O‘zbekiston | 17:50 / 17.12.2020
9677
4 daqiqa o‘qiladi

Yangi maktab, yangi shifoxonalar: Navoiyda bu yil nechta ijtimoiy soha obektlari qurildi?

Navoiy viloyat hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi buyurtmasi bilan viloyatda 2020 yilgi Investitsiya dasturi ijrosini ta'minlash doirasida 30 ta ijtimoiy soha obektlarida qurilish-montaj ishlari olib borilgan.

Bu maqsadlar uchun 77,6 milliard so‘m mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan bo‘lib bugungi kungacha rejalashtirilgan ishlar nihoyasiga yetkazilgan. Natijada bu yil zamonaviy maktab talabiga javob beradigan 7 ta umumta'lim maktabi foydalanishga topshirilib, minglab yoshlarimizning sifatli talim olish imkoniyati oshdi.

Shuningdek, 10 ta sog‘liqni saqlash obektlari foydalanishga topshirilishi va zamonaviy tibbiy jihozlar o‘rnatilganligi sababli bemorlarning respublika shifoxonalariga murojaat qilishlari keskin kamaymoqda. Ikkinchi tomondan, viloyatning o‘zidagi tibbiy muassasalarda davolanish aholi uchun yaqin va qulay hamdir.

Bundan tashqari, yog‘ingarchiliklar tufayli aholini sel xavfidan himoya qilish maqsadida 9 ta alohida inshootda qurilish-ta'mirlash ishlari yakunlandi.

Navoiy shahridagi 3-sonli 250 qatnovli oilaviy poliklinika binosining qurilishi yuqoridagi qurilishlardan bir misol. 151-sonli QMP tomonidan qurilgan obektning umumiy qiymati 4 mlrd 53 mln so‘mni tashkil etadi. Navoiy shahridagi 110 o‘rinli, 55 qatnovli viloyat teri tanosil kasalliklari dispanseri ham shu yil foydalanishga topshirilgan obektlardan biri. Uning qurilishiga 18,3 mlrd so‘m sarflangan.

Shuningdek, Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kompaniyamiz tomonidan 38 mlrd 82 mln so‘mlik qurilish-montaj, ta'mirlash ishlari bajarilib, 10 ta umumta'lim maktablari va 1 ta tibbiyot muassasasi foydalanishga topshirildi.

Masalan, Navbahor tumanidagi 24-sonli maktab rekonstruksiya qilinib, qo‘shimcha 160 o‘rinli o‘quv blogi qurildi. Buning uchun pudratchi tashkilot «Bahrombek kelajagi» MChJ tomonidan qurilish ishlari olib borilib, 2 mlrd 28 million so‘m sarflandi.

Navoiy shahridagi 16-sonli maktabga esa 630 o‘rinli o‘quv blogi qurib berildi. Mazkur muassasaning qurilish-montaj ishlari pudratchi tashkilot «Navoiyqishloqqurilish» MChJ tomonidan olib borildi.

Shuningdek, pudratchi tashkilot «Zarafshon Best Build» MChJ tomonidan Navoiy shahridagi 8-umumta'lim maktabi uchun 630 o‘rinli o‘quv blogi qurib berildi.

Kompaniyamiz, Sirdaryo viloyatidagi Sardoba to‘g‘onidagi suv toshqini oqibatlarini bartaraf etishda faol ishtirok etdi.

Sardoba tumanidagi 175 ta aholi xonadonlarida 30 mlrd so‘mlik mukammal ta'mirlash ishlari olib borildi va bu tabiiy ofatni bartaraf etishda jamoamiz vakillari o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shdilar.

Bugungi kun holatida kompaniyamiz tomonidan  Respublika budjeti mablag‘lari hisobidan 115 mlrd so‘mlik qurilish-montaj ishlari amalga oshirilib, jami 41 tadan ortiq ijtimoiy soha obektlari foydalanishga topshirildi.

Bu bunyodkorlik ishlari 50 ga yaqin ahil jamoaning birgalikdagi mehnati natijasi albatta. Jamoamiz ahli o‘z bilim va salohiyatini doimo oshirib, o‘z ustida ishlashda davom etadi. Mamlakatimiz bo‘ylab fuqaro uchun qurilayotgan bu kabi bino va inshootlar barpo etishda bizning ham hissamiz mavjudligidan mamnunmiz.

Navoiy viloyat hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi axborot xizmati

Mavzuga oid