13:58 / 17.01.2018
22688

O‘rgangan ko‘ngil yana o‘rtandi

Hayotda yaxshi nom qoldirish har bir insonning o‘ziga bog‘liq. Paxtachi tumanida yashovchi Shermuhammad Akbarov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ham uch nafar guldek farzandning otasi, bir oilaning boshlig‘i edi. Ammo u halol pul topish o‘rniga, muqaddam ikki marta sudlangan bo‘lishiga qaramasdan yana jinoyat ko‘chasiga kirdi, deb yozmoqda “Huquq” gazetasi.

Shermuhammad tumandagi fermer xo‘jaliklaridan birida jazoning qolgan muddatini o‘tash uchun ishlab yurgan kezlarida buxorolik Shavkat ismli yigit bilan do‘st tutindi. 

Tez til topishgan ulfatlarning bir galgi suhbati nashaga borib taqaldi.

- Biroz topib berishim mumkin. Yaxshi tanishim bor, shu ishlar bilan shug‘ullanadi, - dedi Shermuhammad ishonch bilan.

- Bir yordam qiling, pulini berardim, - deya Shavkat Shermuhammadni qizdirdi.

Shundan keyin Shermuhammad eski tanishi Nasriddin Akmalovni izlab topdi.

- Bilasiz, shu “savil”ni qanday azob bilan parvarishladim. Qayishfurush qishlog‘idagi dalamga ekib, o‘g‘ri mushukdek payt poyladim umid bilan, - deya Nasriddin gapni uzoqdan boshladi.

- Narxingizni ayting? – dedi Shermuhammad gapni qisqa qilib.

- Uch million so‘m bo‘ladi.

- Sotgandan so‘ng bizni “nasiba”ni ham berasiz, - deya o‘z ulushini qistirib o‘tdi Shermuhammad.

- 250 ming so‘mi sizniki, “tovar”ni o‘tkazsangiz bo‘ldi, - dedi Nasriddin tanishi bilan xayrlashar ekan.

Tarkibida giyohvand modda mavjud bo‘lgan nashani pullab, foyda ko‘rishni ko‘zlagan kimsalar hech narsadan tap tortmas edilar. Biroq, “tovar” “xaridor”igacha yetib bormadi...

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorovulbozor tuman sudining hukmiga binoan Sh.Akbarov 7 yilu uch oyga, N.Akmalov esa 6 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildilar.

Mavzuga oid
Top