Jahon | 23:01 / 12.01.2022
32069
1 daqiqa o‘qiladi

Toliblar mudofaa vaziri Tojikiston va O‘zbekistonni Afg‘onistondan olib chiqib ketilgan harbiy aviatsiyani qaytarib berishga chaqirdi

Xabar qilinishicha, mavlaviy Muhammad Yoqub harbiy aviatsiyani qaytarmagan mamlakatlar oqibatlarga duch kelishi haqida ogohlantirgan.

Foto: AP

«Tojikiston yoki O‘zbekistondagi harbiy aviatsiyamiz qaytarilishi kerak. Biz ularning xorijda qolishi yoki bu mamlakatlarning aviatsiyamizdan foydalanishiga yo‘l qo‘ymaymiz», dedi Afg‘oniston mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi mavlaviy Muhammad Yoqub. Bu haqda TOLOnews xabar bermoqda.

U harbiy aviatsiyani qaytarmagan mamlakatlar oqibatlarga duch kelishi haqida ogohlantirdi, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, sobiq hukumat ag‘darilganidan so‘ng 40dan ortiq vertolyot O‘zbekiston va Tojikistonga chiqib ketgan.

TOLOnews kanalining ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘oniston hukumati 164ta harbiy samolyot va vertolyotga ega bo‘lgan, hozirda esa ularning 81tasi Afg‘oniston ixtiyorida. Qolganlari esa Afg‘onistondan olib chiqib ketilgan. 

Mavzuga oid