04:35 / 10.01.2018
17698

Tintuv va telefon so‘zlashuvlarini eshitishga sanksiya​​ni endi sud berishi belgilanmoqda

Foto: The Federalist

Fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari himoyasini yanada kuchaytirish maqsadida tintuv va telefon so‘zlashuvlarini eshitishga sanksiya (ruxsat) berish vakolatini prokurordan sudga o‘tkazish rejalashtirilmoqda.​ Bu haqda «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» davlat dasturi loyihasida ma'lum qilingan.​

Rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribasiga asoslangan holda «​Habeas korpus» institutini yanada kengaytirish doirasidagi surishtiruv va dastlabki tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirish maqsadida​ joriy yilning 20 iyuniga qadar, tintuv va telefon so‘zlashuvlarini eshitishga sanksiya berish vakolati sudlarga o‘tkaziladi. 

Bundan tashqari, protsessual qonunchilik normalarini buzgan holda olingan ko‘rsatuvlar, ekspert xulosasi, ashyoviy dalillar hamda boshqa materiallardan sudda dalil sifatida foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilanmoqda. 

Shuningdek, shaxsni noqonuniy ushlab turish, qamoqqa olish, jinoiy javobgarlikka tortish yoki hukm qilishga sabab bo‘lgan, hujjatlar yoki ashyolarga bila turib yolg‘on ma'lumotlar va boshqa buzib ko‘rsatilgan faktlarni kiritish, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ko‘rsatuv berishga majburlash, ish bo‘yicha haqiqiy holatlarni buzib ko‘rsatish orqali dalillarni qalbakilashtirganlik uchun jinoiy javobgarlikni joriy etish nazarda tutilmoqda.

Mavzu
2018 yilgi Davlat dasturi

«Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» Davlat dasturi loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi, u 15 yanvarga qadar davom etadi.

Barchasi
Mavzuga oid
Top