17:51 / 14.12.2018
9962

Fozil Musayev: «Raqobatdan cho‘chimayman»

Foto: Getty Images/Takashi Aoyama

O‘zbekiston terma jamoasining Turkiyadagi yig‘iniga jalb qilingan futbolchilardan biri, Yaponiyaning «Jubilo Ivata» klubi a'zosi Fozil Musayev O‘FA matbuot xizmati bilan suhbatda jarohati, Kuper qo‘lostidagi ilk yig‘in, bo‘lajak Osiyo Kubogi va u yerdagi raqiblar haqida fikr bildirdi.

Jarohatidan sog‘aygani haqida

«Jarohatim tufayli uzoq muddat futbol o‘ynay olmadim. Murakkab tiklanish jarayonini boshdan kechirdim. Lekin bunday holatlar har bir futbolchining qismatida bor. Endilikda hammasi ortda qoldi. Hozirda o‘zimni yaxshi his qilyapman. Klubim tarkibida so‘nggi uchta o‘yinda qatnashdim. Ikkitasida zaxiradan maydonga tushgan bo‘lsam, bitta o‘yinni to‘liq o‘tkazdim. Kelajakka katta umidlar bilan qarayapman».

Terma jamoaga chaqirilishi

«Ektor Kuper boshchiligidagi terma jamoamiz yig‘iniga ilk bor taklif oldim. Bor kuch va mahoratimni namoyish qilib, murabbiyning ishonchini oqlashga harakat qilmoqchiman. Har bir murabbiyning o‘z taktikasi va o‘yin uslubi bor. Yig‘in davomida Kuper mendan nima talab qilayotganini anglab, uning ko‘rsatmalarini to‘liq bajarishga harakat qilmoqchiman».

Terma jamoadagi raqobat

«Milliy terma jamoamizda eng kuchli chiziq aynan men to‘p suradigan yarim himoya chizig‘i. Bu chiziqda raqobat juda kuchli. Ammo men raqobatdan cho‘chimayman. Raqobatning bo‘lgani yaxshi. Birinchi navbatda O‘zbekiston terma jamoasi uchun bu foydali. Qolaversa, futbolchilar ham o‘z o‘stida ko‘proq ishlashlariga to‘g‘ri keladi».

Osiyo Kubogi haqida

«Hozirda butun dunyoda, shu jumladan, Osiyoda ham barcha terma jamoalar kuchayishgan. Avvalgidek, osonlikcha mag‘lub etsa bo‘ladigan jamoalar qolmagan. Birlashgan Arab Amirliklaridagi bo‘lajak Osiyo Kubogiga barcha katta maqsadlar bilan tayyorgarlik ko‘ryapti. G‘oliblik uchun qattiq kurash kechadi. Agar astoyidil mehnat qilib, yaxshi tayyorgarlik ko‘rsak, mening fikrimcha, Osiyo Kubogida muvaffaqiyat qozona olamiz. Buning uchun bizda barcha narsa bor. Faqat murabbiyning aqlli taktikalaridan tashqari, futbolchilarning o‘zida ham ishtiyoq yuqori bo‘lishi kerak. Futbolchilarning o‘zlari ham g‘alaba uchun borlarini berib o‘ynashlari zarur. Aks holda, murabbiy qanchalik kuchli bo‘lmasin, natijaga erishish qiyin».
 
Guruhdagi raqiblar

«Osiyo Kubogidagi guruhimiz ancha kuchli. Yaponiya butun musobaqaning favoriti hisoblanadi. Men Yaponiyadaligimda ularning tayyorgarlik jarayonlari bilan yaqindan tanishdim. Aytish kerakki, o‘z tarixlarida 5-marta Osiyo Kubogini qo‘lga kiritishga astoydil harakat qilishmoqda. Yaponiya terma jamoasi bosh murabbiyining intervyusini ham ko‘rdim. Butun fikr-u xayoli BAAdagi musobaqada g‘alaba qozonishga qaratilgan. Shunday bo‘lsa-da, biz ularga munosib qarshilik ko‘rsata olamiz, deb o‘ylayman. Agar birgalikda bir maqsad yo‘lida birlashsak, albatta natijaga erishamiz».

Ma'lumot uchunMusayevning klubi «Jubilo Ivata» Jyey-liganing 2018 yilgi mavsumida 18 jamoa orasidan 16-o‘rinni egalladi.

Xuddi jamoasi kabi Musayev uchun ham bu mavsum omadli kelgani yo‘q: u 6 o‘yinda maydonga tushib, 1ta gol muallifi bo‘ldi. 2017 yilda esa u 31ta o‘yin o‘tkazib, ularning barchasida asosiy tarkibda bo‘lgan va 4ta gol urishga erishgan edi.

Fozil 2 yanvar kuni 30 yoshini qarshi oladi.

Top