‘lgan. Chechenistondagi birinchi urushda ishtirok etgan. U Chechenistondagi jangarilar va xalqaro terrorchilik tuzilmalari orasidagi bog‘lovchi bo‘g‘in hisoblangan. 

Top