12:31 / 11.01.2022
12407

Srechko Katanetsning sobiq yordamchisi «Paxtakor» bosh murabbiyi etib tayinlandi

«Paxtakor» klubi 2022 yilgi mavsum oldidan jamoaning yangi bosh murabbiyini e’lon qildi. 

Foto: Paxtakor FK

Klub matbuot xizmati xabariga ko‘ra, shimoliy makedoniyalik Slavche Voyneski bilan bir yillik shartnomaga imzo chekilgan. 

«47 yoshli murabbiy Slavche Voyneski bilan klubimiz o‘rtasida 2022 yil oxiriga qadar mo‘ljallangan shartnomaga imzo chekildi. Bitim tomonlarning xohishi bilan mavsum davomida uzaytirilishi mumkin», - deyiladi klub xabarida.

Slavche Voyneski bungacha 2019/20 yilgi mavsumda Slovakiyaning «Orion Sered» klubi bosh murabbiyi sifatida ishlagan bo‘lsa, undan avval asosan Turkiyaning turli klublarida yordamchi murabbiy sifatida faoliyat yuritgan. Shuningdek, Makedoniya yoshlar jamoasini ham boshqargan.

«2004-09 yillarda esa milliy jamoada yordamchi murabbiy sifatida mehnat qilgan. Asosan Srechko Katanets va Drago Kanatlarovskiga yordam bergan. Shundan keyin Turkiyada «Elazigspor», «Genchlerbirligi», «Gaziantepspor» va «Rizespor» klublari murabbiylar shtabida faoliyat olib borgan. 2019 yil Slovakiyaning «Sered» klubida bosh murabbiy sifatida ishlagan. U yoshlar bilan tizimni yo‘lga qo‘yish orqali yaxshi ishlagan mutaxassis sifatida baholanadi», - deyiladi klub xabarida.

Avvalroq, klub Piter Hyuistra bilan kelishuv uzaytirilmagani haqida xabar bergandi. U 2017 yildan buyon «Paxtakor» murabbiylar shtabida faoliyat yuritib, 2020 yil yakunida Shota Arveladze jamoani tark etgach 2021 yildan buyon klubni boshqarayotgandi. 54 yoshli niderlandiyalik mutaxassisning yillik maoshi 350 ming yevroni tashkil etishi e’lon qilingandi.

Slavche VOYNeSKI
Tug‘ilgan sanasi: 1974 yil 28 aprel.
Fuqaroligi: Shimoliy Makedoniya, UYeFA «Pro» litsenziyasiga ega.
Faoliyati: 1996-2003 «Metallurg» Skope (yordamchi murabbiy, bosh murabbiy, yoshlar bo‘limi rahbari)
2004-09 Shimoliy Makedoniya U-17, U-18, U-19 terma jamoalari bosh murabbiyi
2009-2014 Shimoliy Makedoniya milliy terma jamoasi yordamchi murabbiyi
2015 «Elagigspor» jamoasi yordamchi murabbiyi
2016 «Genchlerbirligi» jamoasi yordamchi murabbiyi
2016-17 «Gaziantepspor» jamoasi yordamchi murabbiyi
2017-18 «Rizespor» jamoasi yordamchi murabbiyi
2019 «Sered» jamoasi bosh murabbiyi.

Top