Jamiyat | 15:20 / 09.12.2019
98417
5 daqiqa o‘qiladi

«Eng yomoni qilmagan ishing uchun jazo olishing» - Andrey Kubatin va Feruza Jumaniyozova bilan suhbat

Ko‘pchilikka nohaq qamalgan olim sifatida yaxshi tanish bo‘lgan, uch oycha avval ozodlikka chiqqan Andrey Kubatin hamda uning turmush o‘rtog‘i, tarixchi olima Feruza Jumaniyozova tahririyatimiz mehmoni bo‘lishdi. Ular qiziqarli suhbat davomida hayotlarining ommaga ma'lum bo‘lmagan qirralari, ilm va olim tiynati, tarixchi olimni qiynagan muammolar, shuningdek, ilmiy faoliyatlari haqida so‘zlab berishdi.

«Ko‘pchilik turkologiya deganda turkiy xalqlar tillari bilan shug‘ullanishni tushunadi — bu yanglish!»

— Andrey aka, ko‘pchilik sizni tarixchi sifatida taniydi, ba'zilar esa turkolog olim deb biladi. O‘zingiz taalluqli bo‘lgan ilm sohasi haqida so‘zlab bersangiz?

— Bizda xalq orasida yurgan yanglish tushuncha bor, ya'ni turkologiya deganda turkiy xalqlar tillari bilan shug‘ullanuvchi sohani tushunadi. Aslida bunday emas, sababi turkiy xalqlarning tarixini, madaniyatini, folklorini – barcha sohalarini o‘rganuvchi olim turkolog hisoblanadi. Men ko‘proq ularning qadimgi davri bilan shug‘ullanaman.

Feruza Jumaniyozova va Andrey Kubatin

Bundan tashqari, o‘zbek tilining bobo tili bo‘lgan qadimgi runik yozuvlar bo‘yicha va ilk o‘rta asrlarda turkiy va eroniy xalqlarning aloqalari bo‘yicha ham tadqiqotlar olib boryapman.

«Aslida, ilm bizning yo‘llarimizni tutashtirgan»

— Feruza opa, ilmga kirib kelishingiz qanaqa bo‘lgan? Hayot yo‘llari qanday qilib kesishdi?

— Aslida, ilm bizning yo‘llarimizni tutashtirgan desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Men universitet talabasi bo‘lgan kezlarimdayoq turkiy xalqlarning tillari, yozuvlariga qiziqardim. Turkiyshunos olim G‘aybullo Boboyorov bu borada menga ustozlik qilgan va ayni zamonda Andrey Kubatin ham u kishining shogirdi edi.

Ustozimiz chet el safarlarida, konferensiyalarida bo‘lgan vaqtda Andrey aka menga turkiy xalqlar hayotiga oid kitoblarni topishda yordam berardi, yozuvlarni o‘rgatardi. Andrey aka boshqa millat vakili bo‘lishiga qaramay, o‘zbek xalqini nihoyatda sevishi, turkiy xalqlar tarixi, etnografiyasi, tili, madaniyati haqida juda mukammal bilimga egaligi meni qiziqtirardi. Men ham shu ilm sohasidan ketishni maqsad qilgandim va ilm bizning yo‘llarimizni tutashtirdi desam bo‘ladi.

«Turmada siz bu dunyoni va osmonni katakli deb his qilasiz»

— Andrey aka, jurnalist Xayrullo Hamidov bir joyda osmon to‘rtburchak bo‘lib ko‘rinadi degan edi. O‘sha joyda o‘tgan hayotingizdan kelib chiqib, ko‘pchilikka ma'lum bo‘lmagan, «ekranorti»dagi holatlar haqida nimalarni ayta olasiz?

— Haqiqatan ham turma tizimida o‘tirganda, ko‘chaga sayrga olib chiqiladi va bir soat vaqt beriladi. Shunda ham o‘sha joyda tepasiga katakli setka tortilgan bo‘ladi, bundan tashqari, xonadagi darcha ham panjarali bo‘ladi. Shundan keyin siz bu dunyoni va osmonni katakli deb o‘ylay boshlaysiz.

«Mahkumlarni uradigan xodimlar hali ham bor, lekin bu avvalgidek emas»

— Dastlabki paytlarda nimalarni o‘ylagansiz, qanday hissiyotlar o‘tgan? Sizga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishdi?

— Albatta, munosabat boshida juda yomon bo‘lgan-ku. Men avvalgi intervyularimda ham aytganman, prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev olib borgan siyosat mahkumlarga bo‘lgan munosabatni ancha o‘zgartirdi.

Boshida tushganimda, kechirib qo‘yasiz-u, ko‘chada boqilayotgan moldan farqim yo‘g‘idi: hech qanaqa huquq, hech narsa yo‘q. Ikki yarim yil jazo ijro etish tizimida yurgan bo‘lsam, islohotlarni o‘zim boshimdan o‘tkazdim.

Afsuski, hozir ham eshitib turaman, mahkumlarni uradigan, qo‘l ko‘taradigan ba'zi xodimlar hali ham bor. Lekin bu baribir avvalgidek emas. O‘z mansabiga sovuqqonlik bilan qaraydigan, inson qadrini bilmaydigan, prezidentning gapini qilishni xohlamaydiganlar, shu sohada ishlaydiganlar hozirgacha ham bor. Lekin umumiy holatni oladigan bo‘lsak, ancha yaxshilandi.

...2019 yilda oxirgi olti oyda oqlanganlarni hisoblasa, o‘tgan 28 yillik davrdan ko‘p bo‘lsa kerak. Chunki oqlov hukmi degan narsa bizni sud tizimida xuddi qizil kitobga kiritilgan noyob hayvon yoki o‘simlikday gap edi.  

Suhbatni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Nuriddin Nursaidov tasvirchi,
suhbatdosh Yigitali Mahmudov

Mavzuga oid