16:10 / 10.01.2018
18071

Filippe Koutino o‘rniga 4 nomzod

O‘tgan haftaning shanba kuni Angliya klublari tarixidagi eng qimmat transfer rasman e'lon qilindi. Braziliyalik futbolchi Filippe Koutino «Barselona»da tibbiy ko‘rikdan o‘tdi va 400 million yevro miqdoridagi tovon puli belgilangan 5 yillik shartnomaga imzo chekdi. 

Koutino «Liverpul»ning hujum chizig‘idagi muhim zveno edi, endi Klopp kuchli to‘rtlik uchun kurashda uning o‘rnini to‘ldirishi kerak bo‘ladi. Xo‘sh, qaysi futbolchilar «qizillar»ning joniga oro kirishi mumkin? 

ORZU: Kristian Pulishich

Foto: Squawka

Pulishich juda uzoq vaqtdan beri Yurgen Kloppning transfer orzularidan biri bo‘lib kelgan. Kloppning o‘zi uni 2015 yilda «Borussiya»ga olib kelgan va keyinchalik amerikalik futbolchi «Liverpul»da Koutinoga o‘rinbosar bo‘lishi haqida aytilib kelingan.

Dortmundning yoshlar jamoasidagi o‘yinlari orqali Pulishich dunyoning eng qimmatbaho tinayjyerlaridan biriga aylandi. Hozir esa, unga butun bir mamlakat umid tikkan, deyilsa mubolag‘a bo‘lmaydi. Pulishich hozir atigi 19 yoshda, balki Klopp qisqaroq davr uchun boshqa nomzod topar, lekin futbolchining vaqt o‘tgan sari yanada o‘sib borishini e'tiborga olsak, ushbu transfer Koutinoni esdan chiqarish uchun ayni muddao bo‘lardi.

Futbolchining eng kuchli jihatlaridan biri dribling hisoblanadi, ushbu mavsum Bundesligada Pulishich eng ko‘p muvafaqiyatli dribning (48) amalga oshirgan futbolchi bo‘lib turibdi. Foiz hisobida bu 45 foizni tashkil etadi, bu ham juda yaxshi ko‘rsatkich, shuningdek, juda ko‘p holatlarda raqiblar unga nisbatan qo‘polliklar ishlatganliklarini ham alohida e'tiborga olish kerak.

Pulishich sheriklari uchun 16dan ortiq vaziyat yaratib berdi, uchta gol va 1 assist muallifiga aylandi. 

«Men hech qachon «Liverpul»ga o‘tish haqida jiddiy o‘ylab ko‘rganim yo‘q edi. Men Kloppni juda hurmat qilaman, u bilan juda yaqin tanishman. U meni Dortmundda juda yaxshi qabul qildi va aynan «Borussiya» menga hamma narsani berdi», – deb izohlaydi Kristianning o‘zi.

Aytish kerakki, yozda Usmon Dembeleni «Barselona»ga qo‘yib yuborishga majbur bo‘lgan dortmundliklar bir yil ichida yana bir iqtidorli yosh futbolchisidan ayrilishni istamasalar kerak.

HAQIQATGA YaQINROQ: Toma Lemar

Foto: Squawka

Kim uchundir aynan Lemar dastlabki variant sifatida «Liverpul»ga mosroq. Yozda uni qo‘lga kiritishga «Arsenal» juda yaqin kelganiga qaramasdan, ayni paytda ushbu futbolchi nomini ko‘proq «Liverpul» bilan bog‘lashmoqda.

O‘tgan mavsumda Lemar «Monako»ning eng muhim o‘yinchisi bo‘lgan va o‘z hisobida 31 (14 gol+17 pas) samarali ochkolarni yozib qo‘ygan. Natijada, «Monako» Fransiya chempioni bo‘ldi va Yevropa Chempionlar ligasi yarim finalida o‘ynadi. Ammo ushbu mavsumdagi jarohat va pasayishlar Lemarning o‘yiniga ta'sir ko‘rsatdi – futbolchi hisobida atigi 2 gol va 4 golli uzatma mavjud.

Shunday bo‘lsa-da, Lemarning transfer narxi juda yuksak baholanishda davom etmoqda, sababi, «Monako»ning bir qator yetakchi futbolchilardan ayrilgani bu futbolchi uchun balandroq narx qo‘yilishi mumkinligini dalolat qilmoqda. Mirror tarqatayotgan xabarlarga qaraganda, «Liverpul» braziliyalik sobiq futbolchisiga o‘rinbosar sifatida aynan Lemarni qo‘lga kiritishga jiddiy bel bog‘lagan.

Fransiyaning L'Equipe nashri esa, aksincha, «Lester»ning Riyod Mahrezining Liverpulga ko‘chib o‘tishini haqiqatga yaqinroq deb hisoblamoqda.  

SIRLI TULPOR: Leon Gorettska

Foto: Squawka

Leon Gorettska varianti kutilmaganda «Liverpul»ning tanlovi bo‘lishi va Filippe Koutinoning o‘rnigi egallashi mumkin.

Yozda jamoa safini Nabi Keyta to‘ldiradi, demak, «Shalke»ning markaziy yarim himoyachisi «Liverpul»da yanada hujumkorroq uslubda harakat qilishi va ko‘proq ijodkorlik qobiliyatlarini namoyish qilishi mumkin. «Shalke»da Gorettska tayanch zonada to‘p suradi va bu yo‘nalishdagi imkoniyatlari ancha cheklangan.

Gorettska ayniqsa, jamoa hujumlarini boshlash, pozitsion hujumlarni orqaroqdan tashkil qilishga usta. Dekabr oyida u jarohat oldi, undan oldin 22 yoshli futbolchi 4 gol muallifiga aylangandi. Bundesligada 6 yillik tajribaga ega bo‘lgan va yuzdan ortiq o‘yinlarda maydonga tushgan Gorettska pullarni sarf qilish uchun juda mos nomzod.

Narx jihatidan Gorettska juda qulay variant, chunki u yozda erkin agentga aylanadi. Bu esa, boshqa tarafdan «Liverpul»ning imkoniyatlarini pasaytirib yuboradi, chunki futbolchiga da'vogarlik qilayotgan «Bavariya» bilan raqobat qilish Klopp jamoasiga katta qiyinchilik tug‘dirishi turgan gap.

SQUAWKA TANLOVI: Nabil Fekir

Foto: Squawka

«Liverpul»ning «ajoyib to‘rtligi» mavsumning birinchi yarmida har qanday himoyani larzaga soldi va ular birgalikda 38 golga mualliflik qilishdi.

7 gol va 6 assistni amalga oshirgan Koutino misolida «Liverpul» oldingi chiziqdagi asosiy kreativdan ayrilishi mumkin. Nomzodlar ichida aynan sermahsullik borasida «Lion» a'zosi Koutinoga eng munosib o‘rinbosar bo‘la oladi. 

Fekir «Lion»da hujumchi Mariano Dias ortidagi uch hujumkor yarim himoyachidan biri sifatida to‘p suradi va Liga 1da u ushbu mavsumda 11 gol urishga ulgurdi. «Liverpul»ning qanotlarda Saloh va Mane bilan xuddi shunday sxemada to‘p surishini e'tiborga olsak, Fekir jamoani juda osonlik bilan va samarali to‘ldirishi mumkin.

Shu bilan birga, Nebil yuqori qavatlarda ham «Liverpul»ni kuchaytirishi shubhasiz, Fransiya chempionatida uning hisobida 45 foiz yuqori qavat kurashlaridagi ustunlik bor. «Liverpul»ning hujumkor to‘rtligida bu ko‘rsatkichda eng yaxshi natija Muhammad Salohda, u ham bo‘lsa atigi 29.2 foiz xolos. 

 

SQUAWKA materiali asosida

Mavzuga oid
Top