07:32 / 23.02.2022
4429

Sportni rivojlantirish vazirligini moliyalashtirish tartibi belgilandi

Prezidentning «Sportni rivojlantirish vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Quyidagilar tasdiqlandi: Sportni rivojlantirish vazirligining tashkiliy tuzilmasi; Sportni rivojlantirish vazirligi markaziy apparatining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 76 nafar bo‘lgan tuzilmasi.

Sportni rivojlantirish vazirligi hamda uning hududiy bo‘linmalari faoliyati davlat budjeti mablag‘lari, vazirlikning budjetdan tashqari mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi. Sportni rivojlantirish vazirligi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangunga qadar, Sportni rivojlantirish vazirligi hamda hududiy bo‘linmalar xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tartibi va shartlari Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan Turizm va sport vazirligi to‘g‘risidagi nizomga va amaldagi tartibga asosan amalga oshiriladi.

Sportni rivojlantirish vazirligi huzurida budjetdan tashqari Sportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil qilinadi. Turizm va sportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘apmasiga sport sohasidan kelib tushgan mablag‘lar jamg‘armaga to‘liq o‘tkaziladi.

Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari:

  • muassisi Sportni rivojlantirish vazirligi hisoblangan korxonalar va tashkilotlar ixtiyorida soliqlar va yig‘imlar to‘langanidan keyin qoladigan sof foydaning bir qismi;
  • xususiylashtirish to‘g‘risidagi qarorlarga muvofiq davlat mulki obektlarini realizatsiya qilishdan tushadigan tegishli mablag‘lar;
  • tizim tashkilotlarining mol-mulkini (bundan ko‘chmas mulk mustasno) sotishdan tushgan mablag‘larning 50 foizi;
  • tizim tashkilotlarining mol-mulkini ijaraga berishdan tushgan budjetga yo‘naltirilayotgan mablag‘larning 50 foizi;
  • tizim tashkilotlari faoliyatini tekshirish natijalari bo‘yicha Sportni rivojlantirish vazirligining ichki audit xizmatlari tomonidan aniqlangan davlat budjeti mablag‘larining, shuningdek, talon-toroj, rastratalar, kamomadlar summalarining 50 foizi;
  • tizim tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalariga tushadigan mablag‘larning 10 foizi;
  • jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larini joylashtirishdan olinadigan daromadlar va boshqalar.

Jamg‘arma mablag‘lari Sportni rivojlantirish vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari, shuningdek, tizim tashkilotlari xodimlarini qo‘shimcha rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.

Top