O‘zbekiston | 17:20 / 02.07.2019
25418
3 daqiqa o‘qiladi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida dastlabki imtihon o‘tkazish tartibi to‘g‘risida ma’lumot berildi

Foto: KUN.UZ

Tashqi ishlar vazirligi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) bakalavriat yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilishda dastlabki imtihonni o‘tkazish tartibi to‘g‘risida ma’lumot berdi

Qayd etilishicha, 2019-2020-o‘quv yili JIDU bakalavriat yo‘nalishlariga o‘qishga qabul qilishda dastlabki imtihon joriy yilning 30 iyunidan 2 iyuligacha o‘tkazilmoqda hamda qo‘shimcha ravishda 8 iyulda o‘tkaziladi. Dastlabki imtihon yozma shaklda o‘tkaziladi va quyidagilarni belgilovchi savollarning uch blokidan iborat bo‘ladi:

1. Intellektual daraja (kompyuterda test sinovlari, 40 ball), mantiqiy va keng fikrlash, turli tushunchalar, faktlarni taqqoslash hamda ularning o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni topish;

2. Ona tilini bilish darajasi (30 ball), o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari (akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari), shuningdek, umumta’lim maktablari (11-sinf bazasida) dasturlariga kiritilgan O‘zbekiston madaniyati, san’ati, tarixi, geografiyasiga taalluqli va boshqa masalalar yuzasidan savodli va asosli tushuntirish qobilyati;

3. Xorijiy tillarni (ingliz, fransuz va nemis tillari) bilish darajasi (30 ball), O‘zbekiston madaniyati, san’ati, tarixi, geografiyasiga taalluqli va boshqa sohalarga oid masalalar yuzasidan savodli va asosli tushuntirish qobilyati. Bunda, xorijiy tillar bo‘yicha yetakchi xalqaro baholash tizimlarining amaldagi sertifikatlariga, shu jumladan, IELTS bo‘yicha kamida 5,5 ball, TOEFL iBT bo‘yicha kamida 61 ball bilim darajasi ko‘rsatkichi bilan xalqaro sertifikatlarga, shuningdek, test DaF, GOETHE sertifikati, DELF sertifikati imtihonlaridan CEFR uslubi bo‘yicha B2 minimal darajasiga, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Ta’lim muassasalarida chet tillarini o‘qitishning sifatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017 yil 11-avgustdagi 610-son qarori talablariga muvofiq sertifikatlarga ega bo‘lgan abituriyentlarga ushbu savollar bloki bo‘yicha maksimal ball beriladi.

Dastlabki imtihonning maksimal ballari miqdori 100 ballni tashkil etadi. Abituriyent kirish test sinovlariga ruxsat berilishi uchun biletdagi barcha savollar bo‘yicha umumiy ballar miqdorining kamida 50 foizini to‘plashi zarur.

Dastlabki imtihon uchun ajratilgan vaqt, shu jumladan tashkiliy qism va ishlarni topshirish vaqti 3 soatni tashkil qiladi.

Abituriyent auditoriyaga qabul komissiyasining mas’ul shaxsi tomonidan taklif etiladi. Bunda abituriyent o‘z pasportini (16 yoshga to‘lmagan shaxslar tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani) taqdim etishi shart.

Dastlabki imtihon natijalari e’lon qilinganidan so‘ng bir kundan kechikmagan holda ularni qayta ko‘rib chiqish uchun murojaat qilinishi mumkin.

Dastlabki imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan abituriyentlarga kirish test sinovlarini universitet bakalavriatiga o‘qishga kirish uchun belgilangan tartibda topshirishga ruxsat etiladi.

Mavzuga oid