18:40 / 17.05.2018
210104

Mirziyoyevning AQShga tashrifi kunida rus nashrlarida axborot xuruji. Bundan muddao nima edi?

Ayrim rus ommaviy axborot vositalari 16 may kuni, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQShga rasmiy tashrifini amalga oshirayotgan pallada O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri muovini Abdujabbor Abduvohidovniki deyilgan maktub nusxasini tarqatdi. Unda idora go‘yoki Afg‘onistondagi vaziyat ustidan nazorat yo‘qotilganida AQSh tomonini ayblagan, bu qo‘shni mamlakatlardagi terrorchilik faolligining ortishiga olib kelishi aytilgandi.

«Osiyoda jang yaqinlashmoqda: O‘zbekistonda IShIDning 5000 jangarisi» sarlavhali materialda «ushbu xat ma'lumot sizib chiqishi» tufayli qo‘lga kiritilgani bildirilgan. Qizig‘i shundaki, «xatning sizib chiqishi» O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning AQShga tashrifi chog‘ida sodir bo‘ldi.

Xatning ishonchliligi jiddiy shubha tug‘dirardi. Kun.uz’ning Vazirlar Mahkamasi va Tashqi ishlar vazirligidagi manbalari ham xat soxta ekanligini tasdiqladi.

«Sizga ma'lumki, xalqaro terrorchilik guruhlari jangarilarining Suriya va Iroqdan siqib chiqarilishi Markaziy Osiyo mamlakatlari, shu jumladan O‘zbekiston uchun yoqimsiz elementlar oqimini keltirib chiqardi», - deyiladi 3 may sanasi qo‘yilgan, AQShning Toshkentdagi elchisi Pamela Spratlen nomiga yozilgan maktubda.

Abduvohidov nomidan yozilishicha, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston maxsus xizmatlarining «faol qarshiligi» terrorchilarni «O‘zbekistonni o‘z yo‘nalishining so‘nggi nuqtasi deb hisoblashga majbur qilyapti».

Maktubda O‘zbekiston xalqaro terrorizmning tarqatuvchisi sifatida ko‘rsatilgan. Maktubda Surxondaryo viloyatida terrorchilik tashkilotlarining besh mingga yaqin jangarilari borligini hisoblab chiqqan O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmatining «ma'lumoti»ga havola keltirilgan.

«Bunday vaziyat muqarrar ravishda mintaqadagi vaziyatni beqarorlashtirishga olib keladi va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni ancha qiyinlashtiradi», - deyiladi maktubda.

Abduvohidovning «maktubiga» asoslangan holda, rus matbuoti quyidagi xulosalarni keltiradi:

1. Qo‘shma Shtatlar va O‘zbekiston o‘rtasida xavfsizlik sohasidagi hamkorlik mintaqadagi vaziyatni beqarorlashtirishga olib keladi.

2. O‘zbekiston kuchishlatar tuzilmalari o‘zlariga yaqin bo‘lgan yerdagi terrorchilik faolligiga ko‘z yumishga majbur.

3. Va eng muhimi, mintaqa islomning radikal qarashlari va urush olib borish uchun keng imkoniyatlarga ega bo‘lgan yana bir xalifalikni yaratishga tayyorlanilmoqda.

Tarjimasi:

Hurmatli Favqulodda va Muxtor Elchi xonim, O‘zbekiston hukumati mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirish va rivojlantirish borasidagi sa'y-harakatlaringizni yuksak qadrlaydi. Qo‘shma iqtisodiy loyihalar, ijtimoiy dasturlar, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlik masalalari bo‘yicha hamkorlik O‘zbekistonning kelgusi yillardagi faoliyati va rivojlanishining muhim elementlari hisoblanadi. Biroq, murakkab xalqaro vaziyat va o‘sib borayotgan terrorchilik tahdidi bizning siyosiy va kuch tuzilmalarimizda tashvish uyg‘otmoqda.

Sizga ma'lumki, xalqaro terrorchilik guruhlari jangarining Suriya va Iroqdan siqib chiqarilishi Markaziy Osiyo mamlakatlariga, shu jumladan O‘zbekistonga yoqimsiz unsurlar oqimini keltirib chiqardi.

Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston maxsus xizmatlari tomonidan ularning kirib olishga qarshi faol kurash terrorchilarni mamlakatimizni o‘z yo‘nalishining yakuniy nuqtasi sifatida ko‘rishga majburlamoqda.

Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlarga ko‘ra, hozirgi paytda O‘zbekistonning Surxondaryo viloyati hududida xalqaro terrorchilik tashkilotlarining besh mingga yaqin jangarisi bor.

Shuningdek, Afg‘onistonning Balx viloyatidan qurol-aslaha va giyohvand moddalarni noqonuniy olib o‘tish hollari ko‘paymoqda, kriminogen vaziyat darajasi oshmoqda.

AQSh razvedkasining bu masala bo‘yicha pozitsiyasi bizga ma'lum va ularning chuqur bilimga egaligi bizda shubha uyg‘otmaydi, ammo milliy xavfsizlikka aniq tahdid va uning bevosita bartaraf etila olinmasligi O‘zbekiston rahbariyatining mamlakat ichida va xalqaro miqyosdagi obro‘sini sezilarli darajada yomonlashtirishi mumkin.

Bunday vaziyat muqarrar ravishda mintaqadagi vaziyatni beqarorlashtirishga olib keladi va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni ancha qiyinlashtiradi.

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston hukumati nomidan, xalqaro terrorizmga qarshi birgalikda kurashish masalalari bo‘yicha davlatlarimizning maxsus xizmatlari va huquqni muhofaza qilish organlari bilan o‘zaro hamkorlikning parametrlarini eng yuqori darajada aniqlashtirishingizni so‘rayman. Sizning tushunishingiz va har tomonlama yordamingizga umid qilaman.

Vazir o‘rinbosari Abdujabbor Abduvohidov

Endi xulosalar chiqaramiz.

Birinchidan, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston maxsus xizmatlar tomonidan kirib olishga faol qarshilik terrorchilarni O‘zbekistonni o‘z yo‘nalishlarining so‘nggi nuqtasi deb hisoblashga majburlayotgani nima degani?

O‘zbekiston maxsus xizmatlari terrorizmga qarshi kurashda katta tajribaga ega. Bundan tashqari, O‘zbekistonning tinch aholisi hech qachon mamlakatda ekstremizm va terrorizmga toqat qilmaydi.

Ikkinchidan, hozirgi vaqtda O‘zbekistonning Surxondaryo viloyati hududida xalqaro terrorchilik tashkilotlarining besh mingga yaqin jangarisi borligi ta'kidlanadi.

Tasavvur qiling-a, 5 ming jangari deyarli shundoq ko‘chalarda yuribdi, O‘zbekiston prezidenti esa xotirjam ravishda AQShga jo‘nab ketdi. Mahalliy ommaviy axborot vositalari esa bu haqda umuman jim o‘tiribdi.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, biz Rossiya ommaviy axborot vositalari vakillarini sog‘lom fikrga chaqiramiz va kelajakda O‘zbekistonga qarshi axborot xurujlari bilan shug‘ullanmaslikni so‘raymiz.

Kun.uz eksperti Ulug‘bek Akbarov

Top