Ingliz tilini bilish reytingida O‘zbekiston yuzta davlat orasidan 95-o‘rinda qayd etildi
Ingliz tili dunyoda eng ko‘p tarqalgan til hisoblanadi – bu tilda so‘zlashuvchilar soni taxminan 1,5 milliard kishini tashkil etadi. Ta'kidlash kerakki, ularning aksariyati uchun ingliz tili ona tili emas, balki ikkinchi tildir.
«EF Education First» xalqaro ta'lim kompaniyasi hisobotiga ko‘ra, ingliz tili ona tili bo‘lmasa-da, unda hammadan ham ravon so‘zlasha oluvchilar – Shimoliy Yevropa xalqlaridir.
Reytingda Niderlandiya birinchi o‘rinda qayd etilgan bo‘lsa, undan keyingi o‘rinlarda Shvetsiya, Norvegiya va Daniya ko‘rsatilgan.
Yuzta davlat kiritilgan ro‘yxatda O‘zbekiston – 95-pog‘onada. O‘zbekistonliklar yuz ballik testdan o‘rtacha 43,18 ball olishgan. Natija bir yil oldingiga qaraganda 0,65 punktga yaxshilangan xolos.
O‘zbekistondan keyin Kot-d’Ivuar, Iroq, Saudiya Arabistoni, Qirg‘iziston va Liviya yuzlik reytingni yakunlab beradi.
Mazkur natijalarni mukammal va haqiqiy holatni aks ettiradi, deb bo‘lmaydi. Indeks bepul onlayn-test natijalariga asoslangan. Yuzta mamlakatdagi 2,3 million ko‘ngilli bu testdan o‘tgan. Test topshirganlar – shunday istagi, internetga ulanish imkoni va buning uchun vaqti bo‘lgan kishilardir. Bu esa natijalar boyroq mamlakatlar foydasi uchun ijobiy bo‘lganini anglatadi. Natijada ko‘plab Afrika mamlakatlarida indeksga kiritish uchun zarur bo‘lgan miqdor – kamida 400 kishi ham testdan o‘tib ko‘rmagan.
Shunday kamchiliklar bilan ilmiylikka da'vo qila olmasa-da, EF natijalari qiziq faktlarni taqdim etgan. Bu yil imtihon topshirganlarning salkam oltmish foizi – ayollar. Ayollar har doim erkaklarga qaraganda yaxshiroq natija ko‘rsatib kelgan, biroq bu yilda erkaklar o‘rtadagi tafovutni biroz qisqartirishdi. Bu – ayollarning ingliz tili ko‘nikmalari yomonlashgani emas, balki sinovdan o‘tuvchilar sonining ko‘paygani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Iqtisodiyoti rivojlangan Yevropada natijalar hayratlanarli darajada yomon: faqat Germaniyagina «aholisining ingliz tili bo‘yicha malakasi o‘ta yuqori» mamlakatlar qatoriga kirgan.
Fransiya, Ispaniya va Italiya esa aholisi ingliz tilini o‘rtacha biladigan davlatlar qatorida. Ispaniyaning o‘zida o‘tkazilgan o‘rganish natijalari ham salbiy yangilikni tasdiqlagan: katta yoshdagi kishilarning 60 foizi ingliz tilida umuman so‘zlashmasliklarini aytishgan. Ehtimol, bunga ispan tilining ham global til ekani (ispanchada so‘zlashuvchilar 400 milliondan ortiq) sababchidir. Fransuzlar bilan bog‘liq holatni shunday izohlash mumkin.
Ingliz tilini bilish darajasi eng yuqori mamlakatlar ro‘yxatiga Osiyodan faqatgina Singapur kiritilgan. Keyingi kategoriyadan Filippin va Malayziya, uchinchi toifadan esa Honkong, Hindiston va Xitoy joy olgan. Yaponiya – to‘rtinchi klassda.
Mavzuga oid
13:27 / 14.12.2024
O‘zbekistonlik yoshlarning IELTS'dagi natijalari sezilarli yaxshilandi
08:15 / 14.12.2024
Toshkent 200-o‘rinda: xorijlik mutaxassislar uchun 2024 yildagi eng yaxshi shaharlar reytingi e’lon qilindi
17:36 / 10.12.2024
XMT Markaziy Osiyodagi ishsizlik darajasi bo‘yicha ma’lumot berdi
01:51 / 10.12.2024