Gulnora Karimova yana bir jinoiy uyushma tuzgani ma'lum qilindi
Bosh prokuratura Gulnora Karimovaga nisbatan yangi jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari yakuniga yetgani haqida ma'lumot berdi. U o‘lpon yig‘ish va qo‘rqitib, mulklarni tortib olishda ayblanmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Gulnora Karimovaga nisbatan jinoiy guruh tuzish bo‘yicha yana bir jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani to‘g‘risida axborot berdi. Ma'lum qilinishicha, mazkur jinoyat ishi doirasida yetkazilgan zararning miqdori 165 mln. AQSh dollari va 85 mlrd. so‘mdan ko‘proqni tashkil qildi.
«O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Adliya vazirligi AQSh, Shveytsariya, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi va Latviya kabi xorijiy davlatlar bilan G.Karimovaning jinoiy yo‘llar orqali topgan va ushbu davlatlarning ayrimlarida jinoyat ishlari doirasida 1,3 mlrd. AQSh dollardan ortiq daromadlarini qaytarish bo‘yicha hamkorlik olib borilmoqda.
Muqaddam xabar berilganidek, mazkur hamkorlik davomida xalqaro tuzilmalar va fuqarolardan G.Karimovaning ilgari e'lon qilingan hukmlarda nazarda tutilmagan yangi jinoyatlari to‘g‘risida xabarlar kelib tushdi. Ushbular yangi ochilgan holatlar bo‘yicha yangi jinoyat ishini qo‘zg‘atish uchun asos bo‘ldi.
Tergov jarayonida aniqlanishicha, G.Karimova o‘ziga yaqin shaxslardan iborat bo‘lgan bir necha uyushgan jinoiy guruhlarni tashkil etgan holda jinoiy uyushmani boshqarib kelgan.
G.Karimova va uning jinoiy sheriklari uyushgan jinoiy guruhlar tarkibida sodir etgan jinoyatlar uchun sud tomonidan tayinlangan jazoni o‘tab kelishmoqda.
Hozirgi kunda, tergov tomonidan G.Karimova unga respublika sanoat korxonalarida faoliyat yuritgan va juda ko‘p miqdordagi jinoiy daromadlardan ulush berib kelgan yana bir uyushgan jinoiy guruhga ega bo‘lganligi aniqlandi.
Bundan tashqari, G.Karimova fuqarolar va turli kompaniyalar egalariga bosim o‘tkazish va qo‘rqitish yo‘llari orqali ularning mulklarini o‘ziga tegishli bo‘lgan kompaniyalarga rasmiylashtirib berishga majbur qilgan.
Mazkur tergov qilinayotgan jinoyat ishi doirasida yetkazilgan zararning miqdori 165 mln. AQSh dollari va 85 mlrd. so‘mdan ko‘proqni tashkil qildi.
G.Karimovaga Jinoyat kodeksining tegishli moddalarida nazarda tutilgan tovlamachilik, talon-toroj qilish, O‘zbekiston Respublikasining manfaatlariga xilof ravishda bitimlar tuzish va jinoiy uyushmani tashkil etish bilan bog‘liq jinoyatlarini sodir etganligi bo‘yicha yangi ayblov e'lon qilindi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yashnobod tuman sudining ajrimi bilan G.Karimovaga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Jinoyat ishi tergovi jarayonida G.Karimovaning huquqlari va qonuniy manfaatlarini o‘zi va yaqin qarindoshlari tomonidan jalb qilingan 7 nafar advokatlar himoya qilmoqda. Shuningdek, advokatlarning barcha tergov harakatlarida ishtiroki va u bilan hech qanday cheklovlarsiz holi uchrashish imkoniyati ta'minlangan.
Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari yakunlangan bo‘lib, G.Karimova jinoyat ishi hujjatlari bilan advokatlar ishtirokida tanishib chiqmoqda», deyiladi Bosh prokuratura matbuot xizmati xabarida.
Gulnora Karimova 2015 yilning avgustida, birinchi prezident Islom Karimov davrida qator moliyaviy jinoyatlarda aybdor deb topilgan va unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangandi.
U O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tomonidan trillionlab so‘m daromadni soliqdan yashirganlik, o‘zgalarning trillionlab so‘mlik mulkini tovlamachilik bilan tortib olish va qariyb 2 milliard AQSh dollarini xorijda berkitish kabi jinoyatlarda ayblangan.
Keyinroq Gulnora Karimovaga nisbatan firibgarlik, xorijiy valutani yashirish, bojxona qonunchiligini buzilishi bo‘yicha yana bir jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
2017 yilning 18 dekabrida 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Gulnora Karimovaga jazo 2018 yilning 1 iyulida 5 yilga ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgan.
Lekin uy qamog‘ida o‘tirgan Gulnora Karimova O‘zbekistonga yetkazilgan zararni qoplashga faol qarshilik qilgani, shuningdek cheklovlarni buzgani uchun 2019 yilda Zangiotadagi qamoqxonaga qaytarilgan.
Gulnora Karimova endi unga nisbatan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan muddatini umumiy tartibli koloniyada o‘tamoqda.
Mavzuga oid
19:11 / 29.11.2024
Shveytsariyaning Lombard Odier banki Gulnora Karimova ishi bo‘yicha pul yuvishda ayblandi
21:06 / 28.09.2023
Shveytsariyada Gulnora Karimovaga nisbatan ayblov xulosasi sudga topshirildi
19:07 / 18.09.2023
Gulnora Karimovaning qaytarilgan boyliklari O‘zbekistonda bolalar o‘limini kamaytirishga yo‘naltiriladi
09:42 / 09.08.2023