Urgutda EIZga yaqin uylar buzilishi mumkin. Hokimlik hududda nima rejalashtirilganidan bexabar
Urgut tumani Mergancha mahallasida yashayotgan aholining shu kunlarda tinchi buzilgan. Bir qator xonadonlarga tuman qurilish bo‘limi tomonidan tarqatib chiqilgan ogohlantirish xati ularni tashvishga solmoqda.
Tahririyatga murojaatdan so‘ng Kun.uz muxbirlari vaziyatni o‘rganish maqsadida Urgut tumanida bo‘ldi.
Tasavvur hosil qilish uchun aytish lozim, Urgut Samarqand viloyatidagi eng aholi zich yashaydigan tumanlardan biri. Bu hududda yarim million aholi istiqomat qiladi. Deyarli barcha davlat tashkilotlari tuman markazida joylashgan. Ko‘chalarda ikkita mashina yonma-yon turib qolsa, uchinchisida muammo paydo bo‘ladi. Ammo bu o‘rinda gap qaysidir markaziy ko‘chani kengaytirish haqida bormayapti.
«Uylarimiz 1982 yilda qurilgan. Yaqinda ogohlantirish xati berib ketishdi. 40-50 yildan buyon tinch yashab kelayotgan uyimizda hech qanaqa qurilish qilmasligimiz kerak ekan. Kelgusida uylarimiz buzilishi mumkinligini aytishmoqda. Bu xonadonda hali uylanmagan o‘g‘lim, katta farzandlarim bilan birga yashayotgan kelinlarimiz bor, qayerga boramiz? Ogohlantirish berib ketishganiga hatto darvoza ham qurmay o‘tiribmiz, ko‘ngilsiz bo‘lib qoldik», - deydi Rohila Murodova.
«Menga ham ogohlantirish xati olib kelishdi, olmadim. Chunki mana, 60 yoshga kirib ham uyimning chalasi bor. Hali yana qancha yashayman, bundan keyin ham kamchiliklarni to‘g‘rilolmayman. Yaqinimizga masjid keldi, qarigan chog‘imizda namozimizni o‘qiymiz, deb quvonib o‘tirgandik. Masala butunlay chappasiga aylanib ketyapti. Bizni boshqa joyga ko‘chirib yuborishmoqchi, tushunmayapman», - deydi Nizomiddin To‘rayev.
Odatda muqim yashab kelayotgan aholining uyi «snos»ga tushishiga sabab bo‘ladigan omillar bor. Masalan, biror yo‘lni kengaytirish, davlat ahamiyatiga molik biror obektning qurilishi va shu kabilar.
Murojaatchilarning qo‘lidagi ogohlantirish xatiga e'tibor qildik. Unda yozilishicha, Samarqand viloyati hokimining 2020 yil 6 avgustda tumanda o‘tkazgan sayyor yig‘ilishi bayoniga asosan Urgut erkin iqtisodiy zonasining Mergancha massividagi sanoat korxonalari bilan qo‘shilib ketgan aholi turar joy binolarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, xatlov natijasi bo‘yicha turar joy binolarini ko‘chirish orqali hududning bosh rejasiga o‘zgartirish kiritish yuzasidan taklif ishlab chiqish, xatlovda aniqlangan uy-joy binolarining ko‘chirilishi haqida ogohlantirish berilishiga doir topshiriq bo‘lgan.
Darhaqiqat, ko‘pgina shahar-tumanlarda bo‘lgani kabi Urgutda ham so‘nggi yillarda erkin sanoat zonasi tashkil qilindi. Sanoat hududi aynan aholisi tashvishga tushib qolgan Mergancha mahallasi bilan tutashib ketgan. Vaholanki, Mergancha ham aslida tuman markazidan nari borsa uch-to‘rt kilometr masofada joylashgan. Faraz qiling, yon-atrofda shunchaki yakkam-dukkam, o‘zboshimchalik bilan qurib tashlangan aholi yashash punkti emas, tig‘iz holda yashab kelayotgan fuqarolarning uyi bor. Sanoat hududi esa tobora markazga kirib bormoqda.
Umuman, sanoat hududini aholi yashash punktiga buncha yaqin hududga joylashtirishdan qanday mantiq bor edi? Eng qizig‘i, sanoat zonasining odamlarga zarari hisobga olinmay, ellik-oltmish yillar davomida yashab kelayotgan aholi endi bu yerda ortiqcha bo‘lib qolmoqda... Vaholanki, korxonalardan yon-atrofga tarqalayotgan turli gazlar nainki ekologiyani, balki fuqarolarni ham zararlayotgani haqida hozircha hech kim o‘ylab ko‘rgan emas.
Aholiga tarqatilgan ogohlantirish xati yuzasidan tuman hokimligining munosabatini oldik.
«Mergancha massivida 144 gektar yerda sanoat hududimiz bor. Haqiqatdan ham, sanoat hududining yuqori qismida fuqarolarning uyi joylashgan. U uylar erkin iqtisodiy zona hududiga kirmaydi. O‘sha 144 gektar yerimiz to‘lgandan so‘ng, Sariqtepa hududida yangi zavodlarni quryapmiz. Sanoat zona markaz tomonga qarab kengaytirilmaydi», - dedi tuman hokimining o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i To‘lqin Mahmatmurotov.
To‘lqin Mahmatmurotovning aytishicha, erkin iqtisodiy zonalarni tanlash tuman hokimligining vakolatiga kirmaydi. Bu ish bilan erkin iqtisodiy zona direksiyasi shug‘ullanadi.
Vazirlar Mahkamasining «Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan «Urgut» erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi» davlat unitar korxonasi tezkor boshqaruv uchun o‘ziga berilgan davlat mulki bo‘lgan mulk bazasida davlat unitar korxonasi shaklida tashkil etilgan tijorat tashkiloti hisoblanadi. U o‘ziga biriktirilgan mulkka nisbatan, qonunda belgilangan doirada, o‘z faoliyati maqsadlariga, mulkdor topshiriqlariga muvofiq egalik qilish, foydalanish va tasarruf etish huquqini amalga oshiradi, deb ko‘rsatilgan.
Ya'ni, erkin iqtisodiy zona direksiyasi o‘zi istagan joyni o‘zi uchun ajratib ololmaydi. Davlat tomonidan ajratib berilgan hududdan foydalanadi.
Masala shundaki, hokim o‘rinbosari markaz tomon siljimaydi, deb ta'kidlagan sanoat zonasining o‘zi markazga juda yaqin joylashgan. Kamiga, yana o‘sha yerda yashab turgan aholining uyi buzilishi mumkinligi to‘g‘risida ogohlantirish xati berilyapti. To‘lqin Mahmatmurotovning ogohlantirish xatidan xabari yo‘qmi yoki qurilish bo‘limi shunchaki, aholi bilan «hazillashgan»mi?
Tuman hokimligi qurilish bo‘limi bosh mutaxassisi Faxriddin Ashurov 20 ta xonadonga ogohlantirish xati berilganini ma'lum qildi.
«Haqiqatan ham qo‘shimcha qurilish qilmasliklarini so‘rab ogohlantirish xati berdik. Ammo aholining hoziroq ko‘chib ketishi haqida gap bormayapti.Bu jarayon qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Ya'ni, kelgusida fuqarolar ham rozi bo‘lsa, kompensatsiyasi to‘lab berilgan holda uy-joydan chiqariladi», - deydi Faxriddin Ashurov.
Bosh mutaxassisning qo‘shimcha qilishicha, 20 ta xo‘jalikka ogohlantirish xati berilgan va ular hozircha uydan chiqarilmaydi. Ammo kelgusida bu uylarning buzilishi yoki buzilmasligi, hududda qanday reja maqsad qilinayotgani haqida ma'lumotga ega emasligini bildirdi. Viloyat hokimining topshirig‘iga asosan uylar xatlovdan o‘tkazilgan va ogohlantirish xati berilgan.
Qiziq, tuman hokimining o‘rinbosari aholi yashayotgan hudud sanoat zonasiga kirmaydi, deb turgan paytda tuman qurilish bo‘limi 20 ta oilaga «uyingiz erkin iqtisodiy zonaga yaqin bo‘lgani uchun buziladi», deb xat berib chiqyapti. Hududda qanday loyiha ko‘zda tutilayotgani haqida esa hozircha hech kimda fikr, tasavvur yo‘q.
Shu o‘rinda bitta fakt: o‘tgan yili BMT bergan ma'lumotga ko‘ra, sayyoramizda havoning ifloslanishi oqibatida yetti million kishi vafot etgan. Vafot etganlarning ko‘pchiligi saraton, nafas olish yo‘llari yoki yurak kasalliklariga chalingan. Bolalarda ko‘p hollarda astma, surunkali o‘pka kasalliklari, o‘sishning sekinlashishi, semirish va aqliy zaiflik paydo bo‘lishi ehtimoli ko‘proq ekan.
Biz esa sanoat zonalarni tashkil qilayotganda bu omillar haqida umuman o‘ylab ko‘ryapmizmi-yo‘qmi, degan savol paydo bo‘lmoqda. Urgut tumani misolida aytadigan bo‘lsak, hududning zararlanishi mutlaqo hisobga olinmagan, degan xulosaga kelish mumkin.
Yana bir gap: Merganchadagi 20 ta oilaning uyi bir-ikki yil ichida buzildi, ham deylik. Kompensatsiya ham to‘lab berilar, aholi rozi qilinar. Bu qancha mablag‘ni tashkil qiladi va o‘sha miqdordagi summani nimalarga sarflash mumkin? Urgutda sanoat zona tashkil qilish uchun ochiqroq hudud yo‘qmi yoki? Umuman olganda, bitta uyni buzish va qurish mashaqqatini esa hammamiz ko‘rib turibmiz.
Anvar MUSTAFOQULOV,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi: Faxriddin HOTAMOV.
Mavzuga oid
11:38 / 17.11.2024
Samarqandda 3 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchiga hukm o‘qildi
10:27 / 14.11.2024
Toshkentda eng arzon uy-joy ijarasi qaysi tumanlarda ekani aytildi
12:10 / 13.11.2024
O‘zbekiston uy-joy bozorida faollik darajasi pasaydi
13:32 / 06.11.2024