Jamiyat | 16:10 / 07.06.2019
252572
14 daqiqa o‘qiladi

«Boriga baraka» ko‘rsatuvi qonuniymi?

So‘nggi paytlarda zangori ekran orqali katta yutuqlar o‘rtaga «tikilgan» va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar juda ommalashdi. Bunday azart o‘yinlar epoxasini shubhasiz «Zo‘rTV» telekanali o‘zining «Boriga baraka» ko‘rsatuvi orqali boshlab berdi. Mazkur ko‘rsatuv qisqa fursatda katta mashhurlikka erishdi, millionlab auditoriya yig‘a oldi. Chunki osongina mashina yoki kvartira yutib olishni kim ham istamaydi deysiz.

Azaldan reytingi baland ko‘rsatuvlarning «oshiqlari» ko‘p bo‘ladi. Birozdan keyin xuddi shunday formatdagi o‘yinlar boshqa telekanallarda ham paydo bo‘ldi. Xususan, «MY5» kanalida «Omad shou», «Mahalla» telekanalida «Kafil shou» kabi ko‘rsatuvlar dunyo yuzini ko‘rdi. Qatordan quruq qolmaylik deb, «MilliyTV» ham «Millioner shou» va «Oltin kalit» degan dasturlarni boshladi.

Xullas, kun sayin oynai jahon mana shunday tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarga to‘lib-toshmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda esa deyarli har kuni bu kabi ko‘rsatuvlar halolmi yoki yo‘q, degan savollarni uchratamiz. Bu kabi savollar asosan diniy xarakterda bo‘lib, javoblar ham diniy manbalar asosida berilmoqda.

Ammo O‘zbekiston dunyoviy davlat, har kimning vijdon erkinligi kafolatlanadi. Shunday ekan, quyidagi savolga ham javob izlab ko‘rish maqsadga muvofiq: «bu kabi shoular qonuniymi?».

Xo‘sh, aslida bunday o‘yinlar qay darajada qonunchiligimizga to‘g‘ri keladi? Ushbu maqolada shu haqida suhbatlashamiz. Aniqrog‘i, bugun asosan «Boriga baraka» ko‘rsatuviga ko‘proq to‘xtalamiz, chunki buning o‘ziga xos sabablari bor.

Keling, avvalo gapni 12 yil ortga qaytgan holda boshlasak.

Qimorga qarshi kurash tarixi

2007 yil 28 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Qimor o‘yinlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq noqonuniy faoliyatning oldini olish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-608-sonli qarori qabul qilinadi. Qarorda qimor o‘yinlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish, qimor biznesi rivojlanishining salbiy oqibatlaridan ogohlantirish masalalari dolzarb ahamiyatga egaligi ta'kidlanadi hamda mutasaddilarga bu bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish vazifasi yuklanadi.

Oradan ko‘p o‘tmay, aniqrog‘i 2007 yil 16 avgust kuni Vazirlar Mahkamasining «Qimor o‘yinlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 176-sonli qarori qabul qilinadi.

Qarorga binoan, 2007 yil 1 sentyabrdan boshlab quyidagilar taqiqlanadi:

  • O‘zbekiston hududida qimor o‘yinlarini va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni (shu jumladan totalizatorlar) tashkil etish va o‘tkazish (tirajli, bir lahzali va raqamli lotereyalardan tashqari);
  • qimor o‘yinlarini va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazish uchun telekommunikatsiya tarmoqlarida, shu jumladan Internet butunjahon axborot tarmog‘i provayderlari tomonidan xizmatlar ko‘rsatish;
  • O‘zbekiston hududiga pul yutug‘iga ega bo‘lgan o‘yin avtomatlarini olib kirish.

Oradan 2 hafta o‘tib, 2007 yil 14 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasining «Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazishni tartibga solish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonuni qabul qilinadi. Ayni shu qonun qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarga qarshi kurashga mantiqiy yakun yasab beradi.

Qonunga ko‘ra, Jinoyat va Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarga nisbatan javobgarlik joriy qilinadi.

Shuningdek, o‘sha qonun bilan Jinoyat kodeksining 8-bo‘limiga ushbu xatti-harakatlarga quyidagicha ta'rif kiritilgan:

«Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yin — o‘yin tashkilotchisi (o‘yin muassasasi) tomonidan bir yoki undan ortiq ishtirokchilar bilan tasodifga (voqeaga) va (yoki) o‘yin ishtirokchisining qobiliyati, epchilligi va boshqa sifatlariga bog‘liq yutuq to‘g‘risida tuzilgan, tavakkalchilikka asoslangan bitimga muvofiq o‘yin tashkilotchilari va ishtirokchilarining xatti-harakatlari majmuini nazarda tutuvchi o‘yin, shu jumladan totalizatorlar, kazino, shuningdek o‘yin avtomatlaridan foydalaniladigan o‘yin».

Tavakkal ustiga qurilgan tizim

Qisqacha tarix mana shu. Bu gaplarni televideniye orqali berilayotgan ko‘rsatuvlarga nima aloqasi bor, deya hayron bo‘layotgandirsiz?

Ko‘pchilik huquqshunoslarning fikriga ko‘ra, bu kabi ko‘rsatuvlarda tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarning unsurlari mavjud.

Chunki mazkur ko‘rsatuvlar boshdan oyoq, ya'ni toki ushbu ko‘rsatuvda qatnashish huquqini qo‘lga kiritishdan tortib, unda biror yutuq yutishgacha bo‘lgan jarayonning barchasi tavakkalchilikka asoslangan. Ayniqsa, yuqorida ta'kidlaganimizdek, «Boriga baraka» ko‘rsatuvi shu tipdagi qolgan ko‘rsatuvlardan 2ta jihati bilan yaqqol ajralib turadi. Eng qizig‘i ushbu 2ta unsurning biri ularni oqlash uchun asos bo‘ladi, ikkinchisi esa aksincha. Bir boshidan tushuntiramiz.

Ko‘rsatuvda qatnashish tartibi qanday?

«Boriga baraka» ko‘rsatuvida ishtirok etish uchun nima qilish kerak? Buning bir nechta yo‘llari bor:

1) Click orqali 5 ming so‘m to‘lov qilish;

2) Paynet orqali 5 ming so‘m to‘lov qilish;

3) Crafers do‘konlaridan shirinlik xarid qilish;

4) Atlas savdo markazlarida biron narsa xarid qilish;

5) Lada markazlariga tashrif buyurish va bepul kupon to‘ldirish (taxminimizcha bugungi kunda Lada ko‘rsatuvga homiylik qilishni to‘xtatgani sababli bu usuldan foydalanilmayapti).

Shu ishlardan birortasini bajarsangiz, o‘yinda qatnashish huquqi kafolatlanganmi? Yo‘q. Xohlovchilar yuz minglab bo‘lsa kerak, lekin har hafta maksimum 5 nafar ishtirokchi asosiy o‘yinda qatnasha oladi.

Yuz minglab odamlar orasida omadli 5 kishi qanday tanlab olinadi? Ha, juda to‘g‘ri topdingiz – tavakkalchilikka asoslangan holda! Ya'ni kompyuter bazaga kiritilgan raqamlarni tavakkalchilik asosida tanlab beradi.

Ishtirokchi tanlandi ham deylik. U o‘yinda qanday g‘alaba qozonishi mumkin? Ha, barakalla, bu safar ham to‘g‘ri topdingiz – tavakkalchilikka asoslangan holda! Ya'ni ishtirokchining nima yutishi faqat va faqat tavakkalchilikka asoslangan.

Ushbu jihatlar mazkur ko‘rsatuvlarni tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar sifatida baholash uchun yetarli emasmi?

Endi yuqoridagi alohida 2ta jihatga to‘xtalamiz. Avval ijobiysidan boshlaymiz.

«Boriga baraka» bepul ishtirok etish mumkin bo‘lgan yagona ko‘rsatuv (edi)

Faqat ushbu ko‘rsatuvda qolganlaridan farqli o‘laroq, hech qanday moddiy xarajat qilmasdan ishtirok etish imkoniyati ham bor edi. Ya'ni «Lada» markazlariga borib, kupon to‘ldirsangiz kifoya bo‘lardi. Biror narsa sotib olishingiz shart emas. Bu nazariy jihatdan ko‘rsatuvda mutlaqo bepul ishtirok etish imkoniyati borligini anglatardi («Lada» markaziga borishdagi transport xarajatlarini hisobga olmaganda).

Qolgan ko‘rsatuvlarning birortasida bunday imkoniyat mavjud emas. Ishtirokchilardan albatta u yoki bu ko‘rinishda xarajat qilishi talab etiladi. Qonunchilikka binoan, qatnashish uchun hech qanday moddiy xarajat talab etilmaydigan o‘yinlar qimor yoki tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar sifatida baholanmaydi.

«Boriga baraka» qonuniy tomondan ham qimorga oid unsurlarga ega

Endi tanganing ikkinchi tomoniga o‘tamiz. «Boriga baraka» dasturi shu yo‘nalishdagi barcha ko‘rsatuvlar orasida qimorga xos eng ko‘p elementga ega o‘yin hisoblanadi.

Chunki o‘z navbatida faqat ushbu ko‘rsatuvdagina ishtirokchi bo‘lish uchun Click va Paynet orqali alohida 5 ming so‘mlik to‘lov ham joriy qilingan. Qolgan ko‘rsatuvlar (shu jumladan «Boriga baraka»ning o‘zida ham) qatnashish uchun biror mahsulot (xizmat) sotib olish talab etiladi. U yoki ichimlik, yoki shirinlik sotib olish, yoki sug‘urta kompaniyasi xizmatidan foydalanish bo‘lishi mumkin.

Ya'ni nazariy jihatdan ko‘rsatuvda qatnasha olmasangiz ham, pulingizga kuyib qolmaysiz (SMS tarzida yuborilganda ushlab qolinadigan 70-80 so‘mni hisobga olmaganda). Sarflagan xarajatingiz evaziga biror mahsulot olgan bo‘lasiz. Ko‘rsatuvda chiqish esa go‘yoki Sizga iste'molchi sifatida bonus ko‘rinishida taqdim etiladi.

Muayyan tovarlar va xizmatlar iste'molchilari o‘rtasida sotuvlarni rag‘batlantirish maqsadida, o‘yinda qatnashganlik uchun qo‘shimcha haq undirilmasdan o‘tkaziladigan pul-buyum yutuqlari o‘yinlarini to‘g‘ri tushunish mumkin, chunki bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – tovar yoki xizmatlarni reklama qilishdir. Faqat eng asosiysi ushbu aksiya qonunchilik talablariga rioya qilgan holda o‘tkazilishi va aksiya davomida mahsulot (xizmat)ning narxi avvalgidan sun'iy ko‘tarilmasligi shart.

Ammo «Boriga baraka» ko‘rsatuvi Click va Paynet orqali qabul qilayotgan 5 ming so‘mlik to‘lov evaziga fuqarolar hech narsa olishmaydi. Ularga hech qanday xizmat ko‘rsatilmaydi, hech qanday mahsulot berilmaydi. Agar omadi kelmasa, 10, 20, hatto 30 marta to‘lov qilganlar ham puliga shunchaki kuyib qolaverishadi. Puliga kuyib qolayotgan insonlarning soni minglab, ularning yo‘qotgan mablag‘lari esa, jami yuz millionlab summani tashkil qilish ehtimoli ham yo‘q emas.

Aynan mana shu qimorning asosiy belgisidir. Tag‘in buni diniy atama bilan adashtirmang, biz qonunlar bilan taqiqlangan qimorni nazarda tutyapmiz.

Qanday jazo belgilangan?

O‘zbekistonda qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil qilish taqiqlanganini bilib oldik, endi bunday xatti-harakatlar uchun qanday jazo berilishini ham aytib ketsak maqsadga muvofiq.

Bunday o‘yinlarni tashkil qilganlik uchun Jinoyat kodeksining 278-moddasiga binoan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.

Unga ko‘ra, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish yoki o‘tkazish yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Xulosa

Ishonamizki, mazkur masalaga o‘yin tashkilotchilari va tegishli mutasaddi tashkilotlar o‘z e'tiborini qaratishadi.

Ushbu maqolada faqat «Boriga baraka» dasturi haqida gapirganimiz aslo noxolislik sifatida ko‘rilmasligi kerak. Chunki qimor unsuri mavjudligi ehtimoli yuqori bo‘lgan ko‘rsatuv aynan mana shu. Qolganlarini ham xato va kamchiliklardan xoli, bemalol ishonsa bo‘ladigan shou demoqchi emasmiz. Qonun hujjatlariga ko‘ra, qolgan ko‘rsatuvlardagi shubhali holatlar haqida alohida maqola qilish niyatimiz ham yo‘q emas.

Masalan, birgina holatni olaylik. «Kafil shou» dasturida 200ta mashina (Spark, Cobalt va Tracker) yutuqqa qo‘yilgani haqida aytilmoqda. Bu taxminan o‘rtacha 15-20 mlrd so‘m bo‘ladi degani. AQSh dollariga o‘girganda o‘rtacha 2 mln dollar atrofida bo‘ladi.

Endi sog‘lom aql bilan ayting-chi, sug‘urta bozori rivojlanmagan bir paytda kompaniya bosh sovrinning o‘ziga 2 mln dollar xarajat qilishiga ishonasizmi? Hali tashkiliy jarayonlar, TV xarajatlari va mayda yutuqlarni hisobga olmaganda. Shaxsan men ishonmayman.

Buning nimasi shubhali deysizmi? Masalan, «Kafil» sug‘urta kompaniyasi saytida quyidagi yozuvga duch keldik:

«Shou-dasturda ishtirokchilar tomonidan o‘ynaladigan sovg‘alar soni va ularning tarkibi vaziyatga qarab o‘zgartirilishi mumkin»

Demak, nazariy jihatdan tashkilotchilar istalgan payti 200ta mashina sovrinini bekor qilib, bundan keyin yutuqqa faqat dazmol qo‘yiladi, deyishi ham mumkin. Mana shu omillar ham berilayotgan va'dalarning qay darajada haqiqat ekanligiga kishida shubha uyg‘otadi.

Gapning indallosini aytganda, agar ushbu ko‘rsatuvlar haqiqatdan qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yin deb topilsa, unda tegishli choralar ko‘rilishi, aksincha, bunday deb topilmasa, unda qaysi asoslarga ko‘ra, shunday mazmundagi xulosaga kelinganini keng jamoatchilikka ma'lum qilishlarini so‘rab qolamiz.

Huquqshunos Dilshod Abduqodirov

Tahririyatdan: Mazkur maqolada ta'kidlangan fikrlar yuzasidan har qanday munosabatni Kun.uz sayti orqali e'lon qilishga, ochiq muloqotga tayyormiz. Asosiysi qonun ustuvorligi ta'minlansa, aholidagi shubha va gumonlarga yechim topilsa bo‘ldi.

Mavzuga oid