Jahon | 10:27 / 06.03.2020
2670
2 daqiqa o‘qiladi

Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi koronavirus sababli bekor qilindi

Foto: RIA Novosti

Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi tashkiliy qo‘mitasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirus epidemiyasi sababli xalqaro darajadagi favqulodda holatni e'lon qilgani va forumda ishtirok etuvchi davlatlarda virus tarqalgani tufayli 2020 yilda anjumanni o‘tkazmaslikka qaror qildi. 

“Rossiya fuqarolari, forum mehmonlari va ishtirokchilari sog‘lig‘ini asrash maqsadida joriy yilda anjumanni o‘tkazmaslikka qaror qildik”, deb aytgan PMEF-2020 tashkiliy qo‘mitasi raisi Andrey Belousov.

Sankt-Peterburg hokimiyati ushbu qarorni qo‘llab-quvvatlagan. Vitse-gubernator Yevgeniy Yelin forum bekor qilinganidan afsus bildirgan, biroq xavfsizlik hammasidan ustunligini aytgan.

“Peterburg uchun bu juda  yoqimsiz xabardir. Har bir xalqaro iqtisodiy forum shahrimiz uchun yangi spektakl premerasi kabidir. Biz o‘z yutuqlarimizni ko‘rsatishga tayyorlanamiz, yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga mablag‘ tikamiz. Biroq biz forum ishtirokchilari va mehmonlarini xavf ostiga qo‘ya olmaymiz”, deb aytgan Yelin.

Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi Rossiya iqtisodiyotidagi eng yirik tadbir bo‘lib, unda an'anaviy ravishda Rossiya prezidenti ishtirok etadi. Sochida fevralda bosh vazir ishtirokida o‘tishi kerak bo‘lgan shunday tadbir koronavirus sababli bekor qilingandi. 

PMEF-2020 3-6 iyun kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgandi.

Mavzuga oid