02:10 / 23.01.2018
40279

Prezident Murojaatnomasida belgilangan vazifalar farmon bilan tasdiqlandi

22 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning besh ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha harakat strategiyasini amalga oshirishga oid «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»dagi Davlat dasturi to‘g‘risida»gi Farmoni imzolandi. Hujjat matni O‘zA saytida keltirilgan.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi o‘rta muddatli istiqbolda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilovchi eng muhim dasturiy hujjat bo‘ldi.

Harakatlar strategiyasi besh bosqichda, yillarga beriladigan nomlardan kelib chiqib, har bir yil bo‘yicha davlat dasturlari qabul qilinishini nazarda tutgan holda amalga oshiriladi.

2017 yilda Harakatlar strategiyasini amalga oshirishda asosiy e'tibor «Inson manfaatlar – barchasidan muhim» prinsipi va «Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak» g‘oyasiga hayotga tatbiq etilishiga qaratildi. Xalq bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish orqali fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari amalda himoya qilindi.

«Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili»da mamlakatimizda keng ko‘lamli islohotlar, iqtisodiyot va ijtimoiy sohani jadal rivojlantirish, xalq farovonligini yuksaltirishning mustahkam huquqiy asoslari sifatida 30dan ortiq qonun va 900dan ortiq qonunosti hujjatlari qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari, shuningdek, har bir davlat organida tashkil etilgan fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha maxsus bo‘linmalar aholi bilan ishlashning sifat jihatidan yangi samarali tizimini shakllantirishga xizmat qildi. 

O‘zbekiston Respublikasida Ma'muriy islohotlar konsepsiyasi davlat boshqaruv tizimini tubdan isloh qilish, “Elektron hukumat” va davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini rivojlantirish, iqtisodiyotga ma'muriy ta'sirni qisqartirish hamda boshqaruvning bozor mexanizmlarini kengaytirish, sog‘lom raqobat muhiti va qulay investitsiya iqlimini yaratish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilab berdi. 

Sud-huquq tizimida sudlarning haqqoniy mustaqilligini ta'minlash, sud kadrlarini tanlab olishning demokratik va shaffof mexanizmini shakllantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Joylarda ma'muriy va iqtisodiy sudlarning tashkil etilganligi odil sudlovga erishish darajasini oshirish imkonini berdi. 

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimini isloh qilish, huquqbuzarliklarni barvaqt profilaktika qilish va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida mamlakatda jinoyatchilikning umumiy ko‘rsatkichi 15,7 foizga kamayishiga erishildi, 1,2 ming mahallalarda birorta jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi. 

Ilgari, asosan xavfsizlikka xavf-xatar va tahdidlar oqibatlariga qarshi kurashish bilan cheklangan terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishga yondashuvlar kontseptual qayta ko‘rib chiqildi. Mazkur muammolarni hal qilishda, birinchi navbatda, yoshlarning huquqiy madaniyati va ma'naviyatini yuksaltirish orqali odamlarning ongi uchun kurashish ustuvor vazifa etib belgilandi. 

O‘z taqdirini O‘zbekiston bilan bog‘lagan, mamlakatimiz farovonligi yo‘lida halol va vijdonan mehnat qilayotgan, o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga aylanib qolgan fuqarolarning hayotiy muhim masalalarini hal etishga alohida e'tibor qaratildi. O‘tgan davrda 1 243 nafar shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi. 

Iqtisodiy sohada keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirildi, eng avvalo, O‘zbekistonning o‘z majburiyatlarini bajarish va chet el hamkorlarining daromadlarini repatriatsiya qilish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish uchun shart-sharoitlarni ta'minlovchi milliy valyuta erkin konvertatsiyasining joriy etilganligi bu borada muhim qadam bo‘ldi. 

Davlat byudjyetini shakllantirishning tamomila yangi prinsiplari va mexanizmlari joriy etildi, uning daromad va xarajatlari shaffofligini ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirildi. Davlat aktivlarini boshqarishning samaradorligini oshirish va byudjyetning daromad qismini ko‘paytirishga qaratilgan ishga solinmagan zaxiralardan foydalanish choralari ko‘rildi. 

Birinchi bosqichda – uzoq muddatli (10-15 yilga mo‘ljallangan) tarmoq, hududiy va maqsadli rivojlanish konsepsiyalarini ishlab chiqish hamda tasdiqlash, ikkinchi bosqichda – tarmoq, hududiy va maqsadli loyihalar portfellarini tuzish, uchinchi bosqichda – rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini shakllantirishning mutlaqo yangi tartibi tasdiqlandi. 

Ijtimoiy sohani rivojlantirish bo‘yicha kompleks tadbirlar, birinchi navbatda, fuqarolarni ijtimoiy himoya qilish va sog‘lig‘ini saqlashni kuchaytirish, aholini arzon va sifatli dori vositalari bilan ta'minlash, fuqarolarning bandligi va real daromadlarini oshirish, arzon ijtimoiy uy-joylar qurilishini kengaytirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratildi. 

Shaharlar va qishloqlarda umumiy turar joy maydoni 3,5 million kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan namunaviy va ko‘p qavatli uylar qurildi. Turar joy qurilishi hajmlari 2010 yilga nisbatan 3,5 baravarga oshdi. 

Xalq bilan muloqot natijalari bo‘yicha 11 yillik umumiy o‘rta ta'limni qayta tiklash haqida qaror qabul qilindi, oliy ta'lim muassasalariga qabul qilishning shaffof mexanizmlari joriy etildi 
va kvotalar jiddiy ravishda oshirildi. Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta'lim tizimi xalqaro standartlarga muvofiqlashtirildi. 

Millatlararo tinchlik va totuvlikni, puxta o‘ylangan va o‘zaro manfaatli tashqi siyosat amalga oshirilishini ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rilganligi natijasida qo‘shni davlatlar bilan ishonchli munosabatlar yo‘lga qo‘yildi, Markaziy Osiyo hududida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratildi. 

Faqat o‘tgan yilda 21 ta oliy darajadagi tashrif amalga oshirildi, 60 ta davlat va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi, 400 dan ortiq kelishuvlarga erishildi, 60 milliard AQSh dollaridan ortiq qiymatdagi bitimlar imzolandi. 

Shu bilan birga, xalq bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot yakunlari hamda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida o‘tkazilgan ishlarning tanqidiy tahlili aholi farovonligining real o‘sishiga va joylarda ishlar holatining tubdan yaxshilanishiga to‘sqinlik qiluvchi qator muammolarni ko‘rsatib berdi. 

Harakatlar strategiyasi ijrosini ta'minlash yuzasidan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 22 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida: 

1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi (keyingi o‘rinlarda Davlat dasturi deb yuritiladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin: 

davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish sohasida – davlat xizmatining nufuzi va samaradorligini oshirish, ijro etuvchi hokimiyat organlari vazifa va tuzilmasini qayta ko‘rib chiqish, vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining mustaqilligini oshirish, markaziy organlarning ayrim vakolatlarini mahalliy hokimiyat organlariga o‘tkazish, davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini, ularning sifati va tezkorligini tubdan oshirish, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash; 

qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish sohasida – fuqarolar shaxsiy hayoti daxlsizligining konstitutsiyaviy kafolatlarini, shu jumladan, tintuv va telefon orqali so‘zlashuvlarni eshitib turishga sanksiya berish huquqini sudlarga o‘tkazish, Oliy Majlis huzurida Sud hokimiyati mustaqilligini ta'minlashga ko‘maklashish bo‘yicha komissiyani tashkil etish orqali yanada mustahkamlash, milliy xavfsizlik organlari tizimini tubdan isloh qilish, vaqtincha saqlash, tergov hibsxonalari, jazoni ijro etish muassasalarini videokuzatuv tizimlari bilan jihozlash, yo‘l-patrul va patrul-post xizmati xodimlarini mobil videokameralar bilan ta'minlash, patrul xizmatining statsionar postlari sonini optimallashtirish; 

iqtisodiyotni rivojlantirish va faol tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash sohasida – faol tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay huquqiy, tashkiliy sharoitlar yaratish, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni joriy qilish, tadbirkorlik sub'yektlarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini va ular faoliyatiga noqonuniy aralashishlarning oldini olish mexanizmlarini, soliq va bojxona siyosatini, bank-moliya sohasini yanada takomillashtirish, agrar sektorni isloh qilish strategiyasini ishlab chiqish, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalariga imtiyozlar taqdim qilgan holda individual imtiyozlar berishdan voz kechish, hududlarni faol rivojlantirish; 

ijtimoiy sohani rivojlantirish sohasida – ijtimoiy himoya qilish va fuqarolar sog‘lig‘ini saqlashni yanada kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, ijtimoiy dorixonalarning rivojlangan tarmog‘ini yaratish, aholi bandligi va fuqarolarning real daromadlarini oshirish, «iste'mol savatchasi»ni aniqlash, ijtimoiy uy-joylar qurilishini kengaytirish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini va nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama manzilli qo‘llab-quvvatlash; 

xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta'minlash, shuningdek, tashqi siyosat sohasida – O‘zbekiston Respublikasining yangi Milliy xavfsizlik konsepsiyasini qabul qilish, xorijiy sheriklar bilan harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish, davlat chegaralarini himoya qilish va qo‘riqlash tizimini takomillashtirish, terrorizm, ekstremizm va axborot tahdidlariga qarshi kurashish, millatlararo va konfessiyalararo totuvlik, diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash, Tashqi ishlar vazirligi va diplomatik vakolatxonalar faoliyatini tubdan isloh qilish, xorijda fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish tizimining samaradorligini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, shuningdek, o‘zaro manfaatli tashqi siyosatni davom ettirish, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish. 

Top