Jahon | 22:07 / 10.12.2021
13571
5 daqiqa o‘qiladi

«Biz – zulmga qarshi ziddi-zaharmiz» - «Novaya gazeta» bosh muharriri Dmitriy Muratov

Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sohibi Dmitriy Muratov mukofotni topshirish marosimida so‘zga chiqdi. U dunyo demokratiyani yomon ko‘rib qolayotganidan, qiynoqlar hamon davom etayotganidan tashvish bildirdi, professional jurnalistika nima uchun kerakligini eslatdi.

2021 yilgi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti Rossiyaning «Novaya gazeta» nashri bosh muharriri Dmitriy Muratov va filippinlik tadqiqotchi jurnalist Mariya Ressaga «demokratiya va barqaror tinchlikka erishishning birlamchi sharti bo‘lgan fikr bildirish erkinligini himoya qilish yo‘lidagi sa'y-harakatlari» uchun berilgandi.

10 dekabr kuni Dmitriy Muratov Nobel mukofotini topshirish marosimida nutq so‘zladi.

«Dunyo demokratiyani yomon ko‘rib qoldi»

Muratov o‘z nutqini Nobel mukofoti sovrindori, akademik Andrey Saxarovning: «Ishonch erkinligi boshqa fuqarolik erkinliklari bilan bir qatorda rivojlanish asosi ekaniga ishonaman... Tinchlik, rivojlanish, inson huquqlari – bu uch maqsad bir-biriga chambarchas bog‘liq» degan so‘zlari bilan boshladi.

Foto: Scanpix /TASS

— Saxarovning bu so‘zlari butun dunyoga mashhur bu zalda yana bir marta yangrashini zarur deb hisobladim.

Bu nega biz uchun, men uchun muhim?

Dunyo demokratiyani yomon ko‘rib qoldi.

Dunyoning hukmdor qatlamdan hafsalasi pir bo‘ldi.

Dunyo diktatura tomon qadam tashladi.

Rivojlanishga inson huquq va erkinliklariga rioya qilish bilan emas, texnologiyalar va zo‘ravonlik bilan erishish mumkin degan xayolot paydo bo‘ldi.

Mana shunday erkinliksiz rivojlanish.

Mana shunday sigirsiz sut...

Diktaturalar zo‘ravonlik qilish uchun o‘zlariga oson yo‘l topdi.

«Qiynoqlar insoniyatga qarshi eng og‘ir jinoyat deb tan olinishi kerak»

— Biz mahkumlar va mahbuslarga qarshi qo‘llanayotgan qiynoqlar haqida tez-tez eshitmoqdamiz. Odamlarni sindirish uchun, hukm doirasidan tashqarida jazoning shafqatsizligini yanada oshirish uchun qiynashmoqda. Bu – yovvoyilik.

Men qiynoqlarga qarshi Xalqaro tribunal tashkil etishni taklif qilaman. Uning vazifasi dunyoning turli davlatlarida qiynoqlar qo‘llanishi to‘g‘risida ma'lumot to‘plash bo‘ladi. Jallodlar va ularning bunday jinoyatlarga aloqador xo‘jayinlarini aniqlash uchun.

Birinchi navbatda, butun dunyodagi surishtiruvchi-jurnalistlarga umid bildiraman.

Qiynoqlar insoniyatga qarshi eng og‘ir jinoyat deb tan olinishi lozim.

«Hukumatlar o‘tmishni yaxshilaydi, jurnalistlar esa kelajakni yaxshilashga urinadi»

— Biz albatta tushunamiz: bu – barcha haqiqiy jurnalistlar professional hamjamiyatiga berilgan mukofot.

Hamkasblarim pul yuvish texnologiyalarini fosh qilgan va budjetga milliardlab o‘g‘irlangan pullarni qaytargan, ofshorlarni fosh etgan, Sibir o‘rmonlari kesilishini to‘xtatgan. Ishimiz natijasi o‘laroq, davlat dunyodagi eng qimmat dorilar bilan davolanishga muhtoj, kamyob kasalliklarga chalingan bolalarni davolash bo‘yicha «Novaya gazeta», «Exo Moskvi», «Dojd» va boshqa hamkasblarimizning sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatladi.

Men bolalar va orfan kasalliklarga chalinganlar taqdiri bog‘liq bo‘lgan farmsanoat vakillari biz bilan bir stolga o‘tirishiga umid qilaman. Balki ular dori-darmonlar va erta diagnostika-skrining uchun pul sarflar?

Balki, boy dunyo hali hayot bo‘lgan bir necha o‘n ming bolalar va qizlar uchun mablag‘ topar?

Biz bu mukofotni bemorlarga yordam berish va mustaqil jurnalistikani qo‘llab-quvvatlashga taqdim etamiz...

«Qo‘rqinchlimasmi?» – bu hamkasblarimga eng ko‘p beriladigan savol.

Bu – ularning vazifasi. Hukumatlar har doim o‘tmishni yaxshilaydi, jurnalistlar esa kelajakni yaxshilashga urinadi.

Bu – butun haqiqiy jurnalistikaga berilgan mukofot.

«Biz – zulmga qarshi ziddi-zaharmiz» 

— Ruslar va inglizlarda, boshqalarda maqol bor: «It hurar, karvon o‘tar» – The dog barks, but the caravan goes on. Uni bunday izohlashadi: karvonning olg‘a harakatlanishiga hech narsa xalaqit bermaydi. Ba'zan hokimiyat jurnalistlar haqida shunday deydi. Ular huraveradi, ammo hech narsaga ta'sir ko‘rsatolmaydi.

Men yaqinda bu maqolning aksincha ma'noga egaligini bildim.

Itlar hurgani uchun karvon oldinga yuradi.

Ular tog‘lar va cho‘llardagi yirtqichlarga irillaydi va tashlanadi. Ular karvonni kuzatib borganidagina oldinga yurish mumkin.

Ha, biz irillaymiz va tishlaymiz. Bizning qoziqtishlarimiz va changalimiz bor.

Ammo biz – harakatlanish asosimiz.

Biz – zulmga qarshi ziddi-zaharmiz.

Mavzuga oid