Jamiyat | 18:21 / 19.04.2021
13407
9 daqiqa o‘qiladi

Hazorasp hokimi sud qarorini mensimaydimi? Qalbaki hujjatlar asosida tortib olingan yer fermerlarga qaytarilmayapti

Xorazm viloyati Hazorasp tumanidagi 4ta fermer xo‘jaligi yerlari soxta hujjatlar asosida hokimlik tomonidan zaxiraga qaytarilgan. Bunda jinoyat sodir qilingani huquq-tartibot idoralari tomonidan tasdiqlangan. Sud hokimlik qarorlarini bekor qilgan bo‘lsa-da, fermerlarning yerlari qaytarib berilmayapti.

Nima voqea yuz berdi?

2020 yil yanvar oyida Hazorasp tumanidagi 4ta fermer xo‘jaligi – «Sadoqat Sarvara», «Aziza Charosxon», «Sherzod Aminboy Alisher Azizbek», «Javoxir Moxinur Charos» yerlari tuman hokimligi zaxirasiga qaytarib olinadi. Hokimlikning bu haqdagi qarori fermerlar tomonidan «yozilgan» so‘rovnomalarga asoslanadi.

Jumladan, «Sadoqat Sarvara» fermer xo‘jaligi rahbari Qahramon Ganjayev, «Aziza Charosxon» fermer xo‘jaligi rahbari Davronbek Xusinov, «Sherzod Aminboy Alisher Azizbek» fermer xo‘jaligi rahbari Sherzod Saidnazarov, «Javoxir Moxinur Charos» fermer xo‘jaligi rahbari Akbar Babayev shunday so‘rovnoma bilan hokimlikka «murojaat qilishgan». Ushbu hujjatlar asosida tuman hokimligining yerlarni zaxiraga qaytarish haqidagi qarori qabul qilingan va fermer xo‘jaliklari faoliyati tugatilgan.

Aslida fermer xo‘jaliklari rahbarlari yerlarni qaytarish haqida hech qanday so‘rovnoma yozishmagan. Ular hatto yerdan mahrum qilinayotgani va faoliyati tugatib yuborilayotganidan bexabar bo‘lishgan.

Tergov jinoyat sodir qilinganini tasdiqladi

Fermer xo‘jaliklari rahbarlari hech qanday so‘rovnoma yozmagani va noqonuniy tarzda yerdan mahrum qilingani haqida huquq-tartibot idoralariga ariza bilan murojaat qilishadi.

2020 yil avgust oyida Hazorasp tumani IIB o‘tkazgan tergovda tuman hokimligidagi «noma'lum shaxs» tomonidan fermerlarning so‘rovnomalari va imzolari soxtalashtirilgani tasdiqlangan. Ushbu shaxs Jinoyat kodeksining 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 1-qismi, 2-qismi «a» bandi va 3-qismida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir qilgani aniqlangan va jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hazorasp tumani IIB tuman hokimligining ayrim mas'ul xodimlari tomonidan jinoyat sodir etilishiga shart-sharoit yaratilganini ham qayd qiladi.

Jumladan, «fermer xo‘jaligi rahbarlari yerlarning tuman zaxirasiga qaytarilayotgani haqida ogohlantirilmagan. Bundan tashqari, fermer xo‘jaligi rahbarlari nima sababdan yerlarni qaytarib olish haqida so‘rovnoma yozgani muhokama qilinmagan. Yerlar tuman zaxirasiga qaytarilib, tanlovga qo‘yilmasdan boshqa shaxslarga berib yuborilgan».

2020 yil sentabr oyida Hazorasp tuman IIB aniqlangan qonunbuzarliklarni bartaraf qilish, tuman hokimligining mas'ul xodimlariga nisbatan keskin choralar ko‘rishni, shuningdek, fermerlarning yerlarini tuman zaxirasiga qaytarish haqidagi qarorlarni bekor qilishni va yerlarni fermerlarga qaytarib berishni so‘rab taqdimnoma kiritadi.

«Javoxir Moxinur Charos» fermer xo‘jaligi rahbari Akbar Babayev

Hazorasp tumani hokimligi IIB taqdimnomasini rad qildi

Ushbu taqdimnoma Hazorasp tumani hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ko‘rib chiqiladi va rad qilinadi. Buning sababi sifatida fermer xo‘jaliklari yerlari boshqa fermerlarga berilgani, ular bilan yer ijarasi shartnomasi tuzilgani, ushbu fermerlar ekin ekkani, bir tarafning haq-huquqini himoya qilishda ikkinchi tarafning huquqiga putur yetsa, bunday masalalar faqat sud tartibida hal etilishi, shuningdek, huquqi poymol bo‘lgan fermerlarning sudga murojaat qilishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

Shuningdek, fermerlarning yerlarini tuman zaxirasiga qaytarish haqidagi hokimning qarori qabul qilingan paytda, bunga asos bo‘lgan hujjatlarning haqiqiy yoki haqiqiy emasligini tekshirish tuman hokimligi xodimlarining vazifasi emasligi va bunga imkoniyat ham yo‘qligi, ushbu qarorni qabul qilishda fermer xo‘jaliklarining shtamp va muhri bosilgan so‘rovnoma berilgani inobatga olingani ta'kidlangan.

Oq qog‘ozga bosilgan muhr va shtamp

Jinoyatga olib kelgan asosiy sabablardan biri – fermerlar tomonidan oq qog‘ozga muhr va shtampning qo‘yib berilishidir. Aynan mana shu qog‘ozlarga «noma'lum shaxs» yerlarni qaytarish haqida fermerlar nomidan soxta so‘rovnoma yozgan.

Oq qog‘ozga muhr va shtampning qo‘yib berilishi, imzolanishi – qishloq xo‘jaligi sohasida keng tarqalgan amaliyot. Odatda bunday qog‘ozlar qishloq xo‘jaligi bo‘yicha hokim o‘rinbosarining (yoki shu bo‘limning) seyfida saqlanadi. Fermerlar oq qog‘ozga muhr va shtamp qo‘yishga, imzolashga majburlanadi. Buning sababi sifatida fermerning vaqti qimmatli ekani, qandaydir rasmiyatchilik uchun har safar daladan hokimlikka chaqirib, bezovta qilib o‘tirish shartmasligi, oq qog‘ozga muhr va shtamp qo‘yib berilsa, hokimlik xodimlari kerakli shartnomalarni o‘zlari rasmiylashtirib qo‘yishi, bu esa fermerga katta yordam ekani aytiladi.

Aslida bu amaliyot shartnomalarni hokimlikka «qulay» shartlarda rasmiylashtirish, fermerlarni jilovda ushlab turish, «gapga unamaydiganlarni» «o‘yindan» chiqarib tashlash, kerakli paytda yeridan mahrum qilib yuborish uchun qo‘llanadi. Fermerlar shu tarzda hokimlikka qaram holda ushlab turiladi. Bo‘sh qog‘ozga muhr, shtamp va imzo qo‘ymagan, qo‘yishni istamagan fermerlar faoliyati uchun esa chidab bo‘lmas darajada og‘ir sharoit yaratiladi. Ularda huquq yo‘q, faqat majburiyat bor.

Shu sababli, Hazorasp tumani hokimligida yuz bergan bu voqealar yangilik emas. Bunday amaliyot boshqa hokimliklarda ham qo‘llanadi. Qanchadan-qancha fermerlar ana shunday amaliyot oqibatida yerlaridan mahrum qilib yuborilgan. Ular hech qachon sudlarda o‘zining haq ekanini isbotlay olmagan, chunki o‘z qo‘li bilan oq qog‘ozga muhr, shtamp va imzo qo‘yishgan.

Hazorasplik 4 fermer bilan bog‘liq vaziyat sal boshqacharoq. Gap shundaki, fermerlar oq qog‘ozga faqat muhr va shtamp bosib berishgan, uni imzolashmagan. Shu sababli ham hokimlikdagi «noma'lum shaxs» so‘rovnomani o‘zi imzolashga majbur bo‘lgan. Bu esa ekspertizada aniqlangan.

«Sherzod Aminboy Alisher Azizbek» fermer xo‘jaligi rahbari Sherzod Saidnazarov

Sud fermerlar foydasiga qaror chiqardi

To‘rtala fermer ham Hazorasp tumani hokimligining yerlarni qaytarib olish haqidagi qaroridan norozi bo‘lib, sudga ariza berishadi va yutib chiqishadi.

Sudlarda aniqlanishicha, «Hazorasp tuman hokimligi fermer xo‘jaliklarini tegishli tartibda ogohlantirmasdan, fermer xo‘jaligining ishtirokisiz, ya'ni tadbirkorning fikr-mulohazalarini eshitmasdan, fermerning ishonchini suiiste'mol qilgan holda, qalbaki hujjatlar asosida qaror qabul qilgan.

Chunki fermer xo‘jaligi rahbari ish faoliyati davomida hudud rahbari va qishloq xo‘jaligi boshqarmasi tuman bo‘limi xodimlari bilan tuzilishi kerak bo‘lgan shartnomalar yuzasidan ularga ishongan holda fermer xo‘jaligi muhr va shtampini oq qog‘ozga qo‘yib berishgan. Oqibatda, shunday qog‘ozlarga yerni qaytarib olish haqidagi soxta so‘rovnoma yozilgan va imzolangan».

Barcha sudlar fermerlarning arizasini qanoatlantirib, Hazorasp tuman hokimligining yerlarni zaxiraga qaytarib olish haqidagi qarorlarini haqiqiy emas deb topgan.

Hazorasp tumani hokimligi sud qarorlarini bajaradimi?

Hokimlik bunday mojarolar faqat sud tartibida hal etilishini ta'kidlab, fermerlarning sudga murojaat qilishi maqsadga muvofiq ekani haqida tavsiya bergan edi.

Mana sudlar ham o‘tkazildi. «Noma'lum shaxs» tomonidan jinoyat sodir qilingani isbotlandi, odil sudlar hokimlik qarorini haqiqiy emas deb topdi, haqiqat va adolat yuzaga chiqdi. Sud qarorlari qonuniy kuchga kirdi. Xo‘sh, endi hokimlik ijro organi sifatida O‘zbekiston qonunlariga amal qiladimi? Barcha uchun majburiy hisoblanadigan sud qarorini bajaradimi?

Hazorasp tumani hokimligidan ushbu savolga javob olish uchun qilingan barcha urinishlarimiz samarasiz bo‘ldi.

Hozirgi vaqtda «Sherzod Aminboy Alisher Azizbek» fermer xo‘jaligi rahbari Sherzod Saidnazarov 120,9 gektar yer maydonini, «Sadoqat Sarvara» fermer xo‘jaligi rahbari Qahramon Ganjayev 116,2 gektar yer maydonini, «Aziza Charosxon» fermer xo‘jaligi rahbari Davronbek Xusinov 133,4 gektar yer maydonini, «Javohir Mohinur Charos» fermer xo‘jaligi rahbari Akbar Babayev 31,3 gektar yer maydonini qaytarib berilishini istamoqda. Ular fermerlik faoliyatini, dehqonchiligini davom ettirishmoqchi.

Hazorasp tumani IIB esa hujjatlarni soxtalashtirgan «noma'lum shaxs»ni hamon izlamoqda.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid