O‘zbekiston | 21:44 / 05.09.2020
35872
2 daqiqa o‘qiladi

Majburiy mehnat holatlari ko‘p aniqlangan viloyatlar ma'lum qilindi

Foto: KUN.UZ

Bugun, 5 sentabr kuni AOKAdagi matbuot anjumanida 2019 yilgi paxta terimida majburiy mehnat holatlari ko‘proq aniqlangan viloyatlar ma'lum qilindi. Bu haqda kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi o‘rinbosari Baxtiyor Mahmadaliyev axborot berdi.

“Agarda 2019 yil yakuni bo‘yicha ko‘proq qaysi viloyatlarda majburiy mehnat holatlari aniqlanganini aytadigan bo‘lsak, murojaatlarning 21 foizi Qashqadaryo viloyatidan, 20 foizi Jizzax va 11 foizi Toshkent viloyatidan kelib tushgan”, dedi rais o‘rinbosari.

Ta'kidlanishicha, 2019 yilda mamlakatdagi korxonalarning 3900 nafarga yaqin xodimlari paxta terimiga jalb etilgan.

Shuningdek, anjuman davomida Baxtiyor Mahmadaliyev kasaba uyushmalarida yuridik klinika borligini ta'kidlab, klinika bajaradigan ishlar haqida ham ma'lumot berdi.

“Bu yerda kasaba uyushmasi a'zosi bo‘lishidan qat'i nazar fuqarolarga bepul yuridik xizmat ko‘rsatiladi. Aholining barcha qatlamidan, ayniqsa mehnat munosabatlari yuzasidan yo‘llangan murojaatlar ko‘rib chiqiladi.

Yuridik klinika 14 ta viloyat birlashmasida faoliyat ko‘rsatmoqda. Yuridik klinika qoshida “1092” qisqa raqamli koll-markaz tashkil etilgan”, dedi u.

Ma'lumot berilishicha, 2019 yilda kasaba uyushmalariga jami 7580 ta, xususan paxta mavsumida 433ta murojaat kelib tushgan. 

Mavzuga oid