19:26 / 31.01.2022
49616

“Til o‘rganish yoqimli mashg‘ulot bo‘lishi kerak” - IELTS'dan 8,5 olgan 10-sinf o‘quvchisi

Malohat Nabiyeva - 17 yoshda. Farg‘ona viloyati, Buvayda tumanidagi 1-maktab o‘quvchisi. U dekabr oyida IELTS imtihonini topshirib, maksimal 9 balldan 8,5 ball oldi.

Foto: KUN.UZ

O‘zbekistonliklarning IELTS imtihonidan to‘playotgan o‘rtacha ko‘rsatkichi – 5,7 ball ekanini hisobga olsak, 10-sinf o‘quvchisi qo‘lga kiritgan ball yuqori natija ekanini tushunish mumkin.

Malohat ingliz tili grammatikasi bilan 8-sinfdan boshlab jiddiy shug‘ullanishni boshlaydi.

“Ota-onam doim o‘qishga qiziqtirishgan”

— Ingliz tilida alohida tayyorgarlik ko‘rishni boshlanmaguncha boshlang‘ich darajada bilardim. Dastlab, 8-sinfda 4 oy grammatika o‘qidim va undan keyin IELTS degan imtihon tizimi borligini eshitganman. Grammatikam yaxshi bo‘lib qolgani sabab ingliz tilini o‘rganishga diqqatimni kuchaytirdim. Shunday qilib o‘rtada tanaffuslar bilan ingliz tilini 1,5-2 yil jiddiy shug‘ullanib o‘rgandim.

Imtihonda o‘qish (reading) va eshitish (listening) ko‘nikmalaridan 9 ball, yozish (writing) va gapirish (speaking) ko‘nikmalaridan esa 7,5 balldan yig‘ib, jami 8,5 ball to‘pladim.

Oilada 3 nafar farzandmiz. Men – eng kattasiman. O‘qishimga ko‘proq bobom va dadam rag‘bat berishgan. Uydagilar o‘qishimizni doim qo‘llab-quvvatlashadi. “Til o‘rganishing uchun nima zarur bo‘lsa, yordam beramiz”, deyishadi.

Shuning uchun ham imtihon oldi ancha xavotir oldim. “Yaxshi natija ko‘rsatishim kerak, hamma meni kutyapti”, degan mas’uliyat bor edi.

Uydagilarim ko‘pincha “Hali o‘qishga topshirishingga bor, o‘zingni ko‘p qiynayapsan”, deb ham aytishardi. Ularning ishonchini oqlaganimdan xursandman.

Foto: KUN.UZ

“O‘zim uchun ingliz tili muhitini yaratgandim”

— Ingliz tilidan darajam 5,5 ballga yetganda qattiq shug‘ullanishni boshladim. Kuniga 5-6 soat vaqtimni shunga bag‘ishlaganman. O‘qituvchimiz ham bizga shug‘ullanishimiz uchun beradigan topshiriqlarni oxirigacha bajarmagunimizcha qo‘ymasdi. Yana bir foyda bergan narsa – atrofimda to‘la ingliz tili muhiti yarata olganim, deb o‘ylayman. Eshitadigan qo‘shiqlarim, podkastlarim, ko‘radigan videolarim, o‘qiydigan narsalarimning hammasi – ingliz tilida. Bu ingliz tilim yaxshilanishiga yordam berdi.

Ba’zilar IELTS'da tushadigan savollarni ko‘p-ko‘p ishlab, amaliyot qilishadi. Lekin, menimcha, 7dan yuqori ball olish uchun strukturani yaxshi bilishdan tashqari ingliz tilini bilish darajasi yaxshi bo‘lishi ham kerak. Shunda savollarni ishlashga, matnlarni tushunish va osongina tinglab, anglay olishga erishish mumkin.

Men ko‘proq maqolalar va motivatsion, badiiy kitoblarni ingliz tilida o‘qidim. So‘z yodlashda esa uni ko‘proq ishlatishga harakat qildim. Yangi o‘rganilgan narsalar “aktivlashtirilsa”, ular ko‘proq esda qoladi.

 

“Matematikadan ham xalqaro daraja olish niyatidaman”

— IELTS'ga tayyorlanish jarayonida imtihon materiallarini, qo‘shimcha materiallarni o‘qib, “Natural science” – tabiiy fanlar, “Environmental protection” – atrof-muhitni himoya qilish kabi yo‘nalishlarda bilimlarga ega bo‘ldim, o‘zimda ham turli g‘oyalar paydo bo‘ldi.

Hozir matematika fanini o‘rganishni boshladim. Matematikadan ham xalqaro daraja olish niyatidaman. AQSh va Buyuk Britaniya universitetlariga “biznes-menejment” yo‘nalishiga hujjat topshirmoqchiman. Lekin hozircha uydagilar xorijga o‘qishga borishimni xohlashmayapti. To‘liq grant olishga erisha olsam, ularni ko‘ndirishga harakat qilaman.

Ingliz tilini yoki boshqa tillarni o‘rganishni boshlagan tengdoshlarimga o‘zlari qilayotgan mehnatni “qiziqarli mashg‘ulot” qilib olishlarini maslahat bergan bo‘lardim. Shunda ular o‘rganayotgan yangi narsalar ham foydali, ham qiziqarli bo‘ladi.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.

Top