Jamiyat | 22:40 / 06.02.2018
65286
7 daqiqa o‘qiladi

NBU fuqarolar bilan nega sudlashmoqda?

KUN.UZ tahririyatiga Toshkent shahri, Navoiy ko‘chasi, 35-uyda istiqomat qiluvchi bir guruh fuqarolar murojaat qilishdi. Ular o‘zlari yashab kelayotgan ko‘p qavatli uydan chiqarib yuborilishi mumkinligidan xavotirda ekanliklarini bildirishdi. Tahririyat muxbiri vaziyat bilan yaqindan tanishish hamda ushbu uyda yashovchilar duch kelgan muammoni o‘rganish maqsadida Toshkent shahrining Navoiy ko‘chasida barpo etilgan ko‘pqavatli uyga bordi.

Ma'lum bo‘lishicha, ushbu uy O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki hamda ushbu ko‘pqavatli uydan xonadon sotib olish istagini bildirgan fuqarolarning 75 mln so‘m miqdorida depozitlari hisobiga barpo etilgan. Biroq bank oradan 4 yil o‘tganidan so‘ng, 35-uyda yashab kelayotgan fuqarolarga ogohlantirish maktublari yuborib, ko‘chmas mulk bozoridagi qiymat asosida qayta hisoblangan narxlar bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirishni talab qila boshlagan.

Fuqarolarni ajablantirgan tomoni shundaki, 2011-2012 yil davomida fuqarolar bilan dastlabki shartnoma - kelishuv bayonnoma imzolanib, mazkur ko‘pqavatli uy 2014 yil 15 aprelda Davlat qabul komissiyasi tomonidan qabul qilingani, Shayxontohur tumani hokimining 2014 yil 4 avgustdagi qarori bilan Milliy bankka mulk huquqi berilganiga qaramay, xonadonlarning yakuniy qiymati 2016 yilda bozordagi taklif narxida hisoblanib, jismoniy shaxslarga taqdim etilgan.

Bank rahbariyati xonadonlarda istiqomat qiluvchilardan mazkur narxda to‘lovlarni amalga oshirishni, aks holda, xonadonlardan majburiy tarzda ko‘chirib yuborilishini hamda xonadonlar kimoshdi savdosi orqali sotib yuborilishidan ogohlantirib maktublar yuborgan. Milliy bankning bunday tarzda ish yuritishidan norozi jismoniy shaxslar fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritgan. Ular garchi ko‘pqavatli uy 2014 yil 4 avgustida to‘liq foydalanishga topshirilganiga qaramay, Milliy bank asossiz ravishda xonadonlarning yakuniy narxini baholashni kechiktirganidan noroziligini izhor qilishgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi 2017 yil 15 martida mazkur murojaatni ko‘rib chiqib, xonadonlarni baholash noto‘g‘ri o‘tkazilgan, degan xulosaga kelgan va Milliy bankka xonadonlarni 2014 yil 4 avgustdagi holat bo‘yicha qayta baholash majburiyatini yuklagan. Apellyatsiya instansiyasi ham mazkur sud qarorini o‘zgarishsiz qoldirgan.

Biroq Milliy bankning takroriy buyurtmasini amalga oshirgan Lider Konsalt Servis MChJ sud qarorida belgilangan muddatga doir narxlarni topa olmaganini vaj qilib, 2015 yil oktabr va 2017 yil avgustda Navoiy ko‘chasidagi 3 xonali xonadorlarning bozordagi taklif qiymatlarini taqqoslab, xonadonlarning narxini 521 mln so‘mdan 453 mln so‘mga tushirgan. Xo‘sh, baholash firmasining bu amaliyoti qanchalik to‘g‘ri? Biz bu borada ekspertga murojaat qildik.

Umuman olganda, fuqarolar mazkur xonadonlar bo‘yicha to‘lovlarni to‘lamaslik emas, balki zimmasidagi qarzdorlikdan tezroq qutulib, kadastr hujjatlarini tezroq rasmiylashtirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirishmoqda. Ammo ular barcha sohada bo‘lgani kabi bu borada ham adolat tantana qilishini xohlashmoqda. Sud mahkamasi xonadon qiymatini 2014 yil 4 avgust holatiga ko‘ra baholash majburiyatini yuklagani holda, takroriy baholash yana noxolis o‘tkazilganini ta'kidlashmoqda. Biz murojaat qilgan ekspert ham mulkdor o‘ziga tegishli mulkni istagancha tasarruf eta olishi va istagan narxda sotishi mumkinligini qayd etgan bo‘lsa-da, xonadonlarning bozor qiymati va asl sotilgan qiymati o‘rtasida farq bo‘lishini ta'kidlab, ana shu sotilishda qayd etilgan qiymat ko‘chmas mulkning asl bozor qiymati bo‘lishini uqdirdi. Bu nimani anglatadi?

Misol uchun, aytaylik, sotuvchi o‘z uyini 100 mln so‘mga sotmoqchi. Xarid qiluvchi ayni xonadonga 80 mln so‘m taklif etadi hamda ikki o‘rtadagi savdo munozarasi asosida ikki tomonga ham ma'qul bo‘lgan bahoda, ya'ni 90 mln so‘mga uy sotiladi. Ayni shu qiymat uyning haqiqiy bozor narxi hisoblanadi. Ya'ni, ekspertning tushuntirishiga ko‘ra, faqatgina e'lon saytlari va bosma nashrlardagi e'lonlarda ko‘rsatilgan narxlardan kelib chiqqan holda xonadon narxini belgilash to‘g‘ri emas.

Vazirlar Mahkamasining 2016 yilda qabul qilgan 611-sonli farmoyishida ham ayni jihatga e'tibor qaratilgan bo‘lib, Navoiy ko‘chasi 35-uydagi xonadonlarni, ularni qurilishi vaqtida dastlabki to‘lovni to‘lagan jismoniy shaxslarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borish yo‘li bilan sotishga ruxsat berilgan. Ammo bank bu jihatga diqqat qilmagan va Result Consult MChJ bilan shartnoma imzolab, Navoiy ko‘chasidagi 35-uydagi 40 ta xonadonning bozor narxini baholab berishni so‘ragan.

Xullas, o‘rganishlarimiz asosida bizda Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankning Navoiy ko‘chasi 35-uydagi xonadonlarni sotishi bilan bog‘liq holatga doir qator savollar paydo bo‘ldi:

  1. Nima uchun Milliy bank ko‘p qavatli turarjoylarni baholashni, fuqarolar bir necha bor murojaat qilganlariga qaramay, paysalga solib kelgan?
  2. Vazirlar Mahkamasining 2016 yilda qabul qilingan 611-sonli farmoyishida belgilangan bo‘lsa-da, Milliy bank har bir xonadonda yashab kelayotgan fuqarolar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazib, uylarni ularga sotish chorasini ko‘rish o‘rniga nima uchun baholash firmasiga murojaat qilgan?
  3. Qolaversa, fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining 2017 yil 15 martdagi qarorida ko‘pqavatli uy qabul qilingan 2014 yil 4 avgust sanasi bo‘yicha qayta baholash majburiyati yuklangani, apellyatsiya instansiyasi bu qarorni o‘zgarishsiz qoldirganiga qaramay, uy-joylarni qayta baholashda tushunarsiz sxema qo‘llaganini qanday izohlash mumkin?
  4. Uylarning loyiha qiymati, depozitga olingan pullar so‘mda amalga oshirilgan. Ammo Lider Konsalt Servis MChJ xonadonlar qiymatini baholashda so‘mning dollarga nisbatan kursidan foydalanishi qanchalik to‘g‘ri?

KUN.UZ tahririyati mazkur tushunmovchiliklar yuzasidan Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankidan izoh kutadi hamda fuqarolarning xonadonlarni adolatli qiymatda xarid qilishi bilan bog‘liq muammo o‘zining ijobiy yechimini topishiga umid bildiradi.

YouTube

Tas-IX

Tolib Rahmatov

Mavzuga oid