Jahon | 18:46 / 14.01.2022
7174
2 daqiqa o‘qiladi

Efiopiya JSSTni Gebreyyesusga nisbatan surishtiruv o‘tkazishga chaqirdi

Qayd etilishicha, JSST bosh direktori Efiopiyaning ichki ishlariga aralashmoqda.

Foto: Getty Images

Efiopiya hukumati Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adanom Gebreyyesusga nisbatan lavozimini suiiste’mol qilish va Efiopiyaning ichki ishlariga aralashish holati bo‘yicha surishtiruv o‘tkazishga chaqirdi. Bu haqda Fana telekanali Efiopiya tashqi ishlar vazirligining xatiga asoslanib xabar berdi.

Qayd etilishicha, Gebreyyesus Efiopiya fuqarosi hisoblanadi va isyonchi shtat Tigrayda tug‘ilgan.

"Tedros Gebreyyesus Tigray ozodlik xalq frontining (TOXF) faol a’zosi va tarafdori bo‘lib qolmoqda. Tedros Gebreyyesus OAVdagi chiqishlarida (TOXF)ni qo‘llab-quvvatlamoqda va uning harbiy muvaffaqiyatlaridan quvonmoqda", deyiladi Efiopiya tashqi ishlar vazirligining JSST ijroiya qo‘mitasiga yo‘llagan xatida.

Xabar qilinishicha, Efiopiya hukumati "Tedros Gebreyyesusni tegishli ravishda javobgarlikka tortish uchun sud ishi qo‘zg‘atish jarayonida".

"Shu munosabat bilan bosh direktorning qonunga zid harakatlari va professional hamda yuridik me’yorlarni buzganligini aniqlash uchun surishtiruv o‘tkazishga chaqiramiz", deyiladi Efiopiya TIV murojaatida.

Efiopiyada 2020 yil noyabrdan beri Tigray ozodlik xalq fronti va hukumat qo‘shinlari o‘rtasida to‘qnashuvlar bormoqda.

Mavzuga oid