12:40 / 23.01.2018
15671

Egri yo‘ldan yurganlar

Aziza Shomatova (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) nafsining quliga aylangan bandalardan ekan. Tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada hamshira bo‘lib ishlaydigan A.Shomatova yoniga yordam so‘rab kelgan fuqarolarning muammosini pul evaziga hal qilib berishda ustasi farang edi. Bunday qilmishi uchun 2012 yilda jinoyat ustida ushlanib, sud hukmi bilan jinoiy javobgarlikka ham tortilgandi, deb yozmoqda «Huquq» gazetasi.

Badnafs bo‘lmasa, yana nafsining nag‘masiga o‘ynarmidi?! Afsuski, u jazodan tegishli xulosa chiqarmadi. Yana bu «oxiri voy ko‘cha»ga kirib chiqaverdi. Aftidan, endi «qo‘lga tushmaslik» choralarini puxtalab qo‘ygandek edi. Biroq…

2017 yil 17 aprel kuni u ishlaydigan poliklinikaga fuqaro Samat Soliyev kelib, tanishi Shokir Abbosovga tibbiy ko‘rikdan o‘tgani haqida ma'lumotnoma olishda yordam so‘raydi. Hamshira bu ishni «osongina» hal qiladi. 40 ming so‘m evaziga tibbiy ma'lumotnomani qalbakilashtirib, S.Soliyevning qo‘liga tutqazadi.

Shu bahona ular tanish bo‘lib qolishdi. Shu bois, S.Soliyevning ishonchiga kirgan hamshira agar tanishlari bo‘lsa, tibbiyot muassasalariga ishga joylab qo‘yishi mumkinligini aytadi. Buning uchun «yuqori idoralar»da «tanish-bilishlari» yetarli ekanini ham gap orasida «qistirib» o‘tadi.

Unga ishongan S.Soliyev tanishi Farhod Rasulovni boshlab kelib, qizini Namangan viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot birlashmasiga hamshira sifatida ishga joylashtirishda yordam so‘raydi.

A.Shomatova avvaliga «yuqori idoralar»da tanishlari ko‘p ekani bilan maqtangan bo‘lsa-da, bu ishni bir o‘zi uddalay olmasligini juda yaxshi bilardi. Shu bois, tumandagi maktabgacha ta'lim muassasalaridan birida mudira bo‘lib ishlab kelayotgan tanishi Shahlo Ermatovaga uchraydi. Bu ayol ham u kabi firib berishga ustasi faranglardan edi.

Ular S.Soliyev va F.Rasulovga 400 AQSh dollari evaziga qizini ishga joylab qo‘yishlarini, bu pulni viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasidagi tanishlariga berishlarini aytishadi.

Har ikki firib bandalari bu pulni ehtiyojlari uchun ishlatish haqida shirin xayollar surib, poliklinika binosida «mijoz»larini kutib o‘tirishardi. Biroq niyatlariga yeta olishmadi. S.Soliyevdan 3 mln 100 ming so‘m pulni olayotgan vaqtda qo‘lga tushishdi.

Sud har ikki ayolning ushbu jinoyat ishini o‘rganib chiqib, ularni jinoiy javobgarlikka tortdi.

Top