08:11 / 17.08.2021
3254

Kon-metallurgiya sanoatini rivojlantirish Loyiha ofisi tashkil etildi

Vazirlar Mahkamasi “Geologiya, kon-metallurgiya va misni qayta ishlash sanoatini uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.

Hujjat Prezidentning "Kon-metallurgiya sanoati va unga bog‘liq sohalarni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" 2021 yil 24 iyundagi PQ-5159-son qaroriga muvofiq qabul qilingan.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklidagi Geologiya, kon-metallurgiya va misni qayta ishlash sanoatini rivojlantirish Loyiha ofisi tashkil etiladi.

Loyiha ofisini moliyalashtirish davlat budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Loyiha ofisining asosiy vazifalari:

  • xorijiy konsultantlar bilan birgalikda mis, rangli, nodir va noyob metallar bo‘yicha geologiya qidiruv ishlarini kengaytirish, geologik xizmatlar bozorini rivojlantirish va misni qayta ishlash sohasida ko‘p pog‘onali qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratishga qaratilgan strategik yo‘nalishlarni belgilash va ustuvor loyihalar bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
  • investitsiya shartnomalarini tayyorlash, investorlar bilan muzokaralar o‘tkazish, ular tomonidan majburiyatlar bajarilishini monitoring qilish tizimini joriy etish;
  • 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan mis hamda boshqa rangli va nodir metallar uchun geologiya qidiruv ishlarining maqsadli dasturini ishlab chiqish;
  • 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan mis va nodir metallar asosida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarish zanjirini yaratish dasturini ishlab chiqish;
  • xorijiy kompaniyalar bilan kon-metallurgiya korxonalarining ta'mirlash zavodlari negizida kon-metallurgiya texnikalari va asbob-uskunalari ishlab chiqarish va ta'mirlashni tashkil etish va boshqalar.

Shuningdek, nufuzli injiniring, moliyaviy va yuridik maslahatchilar hamda xalqaro standartlar asosida foydali qazilmalar zaxiralarini baholovchi mutaxassislar ishtirokida Konsorsium tuzish to‘g‘risidagi Taklif qabul qilindi.

Loyiha ofisi iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari boshchiligida faoliyatini olib boradi.

Loyiha ofisi shtati mahalliy va xorijiy mutaxassislar, shu jumladan Konsorsium ishtirokchilari vakillaridan tarkib topgan 18 birlikdan iborat.

Shuningdek quyidagilar tasdiqlandi:

  • Loyiha ofisi tuzilmasi;
  • Loyiha ofisi boshqaruv qo‘mitasi tarkibi.
Mavzuga oid
Top