10:27 / 30.11.2019
3
8302

Tanzila Norboyeva: «Jurnalistlar bilan muloqotni odat qilishimiz, etika qoidalariga qat'iy amal qilishimiz zarur»

Foto: KUN.UZ

Toshkent shahrida Oliy Majlis Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. 

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Senat raisi Tanzila Norboyeva o‘z kirish so‘zida rahbarlarning xalq uchun ochiqligi, jamiyatning barcha sohalarida ochiqlik – bugungi kun talabi ekanini aytib o‘tdi.

«Dunyo bugun O‘zbekistonni qayta kashf qilmoqda, ayrim muammoli masalalar yuzasidan davlatlar o‘rtasidagi reytinglarda mamlakatimiz pozitsiyasi yaxshilanmoqda.

Mamlakatni yanada rivojlantirish bizdan yangicha yondashuvlarni, birinchi navbatda – hokimiyat faoliyatining shaffofligini, oshkoraligini talab qilmoqda.

Rahbarlarning xalq uchun ochiqligi, jamiyatimizning barcha sohalarida ochiqlik – bugungi kun talabi. Boshqa yo‘limiz yo‘q va bunga ko‘nikib, ishimizni qayta ko‘rib chiqishimiz kerak.

Bugun biz odamlar bilan kundalik muloqot qilib, ularning muammolarini shunchaki tinglashimiz emas, balki diqqat bilan quloq tutib, ularni tezlik bilan hal qilishimiz kerak.

Shu o‘rinda aholini uy-joy bilan ta'minlash masalasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan selektor majlisida davlatimiz rahbari eskicha boshqaruv usullaridan qat'iy voz kechishimiz, demokratik rivojlanayotgan bugungi davrga mos bo‘lishimiz kerakligiga yana bir bora urg‘u berdilar.

Bizning avvalgi yopiqligimiz, odamlar bilan, ayniqsa OAV vakillari bilan muloqotga chiqmasligimiz, korrupsiya holatlari hayotimizdan umuman chiqib ketishi kerak. 

O‘zingiz o‘ylang, hududlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlariga birgina qo‘pol harakatimiz, nojo‘ya gaplarimiz bilan qanchalik dog‘ tushirishimiz mumkin.

Davlatimiz rahbari OAV islohotlardagi alohida o‘rni borligini ham to‘g‘ri ta'kidlab o‘tdilar. Bugun jurnalistlarimiz aholini bezovta qilayotgan muammolarga barcha rahbarlarning e'tiborini qaratmoqdalar, ular nafaqat muammolarni qayd etmoqda, ularning yechimi yuzasidan yangi, nostandart g‘oyalarni ham taklif qilmoqdalar. 

Shuning uchun xalqimiz bilan, jurnalistlarimiz bilan muloqot qilishni odat qilishimiz, muomala madaniyatiga, etika qoidalariga qat'iy amal qilishimiz zarur. 

Turli OAV, shu jumladan, xorijiy OAV tomonidan bildirilayotgan tanqidlarni to‘g‘ri qabul qilib, ochiqlik va erkin fikr bildirilishini demokratik davlatning asosiy tamoyillaridan biri sifatida qabul qilishimiz kerak», - dedi Tanzila Norboyeva.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top