O‘zbekiston | 17:23 / 06.04.2021
48252
8 daqiqa o‘qiladi

Lotin yozuvli o‘zbek alifbosi: o‘zgarishlar xronologiyasi

Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori Inomjon Azimov Kun.uz'ga taqdim etgan maqolasida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosining qariyb yuz yillik evolyutsiyasi haqida ma'lumot beradi.

Lotin alifbosiga o‘tish masalasini o‘tgan asrning boshlarida yashab ijod etgan jadidlar ko‘tarib chiqqan edi. Ular millatning millat sifatida shakllanishi, tanilishida ma'lum qonun-qoidalar asosida tizimlashtirilgan, ma'lum me'yorga keltirilgan adabiy til zarurligini anglab yetganlar. Boshqa turkiy xalqlarda bo‘layotgan lotinlashtirish harakatiga jadidlar ham qo‘shildilar.

1926 yilda Bokuda bo‘lib o‘tgan Birinchi Butunittifoq turkologiya qurultoyida turkiy xalqlarning lotin alifbosiga o‘tishlari haqida qaror qabul qilinadi. O‘zbekistonda ham lotin yozuviga o‘tish, lotin alifbosiga asoslangan o‘zbek alifbosini yaratish bo‘yicha jiddiy harakatlar boshlanadi. Turli anjumanlarda, matbuotda mavzu yuzasidan qizg‘in muhokamalar boshlanadi.

O‘sha paytda alifbodagi harflarni belgilashda jadidlar ikkita guruhga bo‘lingan edilar. 1-guruh – turkiy tillarda mavjud singarmonizm qonuniyatini o‘zbek tilida ham borligini e'tirof etuvchilar. 2-guruh – o‘zbek tilida singarmonizm qonuniyati buzilgan deb e'tirof etuvchilar.

Birinchi guruh qarashlariga ko‘ra, o‘zbek tilida ham boshqa turkiy tillardagi kabi 9 ta unli bor (singarmonizm qonuniyatiga ko‘ra, unlilar qattiq-yumshoq variantga ega) va ular alifboda aks etishi kerak. Ikkinchi guruh esa o‘zbek tilida 6 ta unli bo‘lishi kerak, degan taklifni ilgari suradi.

1929 yilda Samarqandda bo‘lib o‘tgan Til va imlo anjumanida lotin alifbosiga o‘tish haqida qaror qabul qilinadi va birinchi guruh tavsiya qilgan alifbo tasdiqlanadi.

Jadidlarning asosiy xizmatlaridan biri shu bo‘ldiki, ular milliy alifboga «ng» (ңg) tovushi uchun alohida harf kiritdilar. Bu haqda o‘tgan asr boshlari tarixi bo‘yicha tadqiqotlar olib borgan Boymirza Hayit shunday yozgan edi:

«Jadidchilar arab harflarini qulay o‘rgatmoq va turkchani to‘g‘ri talaffuz ettirmoq uchun arab harflaridagi fatxa, kasra va zamma ishoratlari o‘rniga alohida harflarni ilova qilgandilar. Ular bu alifboga turklarning eng eski «ng» harfini ham qo‘shdilar. Turkistonda alifbo shu tariqa yaratilgandi».

«ng» tovushi turkiy tillarning eng qadimiy tovushi ekani tilshunoslar tomonidan e'tirof etilgan (bu haqda qarang: H.Ne'matov. O‘zbek tilining tarixiy fonetikasi, 1992, 65-b).

Shu bilan birga, 2 xil j (portlovchi va sirg‘aluvchilari uchun) harflari qabul qilindi: ç (jo‘ja), ƶ (ajdod), ch tovushi esa c bilan belgilandi. Hozirgi o‘zbek tilidagi yarim lablangan o tovushi uchun harf belgilanmagan. Bu tovush mavjud emas, deb hisoblashgan (e'tibor bering: odam – adam, bosh – bash)

O‘sha davrda qabul qilingan o‘zbek alifbosi quyidagicha edi (33 ta harf va 1 belgi)*:

Lekin singarmonizm tarafdorlari va ularga qarshi bo‘lganlar o‘rtasidagi bahs-munozaralar to‘xtamaydi, alifbo tasdiqlanganiga qaramay, unga amal qilmaslik, imloda har xilliklar yuzaga keladi.

1934 yilda Toshkentda alifbo va imloga bag‘ishlangan Respublika qurultoyi o‘tkazilib, unda o‘zbek adabiy tilida unlilar miqdori 9 ta emas, 6 ta deb hisoblash kerakligi haqida qaror qabul qilinadi. Alifbodan ө (o (o‘) ning yumshoq varianti), u (u ning yumshoq varianti), (i ning yumshoq varianti) chiqariladi.

Yangi tahrirdagi alifbo quyidagi ko‘rinishda bo‘lgan (30 ta harf va 1ta belgi):

O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng, respublikada o‘zbek yozuvini rus grafikasidan yana lotin grafikasi asosidagi yozuvga o‘tkazish haqida fikr-mulohazalar o‘rtaga tashlandi. Bu masala bir yil davomida ommaviy axborot vositalarida keng jamoatchilik ishtirokida atroflicha muhokama qilinib, 1993 yil 2 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasining «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi qonuni e'lon qilindi. Yangidan qabul qilingan o‘zbek alifbosi 31 harf va bir tutuq belgisi (apostrof)dan iborat deb belgilandi.

Yangi tahrirdagi alifbo quyidagi ko‘rinishda bo‘lgan (31 ta harf va 1 belgi):

E'tibor berilsa, ç (ch), ş (sh) harflari eski alifbodan aynan olingan, ğ (g‘), ö (o‘), ñ (ng), ɉ (qorishiq j) harflari yangidan belgilangan. Tahrir qilingan alifboga 1ta harf – c (ts) kiritilgan.

Lekin oradan ikki yil o‘tar-o‘tmas, biz bilmagan noma'lum sabablarga ko‘ra, alifboga yana o‘zgartirish kiritiladi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 1995 yil 6 may kuni alifboga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida qonun qabul qiladi.

Bu hujjatga binoan:

  • yangi o‘zbek alifbosi 26 ta harf, 3 ta harflar birikmasidan iborat ekani belgilandi;
  • C c, Ɉ ɉ harflari alifbodan chiqarib tashlandi;
  • Ç ç, Ğ ğ, Ş ş, Ñ ñ harflarining shakliga esa isloh kiritildi.

Yangi tahrirdagi alifbo quyidagi ko‘rinishga ega bo‘ldi (26ta harf, 3ta harfiy birikma, 1 belgi):

Ehtimol, qonunning uchinchi qismidagi harflarning shakliga isloh kiritilmaganda, bu alifbodan foydalanishda davom etgan bo‘larmidik. Mana shu isloh qilingan qism yaqin 30 yil ichida turli muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Bir necha yil oldin esa alifboga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida respublika anjumani o‘tkazildi, ishchi guruh tuzildi, juda ko‘pchilik mutaxassislar fikrlari olindi. Hozirda muhokamaga qo‘yilgan alifbo quyidagi ko‘rinishga ega (28 ta harf, 1ta harfiy birikma va 1ta belgi):

1929 yilda qabul qilingan alifboga 1934 yilda 3ta o‘zgartirish kiritilgan (3ta unlini ifodalovchi harf chiqarib tashlangan), 1993 yilda 1ta harf kiritilgan (ts tovushi uchun s harfi), 6ta harfning shakli o‘zgartirilgan, 1995 yilda 2ta harf alifbodan chiqarildi (C c, Ɉ ɉ harflari), 4ta harf shakli isloh qilindi.

Hozirda tavsiya qilinayotgan loyihada harf olib tashlangani ham, qo‘shilgani ham yo‘q, faqat 4ta harfning shakli isloh qilinmoqda.

Qonun loyihasiga befarq bo‘lmasdan, o‘z munosabatini bildirayotgan vatandoshlarimizga alifboda bo‘lgan o‘zgarishlar haqida to‘liq ma'lumotga ega bo‘lishlari uchun birinchi qabul qilingan alifbodan to shu kungacha bo‘lgan, tahrir qilingan barcha alifbo variantlarini taqdim qildik.

  • * Birinchi alifboga o‘zgartirishlar kiritilganda, chiqarilgan harflar katagi ochiq qoldirildi, isloh qilinganlar boshqa rangda berildi.

Inomjon Azimov,
Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va
malaka oshirish markazi direktori

Mavzuga oid