14:58 / 20.01.2018
57358

Pensiyalarni qayta hisoblash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi 

Foto: Fotolia

Moliya vazirining buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2963, 2018 yil 12 yanvar) bilan Pensiyalarni qayta hisoblash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. U Prezidentning 2017 yil 20 noyabrdagi PF-5245-son “Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida”gi Farmonining 4-bandiga muvofiq ishlab chiqildi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yil 1 dekabrdan boshlab yangi eng kam:

• ish haqi - oyiga 172 240 so‘m;
• yoshga doir pensiyalar - oyiga 336 880 so‘m;
• bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa - oyiga 336 880 so‘m;
• zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa oyiga 206 720 so‘m miqdorida belgilangan edi.

Qabul qilingan Nizomga ilovada 1.01.1973 yildan boshlab  hozirgi vaqtga qadar davrda amal qilgan eng kam ish haqi miqdorlari aks ettirilgan. Bu ma'lumotlar 2017 yil 1 dekabrdan keyin ish haqining yakka tartibdagi koeffitsiyentlarni  qo‘llagan holda yangi tayinlanadigan pensiyalarni hisoblab chiqarish uchun olinadigan ish haqini tenglashtirish uchun qo‘llaniladi.

Ish haqining yakka tartibdagi koeffitsiyentlarni  qo‘llagan holda pensiyalarni hisoblab chiqarish uchun olinadigan ish haqini qayta hisoblash tartibi alohida Nizom (8.09.2011 yildagi 252-son VMQga 2-ilova) bilan belgilanadi.
 
2017 yil 1 dekabrgacha tayinlangan pensiyalar 1,15 baravar miqdorga oshirish yo‘li bilan qayta hisoblanadi.

Masalan, 2017 yil 1 dekabrgacha pensioner 521 250 so‘m miqdorida yoshga doir pensiya olgan. Uni 1,15 koeffitsiyentni qo‘llagan holda qayta hisoblashda uning hozirgi vaqtda amal qiladigan miqdorini olamiz – 599 437,5 so‘m (521 250 x 1,15).  2017 yil dekabr oyidan boshlab pensioner pensiyaning ushbu qayta hisoblangan summasini olishga haqli.

Pensiyani hisoblash uchun EKIHning 8 baravaridan ortiq bo‘lmagan (172 240 x 8 = 1 377 920 so‘m) o‘rtacha oylik ish haqi olinadi.

Ish haqining yakka tartibdagi koeffitsiyent qo‘llanilgan yangi o‘rtacha oylik ish haqi miqdori EKIHning 8 baravari va undan yuqori miqdorida bo‘lgan hollarda, pensiyalarni qayta hisoblashni amalga oshirishda ish haqi miqdori EKIHning 8 baravari bilan chegaralanib, ish stajining davomiyligiga bog‘liq ravishda pensiyalarni hisoblab chiqarish uchun qabul qilinadigan foizga ko‘paytiriladi.

Pensiyani tayinlash uchun zarur ish stajiga (erkaklar uchun – kamida 25 yil, ayollar uchun – kamida 20 yil, nogironlar uchun – “Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida”gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq) ega bo‘lmagan taqdirda, qayta hisoblashdagi pensiya miqdori mavjud stajga mutanosib ravishda belgilanadi.

Barcha hollarda pensiyalarga ustama amaldagi eng kam oylik ish haqidan (172 240 so‘m) kelib chiqib aniqlanadi.

Nizom Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishilgan. 

Hujjat 12.01.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid
Top