O‘zbekiston | 21:50 / 23.08.2019
75666
10 daqiqa o‘qiladi

«Maktablar uchun mablag‘ni ayamaymiz» - Prezident ta'lim masalalariga bag‘ishlangan videoselektor o‘tkazdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 23 avgust kuni xalq ta'limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma'naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

«Davlatimiz rahbari prezidentlik faoliyatining dastlabki kunlaridan boshlab yurtimizda innovatsion va kreativ fikrlaydigan, zamonaviy kadrlar tayyorlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida, yuksak ma'naviyat egalari etib tarbiyalash, shu maqsadda ta'lim tizimini takomillashtirish masalalariga alohida e'tibor qaratib kelmoqda.

Prezidentimiz yig‘ilishda maktab ta'limi tizimini isloh qilish bo‘yicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, bu borada oldimizda turgan dolzarb vazifalar haqida fikr yuritar ekan, ulug‘ ma'rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiyning «Dunyo imoratlari ichida eng ulug‘i maktabdir» degan fikrini alohida ta'kidlab, bu masalaning mohiyati va ahamiyatiga atroflicha to‘xtalib o‘tdi.

Haqiqatan ham, jahondagi rivojlangan davlatlar tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ularda jamiyat hayotini o‘zgartirishga qaratilgan islohotlar avvalo ta'lim tizimidan, bog‘cha, maktab, tarbiya masalasidan boshlanganini ko‘ramiz. Chunki maktabni o‘zgartirmasdan turib, odamni, jamiyatni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Ta'lim va tarbiyaning asosi, poydevori bu – maktab. Maktabni maktab qiladigan kuch esa o‘qituvchilardir.

Ma'lumki, murakkab o‘tish yillarida maktablardagi ma'naviy-ma'rifiy muhit, o‘qituvchi kasbining obro‘yi, nufuzi pasayib ketgani, yangi davr pedagoglarini tarbiyalash, pedagogika fanini rivojlantirish, innovatsion ta'lim texnologiyalarini joriy etishga yetarli e'tibor berilmagani sohada bir qator jiddiy muammolarni keltirib chiqardi. 

Keyingi yillarda ana shu muammolarni samarali hal etish, kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha mamlakatimizda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz tomonidan xalq ta'limi tizimiga oid 6ta farmon va qaror, Vazirlar Mahkamasining 21ta qarori qabul qilinib, bu sohadagi islohotlarning huquqiy-me'yoriy asoslari mustahkamlandi.

Ota-onalar, jamoatchilikning istaklari inobatga olinib, yurtimizda 11 yillik maktab ta'limi tizimi tiklandi. So‘nggi uch yilda yurtimizda 157ta umumta'lim maktabi yangidan qurildi. 

Ulug‘ allomalarimiz – Mirzo Ulug‘bek va Muhammad Xorazmiy nomidagi iqtidorli bolalar maktablari, Hamid Olimjon va Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ibroyim Yusupov, Ishoqxon Ibrat, Muhammad Yusuf, Halima Xudoyberdiyeva nomlari bilan atalgan ijod maktablari, «Temurbeklar maktabi», Prezident maktablari, xususiy maktablar singari yangi va zamonaviy namunadagi ta'lim dargohlari tashkil etilgani yurtimiz farzandlari uchun ta'lim-tarbiya olish borasida yangi imkoniyatlar ochib bermoqda. 

Ta'lim-tarbiya ishlarini samarali olib borishda erkak o‘qituvchilarning alohida o‘rni va ta'siri borligi hisobga olinib, ko‘rilgan aniq chora-tadbirlar natijasida xalq ta'limi tizimiga 12 ming 871 nafar erkak o‘qituvchi qaytdi. 

Pedagog xodimlar mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha katta ishlar qilinmoqda. Oxirgi 3 yilda o‘qituvchilarning ish haqi o‘rtacha 2,5 barobar oshirildi. Uzoq tumanlarga borib ishlayotgan pedagog kadrlar mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha aniq mezonlar belgilandi. Ularga 50 foizgacha qo‘shimcha oylik ustamalar to‘lanmoqda. Bu olis hududlarda yetishmayotgan mingdan ziyod o‘qituvchini jalb etish imkonini berdi. Nafaqa yoshida faoliyatini davom ettirayotgan o‘qituvchilarga pensiyasi to‘liq miqdorda berilmoqda», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida

«Hurmatli muallimlarimiz, jonkuyar maktab direktorlarini, soha faxriylarini el-yurtimizning tayanchi va suyanchi, deb bilamiz. Maktablar tizimini rivojlantirish uchun bundan buyon ham mablag‘ni, imkoniyatni aslo ayamaymiz. Kelajak avlodimiz taqdiri, butun millatimiz, xalqimiz, davlatimiz taqdiri muhtaram muallimlarga bog‘liq», deydi prezident. 

Ammo amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarga qaramasdan, ta'lim tizimida hamon tizimli muammolar borligi, maktablarning moddiy-texnik bazasi, ayrim pedagog xodimlarning bilim va malakasi bugungi zamon talablariga javob bermasligi yig‘ilishda tanqid qilib o‘tildi.  

Ta'lim-tarbiya sohasida zamonaviy va oqilona tizim yaratish, o‘qitish metodlari, ta'lim standartlari, darslik va o‘quv qo‘llanmalarini yangilash zarurligi, bilim berishda chet eldagi ilg‘or tajribalardan foydalanish, tarbiyada esa milliy an'ana va qadriyatlarga suyanish muhimligi qayd etildi. 

Davlatimiz rahbari «Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari» degan tamoyilga asoslangan holda, milliy g‘oya va uning mafkuraviy negizlarini puxta ishlab chiqish, yosh avlodni bolalikdan milliy g‘urur va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash dolzarb ahamiyatga ega ekanini ta'kidladi. 

Maktablardagi kamchiliklarni tuzatish, ta'lim sifatini nazorat qilish uchun ota-onalar, keng jamoatchilikning ishtiroki zarurligiga alohida e'tibor qaratildi. 

«Maktab bu hayot-mamot masalasi, kelajak masalasi. Uni davlat, hukumat va hokimlarning o‘zi hal qilolmaydi. Bu butun jamiyatning ishi, burchiga aylanishi kerak», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Videoselektorda xalq ta'limi tizimini tubdan takomillashtirish, muammolarni kompleks hal qilish masalalari chuqur tahlil qilinib, kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 29 apreldagi farmoniga muvofiq, Xalq ta'limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Unda 48 ta maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish bo‘yicha aniq mexanizmlar belgilandi.

Masalan, 2030 yilga borib o‘quvchilar bilimini baholash bo‘yicha PISA xalqaro dasturi reytingida O‘zbekistonning jahondagi yetakchi 30 ta mamlakat qatoridan joy egallashi maqsad qilib qo‘yilgan. 

Davlatimiz rahbari o‘qituvchining maqomi va nufuzini oshirish, huquqlari va imtiyozlarini kengaytirish masalalariga alohida e'tibor qaratdi. 

«Maktab o‘qituvchisini moddiy rag‘batlantirmasak, uning hayot sifati darajasini oshirmasak, islohot, natija haqida gapira olmaymiz», dedi Prezident. 

Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasi, Moliya va Xalq ta'limi vazirliklariga 2020 yilda xalq ta'limi xodimlari oylik ish haqini oshirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. Uzoq qishloqlardagi maktablarga o‘qituvchilarni jalb etishni yanada rag‘batlantirish uchun ularga uy-joylar, avtotransport uchun kreditlar berish ham ko‘zda tutilgan.

Bu ishlar davlatimiz tomonidan izchil davom ettiriladi. Lekin bu – masalaning bir tomoni. Ikkinchi tomondan, o‘qituvchi va murabbiylarning o‘zi ham bilim va saviyasini oshirish, jamoat ishlarida faol ishtirok etish, halol mehnati va tashabbuskorligi bilan bu kasbning obro‘sini oshirishi kerakligiga urg‘u berildi. 

Nizomiy nomidagi universitet, hududlarda 6 ta pedagogika institutlari mavjud. Respublika ta'lim markazi, Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta'limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti, viloyatlarda ham shunday institutlar bor. Lekin o‘quv-tarbiya jarayonini takomillashtirish, o‘qituvchilarning bilim va saviyasini yuksaltirishda, afsuski, ularning o‘rni sezilmayapti.  

Yig‘ilishda pedagogika yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlari faoliyatini tanqidiy o‘rganib, takomillashtirish, ularni eng nufuzli ta'lim muassasalariga aylantirish, pedagoglikka moyilligi bo‘lgan yoshlarni maqsadli tarbiyalab borish bo‘yicha vazifalar belgilandi. 

Prezident maktablari va ijod maktablari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning samaradorligini ta'minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzurida alohida tuzilma tashkil etilishi ma'lum qilindi.

Maktablardagi ma'naviy-tarbiyaviy ishlarni yangicha asosda tashkil etish, «Milliy g‘oya», «Odobnoma», «Dinlar tarixi», «Vatan tuyg‘usi» kabi fanlarni birlashtirgan holda, yagona «Tarbiya» fanini joriy qilish zarurligi qayd etildi. Maktablarga buyuk allomalar, davlat va siyosat arboblari, mashhur sarkarda ajdodlarimizning nomlarini berish muhimligi ta'kidlandi.

Oiladagi ta'lim-tarbiya muhiti, ota-onalarning mas'uliyati va o‘qituvchilar bilan hamkorligi masalalariga ham e'tibor qaratildi.  

Maktab hayoti, fidoyi o‘qituvchilar haqida badiiy va hujjatli filmlar, spektakl va videoroliklar yaratish bo‘yicha tavsiyalar berildi. 

«Moddiy va ma'naviy hayotni uyg‘un rivojlantirishimiz kerak. Maktab bu borada asosiy bo‘g‘in bo‘lishi lozim. Maktab ta'limini rivojlantirish biz uchun buyuk umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga aylanishi zarur», deb uqtirib o‘tdi davlatimiz rahbari. 

Yig‘ilishda ishtirok etgan rahbar va mutasaddilar, ta'lim sohasida faoliyat yuritayotgan tajribali va fidoyi muallimlar, ziyolilar, mahalla faollari muhokama qilingan masalalar yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirdilar.

Mavzuga oid