16:25 / 25.05.2018
5815

Cayyor sud: Giyohfurush muqarrar jazosini oldi

Joriy yilning 24 may kuni «O‘rtachirchiq tuman pedagogika va xizmat ko‘rsatish» kolleji binosida korrupsiyaga qarshi kurashish, sud sohasida o‘tkazilayotgan islohotlar, terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashish mavzusida uchrashuv o‘tkazildi. Tadbirda kollej rahbariyati, O‘rtachirchiq tuman sudi, O‘rtachirchiq tuman prokuraturasi, mahalla faollari va talabalar qatnashishdi. Bu haqda KUN.UZ muxbiri xabar bermoqda.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad yig‘ilganlarga 2017-2018 yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish davlat dasturini tushuntirish, terrorizm va diniy ektremizmning naqadar yomon illatligi haqida tushunchalarni berish bo‘ldi. Shu bilan birga fuqarolarga sud sohasida o‘tkazilayotgan islohotlar mohiyati ham tushuntirildi. Shu kuni sayyor sud majlisi ham o‘tkazildi.

Sudya X.X.Xotamov raisligida sudlanuvchi Y.Dehqanbayevga nisbatan jinoyat kodeksining giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash, tashish yoki jo‘natish moddasi bilan jinoyat ishi ko‘rildi.

Sud sudlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalarini eshitib, taraflarning muzokara nutqlarini, sudlanuvchining himoya va oxirgi so‘zlarini tinglab, jinoyat ishi materiallari bilan tanishib, jinoyat ishi materiallarini har tomonlama to‘la va xolisona tekshirib chiqdi.

Y.Dehqanbayev ushbu jinoyatni qilganlikda aybdor, deb topildi. Unga nisbatan ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Hukmdan norozi taraflarga tegishli muddatlarda apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida yuqori turuvchi sudga shikoyat qilish yoki protest bildirish huquqi mavjudligi tushuntirildi.

Top