13:18 / 09.10.2018
7115

Avtoulovning bo‘sh yukxonasiga rangli metall parchalari yashirilganligi aniqlandi 

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda Samarqand viloyati Toyloq tumanida tezkor tadbir o‘tkazildi, deb xabar berdi Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati.

“Tadbir davomida “Qashqadaryo-Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanayotgan fuqaro S.N. boshqaruvidagi “Kamaz-5320” rusumli avtomashina Qashqadaryodan Toshkent shahriga bo‘sh holda yo‘l olganligi qonun himoyachilariga shubhali tuyuldi. Boz ustiga avtomashina yukxonasining ichki ko‘rinishi biroz tor edi”, deyiladi xabarda. 

Bojxona xodimlari xolislar ishtirokida avtomashina yukxonasini tekshirishganda, maxsus tayyorlangan yog‘och taxtalar ortida 80 ta polietilen qoplarda 4 tonnadan ortiq rangli metall parchalari borligi aniqlandi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Natijada, fuqaro S.N. yashirincha salkam 18 mln so‘mlik 1897 kg mis va 2617 kg rux metall parchalarini noqonuniy olib ketayotgani ma'lum bo‘ldi. Holat yuzasidan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, rangli metall parchalari “O‘zikkilamchiranglimetall” AJ Samarqand filialiga topshirildi. 

Mazkur holat yuzasidan hozirda Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Rangli va qora metallar parchalari, chiqindilari bilan ishlash tartibini takomillashtirish  chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan jismoniy shaxslar ham metall parchalarini erkin narxlarda “O‘zmetkombinat” va “O‘zikkilamchiranglimetall” aksionerlik jamiyatlariga topshirishlari mumkin.

Shuningdek, rangli metallar, ularning parcha va rezgi-chiqitlarini tayyorlash, olish, ulardan foydalanish hamda ularni o‘tkazish qoidalarini buzish amaldagi qonunchilikka ko‘ra, ma'muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Top