11:38 / 13.01.2018
18113

Uzilgan rishta 

Har kim ham uy-joyi, ro‘zg‘ori bekamu ko‘st, havas qilarli bo‘lishini istashi, to‘kin-sochin hayot kechirishga intilishi tabiiy. O‘zbekistonda qulay ishbilarmonlik muhiti yaratildi, tadbirkorlikka, jumladan, yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatiga keng yo‘l ochildi. Ushbu imkoniyatlardan foydalanayotgan ishbilarmonlar, korxonalarning ishchi-xizmatchilari, qo‘li gul hunarmandlar, savdogarlar, quruvchilar xorijiy ish beruvchilar taklif qilayotganidan kam daromad topishayotgani yo‘q, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q, deganlariday birdaniga mo‘may pul ishlab topish ilinjida norasmiy ish beruvchilarning va'dalariga uchib, xorijga chiqib ketganlarning aksariyati esa uylaridan yo‘lkiraga pul so‘rab olib, quppa-quruq qaytishga majbur bo‘lishyapti. Ayrimlari odam savdosi qurboniga aylanishyapti. Xorijda ishi yurishganlar ham yo‘q emas. Biroq... Mehr ko‘zda, deydilar. Uzoq vaqt ko‘rishmay yurgan qarindoshlar, eru xotin o‘rtasida mehr-oqibat rishtalari uzilib borayotganini hayotiy misollarda ko‘rish mumkin. O‘zaro ishonchsizlik, rashk tufayli oilalar buzilyapti. Ba'zan eru xotinning oylab, yillab ayro yashashi fojiali oqibatlarni keltirib chiqaryapti.

Sudlanuvchi Mehmonali Athamov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) qirq besh yoshga kirgunicha bir necha marta xorijga borib, ishlab kelgan. Onasiga pul yuborib turgan. O‘g‘liga yengil avtomobil olib bergan. So‘nggi bor 2016 yilning aprel oyida Rossiyaga chiqib ketgan. Turmush o‘rtog‘i, farzandlari, aka-ukalari bilan uyali telefonda gaplashib yurgan.

Orada rafiqasi Muyassarxonning telefonini tez-tez o‘chirib qo‘yishi dilida shubha uyg‘otadi. Mahalliy vaqt bilan soat 22:00larda rafiqasi javob bermagach, to‘ng‘ich o‘g‘li Nuraliga qo‘ng‘iroq qiladi.

- Telefonni onangga ber.

- Oyim uyda yo‘q.

- Qayoqda yuribdi?

- Bilmadim. Ertalab chiqib ketgandi.

Mehmonalining ichini mushuk timdalaydi. Kechasi qaylarda, nimalar qilib yuribdi? Ukasining telefon raqamini teradi. “Farg‘onadagi oshxonaga ishga kiribdi. Qatnab, yotib qolib ishlarkan...” Mahmudalining so‘zlari jahlini chiqardi. Ro‘zg‘orda hech qanday kamchilik bo‘lmasa, nimaga ishlagisi kelib qolibdi? Nimaga mendan bir og‘iz so‘ramadi, deya 2017 yilning 30 mart kuni xorijdan uyiga qaytib keladi.

- Nimang yetmayapti, nimaga ishga kirib olding? – xoli qolganlarida rafiqasini tergaydi.

- Pullaringizni onangizga jo‘natsangiz. Zarur bo‘lib qolganda yalinib olsam, bolamga dori pulini ham qizg‘onib bersa, nima qilay, ishlaymanda!

- Bekor aytibsan. Yig‘ishtir ishingni.

- Bo‘pti, javobimni bering.

Biron marta gap qaytarmagan rafiqasining avzoyi Mehmonalini hovuridan tushiradi. Balki, gumonlarim behudadir, degan xayolga boradi. Arqonni uzun tashlaydi. Aprel oyining boshida ukasi Mahmudali gap topib keladi. “Kelinoyim Farg‘onada o‘rtog‘ingiz Safarbekning mashinasida yuribdi”.

- Kira qilarkan, men bilan yana uch kishini shaharga eltib qo‘ydi, - deya Muyassarxon o‘zini oqlaydi. Biroq, Mehmonalini shubha-gumonlar battar chulg‘ab oladi. Har qadamini poylashni ko‘nglidan o‘tkazadi.

- Oying shifoxonaga boraman, deyapti. Bildirmay kuzatgin-chi!

Nurali “Damas” mashinasida onasining ortidan tushadi. Tuman markazida Muyassarxon Safarbek bilan ko‘rishadi, uning “Matiz” mashinasiga o‘tiradi. Yigirma daqiqacha gaplashganlaridan so‘ng mashinada ketib yuborishadi. Uydagi urush-janjallardan yurak oldirib qo‘ygan Nurali otasiga “Oyim shifokorga uchradi”, deb yolg‘on gapiradi. Aprel oyi o‘rtalarida Muyassarxon Farg‘onaga otlanadi. Nurali otasining gapini ikki qilmay, ortidan kuzatib boradi. Shahar markazida Muyassarxonni Safarbek qarshi oladi. “Matiz” mashinasiga mindirib ketadi. Nurali ularni qo‘l telefonida suratga tushiradi. Quvaga qaytgach, katta amakisi Eldoraliga suratlarni ko‘rsatadi.

- Berkitib qo‘y, - deydi amakisi. – Otang ko‘rmasin. Ko‘rsa, oqibati yomon bo‘ladi.

Nurali suratlarni “Damas” mashinasining bardachogiga yashirib qo‘yadi. Yakshanba kuni Mehmonali o‘g‘lidan kalitni olib, “Damas”da qoramol bozoriga boradi. Dallollikda uncha-muncha odamga dars beradigan Safarbek bilan ko‘rishadi. Diliga g‘ashlik oralaydi. “Damas”ning bardachogini titkilab, suratlarga ko‘zi tushadi. Uyga qaytayotib, do‘kondan aroq oladi. Ichib o‘tirganda kirib kelgan xotinini “Yo‘qol, ko‘zimga ko‘rinma”, deya haydab soladi. Ko‘chaga chiqmay qo‘yadi. Aroq ichib yotarkan, fikru xayolini rafiqasini yo‘ldan urgan “do‘sti”dan qasd olish qamrab oladi.

Mehmonali 19 aprel, chorshanba kuni kunduzi soat birlarda o‘g‘li Nuraliga mashinani o‘t oldirishni buyuradi.

- Mingchinorga boramiz. Sigir sotib olamiz. Yo‘l-yo‘lakay Safarbek tog‘angni olib ketamiz. Savdoni pishirib beradi.

Mehmonali qo‘l telefonida Safarbek bilan gaplashadi. Uni “Damas”ga mindirib olishadi.

- Savdolashib, sigirni olib bersang, yuvamiz, - dedi Mehmonali yo‘lda borayotib. – Qaytishda choyxonada osh qilib beraman.

Mingchinordagi bog‘larga yetib borishdi. Mehmonali ataylab olgan temir qoziqni kurtkasi yengining ichiga yashiradi. Bog‘ ichiga boshlaydi. O‘g‘liga mashinaga ko‘z-quloq bo‘lib turishni tayinlaydi.

- Do‘stingdan top, deganlari shu ekan-da, a? Ey iflos, o‘rtog‘ingni xotini bilan ishrat qilib yuribsanmi?

- Ha, yuribman, nima deysan? G‘unajin ko‘zini suzmasa, novvos arqonni uzarmidi, hezalak!

Mehmonali yengidan temir qoziqni chiqardi-yu, o‘ziga nisbatan bo‘ychan, baquvvatroq Safaraliga tashlandi. Duch kelgan joyiga uraverdi. Yugurib kelib, ajratishga uringan o‘g‘lini yaqiniga yo‘latmadi. Safarbek yiqilganida ham temir qoziq bilan boshiga ayamay uraverdi. Tipirchilamay qolgach, hansirab qoziqni irg‘itib yubordi.

- Oyog‘idan ko‘tar, - ota-bola qonga belangan Safarbekni mashinaga ortishdi.

Oyoq-qo‘llari qaltirayotgan Nurali mashinani yurgiza olmadi. Rulga Mehmonalining o‘zi o‘tirdi. Guliston qishlog‘i tomon yurdi. Yo‘l-yo‘lakay tinmay so‘kindi. Bug‘doyzorning chetida to‘xtadi. Jasadni bug‘doyzorda qoldirib ketishdi. Eldoralining uyiga kirib borishdi. Nurali amakisiga bo‘lgan ishni so‘zlab berdi.

- Yur, yo‘l boshla, - Eldorali jiyani bilan bug‘doyzorda yotgan, bilinar-bilinmas nafas olayotgan Safarbekni mashinaga yotqizib, shifoxonaga olib bordi. Biroq, u yo‘lda jon bergan ekan.

Aybiga to‘liq iqror bo‘lgan M.Athamov uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Top