18:00 / 22.01.2018
13693

Innovatsion vazirlik o‘quv dargohlarini Internet Q-Box bilan jihozlaydi

Foto: KUN.UZ

«Ma'lumotga ega bo‘lsang, vaziyatni nazorat qila olasan», degan naql bor. Bugungi kunning dolzarb muammolaridan biri zarur ta'lim resurslarining barcha hududlarga o‘z vaqtida yetib bormasligidadir.

Yurtimizda yosh avlod vakillarining to‘laqonli bilim olishi, kerakli manbalar va adabiyotlardan foyda olinishini ta'minlash — bugungi kun talabi. Ularga mavjud sharoitlardan kelib chiqqan holda imkoniyat yaratish dolzarb masala. Zarur bilim va manbalarga ega bo‘lish esa ertangi kunimizda millatimiz, halqimiz foydasi uchun xizmat qila oladigan yoshlar voyaga yetishining kafolatidir.

Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyevning Surxondaryo viloyatiga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida O‘zbekistonni innovatsion rivojlantirish vazirligi tomonidan viloyat, voha, yurtimiz aholisi uchun foydali bo‘lgan, ularning yashash sharoitlari, talablarini qondirishni maqsad qilgan bir necha loyihalar taqdim etildi. O‘zbekistonni innovatsion rivojlantirish vazirligi tomonidan taqdim etilgan loyihalardan biri Internet Q-Box ham ayni ezgu maqsadni ilgari surgan.

Internet Q-Box nima o‘zi? Bu respublikamizning eng chekka hududlaridagi maktablar, kollejlar, OTMlar va boshqa ta'lim muassasalarida ta'lim olayotgan o‘quvchi talabalarga Wi-Fi tizimi shaklida ta'lim va ma'lumotlar resurlarini o‘z ichiga olgan ulkan kontentdir. Unga smartfon, planshet, noutbuk orqali xuddi vay-fayga ulangandek kirib, o‘zi istagan resurslardan foydalanishi mumkin. Boshqacha qilib aytganda, internetga ulanmasdan turib, aynan ushbu tarmoq bera oladigan ma'lumotlarga egalik qilish imkoniyatini taqdim etadi. Muhimi — mavjud resurslarning bari maxsus ishchi guruhning tasdig‘idan o‘tgan, tekshirilgan va milliy qadriyatlarimiz nuqtai nazaridan xavfsiz ekanligini ta'kidlash lozim.

Bundan tashqari, Internet Q-Box’da ingliz, rus, fransuz, nemis, koreys, xitoy va boshqa tillarni o‘rgatuvchi zamonaviy interaktiv kurslar, tarjimonlar, ensiklopediyalar va boshqa kerakli o‘quv kurslari ham mavjud.

Ta'kidlab o‘tish joizki, loyiha va g‘oya mualliflari innovatsion vazirlikning tashabbuskor yoshlardan iborat xodimlari. Ular o‘quv metodik qo‘llanmalar, ilmiy-ma'rifiy manbalarning yetishmasligi muammosini yechish maqsadida ushbu texnologiyani joriy etishni maqsad qilishgan.

Yana bir muhim jihati — Internet Q-Box maktab o‘quvchilarning darslik bilan bog‘liq muammolarini yechishda ham yordam beradi. Chunki unda barcha sinflarga oid kitoblarning elektron nusxasi bo‘ladi.

Vazirlik axborot xizmatining KUN.UZ’ga bildirishicha, Internet Q-Box moslamasi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasidagi mavjud adabiyotlarning bosma shaklidagi barcha manbalarini o‘zida jamlay oladi. Internet Q-Box loyihasi avvaliga Surxondaryo viloyatida, keyinchalik esa bosqichma-bosqich respublikamizning barcha hududlarida amalga oshiriladi.

Top