16:26 / 25.05.2018
7186

«Buyuk ipak yo‘li» festivali. Sovrindorlarga – 1500 dollardan 3500 dollargacha

Foto: Theoutlook

Vazirlar Mahkamasining 18.05.2018 yildagi 371-son qarori bilan «Buyuk ipak yo‘li» xalqaro folklor musiqa festivalini tashkil etish va o‘tkazish tartibi tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.
 
Festival 2019 yildan boshlab har 2 yilda yoz paytida bo‘lib o‘tadi, uning yakuniy bosqichi Marg‘ilonda (Farg‘ona viloyati) o‘tkaziladi. Festival o‘tkazishning aniq sanasi va muddatini uning tashkiliy qo‘mitasi belgilaydi.
 
Tashkilotchilar – Madaniyat vazirligi hamda Farg‘ona viloyati hokimligi. Festivalda quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha tanlovlar o‘tkaziladi:

• qo‘shiqchilik san'ati (alla, lapar, terma qo‘shiqlari, baxshichilik va boshqalar);
• raqs san'ati (turli hududlarga xos xalq raqslari);
• milliy qadim folklor cholg‘uchilik san'ati.
 
Ishtirokchilar soni folklor va cholg‘u jamoalarida – 12 nafardan, xalq raqsi ansambllarida 14 nafardan oshmasligi lozim.  
 
Festival dasturi 3 bosqichdan iborat bo‘ladi:
 
• festivalning I bosqichi joylardagi hududlarda o‘tkaziladi. Ularning yakunlariga ko‘ra hududiy madaniyat boshqarmalari keyingi bosqichlar uchun ishtirokchilarni tavsiya etadilar. 10 mayga qadar Madaniyat vazirligiga tavsiya etilayotgan ishtirokchiga oid ariza, ijodiy tavsifnoma, shuningdek o‘tkazilgan tadbir haqida bayonnoma, fotosuratlar va videotasvirlar taqdim etiladi; 
• II bosqich Toshkentda iyun oyining ikkinchi yarmida taqdim etilgan materiallar asosida alohida nominatsiyalar bo‘yicha sirtdan tanlov shaklida o‘tkaziladi;
• yakuniy bosqich Marg‘ilonda o‘tkaziladi.
 
Har bir nominatsiya bo‘yicha festival g‘oliblari quyidagi pul mukofotlari bilan taqdirlanadilar:

• 1-o‘rin – 3 500 AQSh dollari;
• 2-o‘rin – 2 500 AQSh dollari;
• 3-o‘rin – 1 500 AQSh dollari.
 
Xorijiy ijrochilar tanlov dasturida II bosqichdan boshlab ishtirok etadilar. Ular tegishli davlat tashkilotlari tomonidan Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi orqali taqdim etiladigan hujjatlar va materiallar asosida ishtirok etadilar. Festival ishtirokchilari vizalarni rasmiylashtirishda konsullik va boshqa yig‘imlardan ozod qilinadilar.  
 
Festival, shu jumladan hay'at a'zolari va festival ishtirokchilarining yashash, ovqatlanish, ichki transport xarajatlari Madaniyat vazirligi va Farg‘ona viloyati mahalliy byudjyeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.     
 
Hujjat 24.05.2018 yildan kuchga kirdi. 

Top