Jahon | 14:50 / 17.04.2022
35574
9 daqiqa o‘qiladi

SSSR-Amerika: Sovuq urush yakunidagi do‘stlik

Sobiq ittifoq va AQSh deyarli yarim asr ham g‘oyaviy, ham harbiy-iqtisodiy raqib va hatto ochiq dushman bo‘lib kelishdi. Garchi qurollar bevosita ishga tushmagan bo‘lsa-da, “sovuq urush va qurollanish poygasi” deb nom olgan davrda butun dunyo hadikda yashadi. 

Fotokollaj: Kun.uz

Ammo o‘tmishda bu ikki davlat dushmanligi ma’lum iliqlik davrlarini ham boshdan kechirgan. Masalan, Brejnev va Nikson uchrashuvlar o‘tkazgan, qator rejalarni amalga oshirgan bo‘lsalar, Gorbachev hamda Reygan davriga kelib, tinchlik ramzi ostidagi do‘stona loyihalar shu qadar ko‘payib ketdiki, ilk bor kuzatganda bu ikki davlat azaliy hamkorlar deb ham o‘ylash mumkin edi. Bunday ramziy harakatlar bir qarashda oddiy tashriflardan tortib nafaqat ikki davlat, balki butun dunyo ahamiyatiga molik hujjatlar imzolanishigacha borgandi. 

Samanta Smit SSSRda

1982 yilda Brejnev vafot etadi va KGB rahbari Yuriy Andropov SSSR yetakchisiga aylanadi. Ammo dunyo hamjamiyati uni juda sovuq kutib oladi. Andropovning o‘zi ham birovga ishonmaydigan, faqat mamlakatning qurolli qudratiga suyanishni afzal biladigan, o‘ta prinsipial rahbar edi. AQSh prezidenti Ronald Reygan SSSRni ochiqdan-ochiq yovuzlik imperiyasi deb ataydi va bu holat davlatlararo munosabatning naqadar sovuqligini anglatib turardi.

Shuningdek, juda ko‘pchilik negadir Andropovning yadro qurolidan foydalanishiga, ikki davlatning atom urushi boshlanishiga ishonib qolgandi. Time jurnali o‘sha yili Andropov haqida turkum maqolalar chop etadi. Men shtatida yashovchi 10 yoshli Samanta Smit onasidan “Andropovdan hamma qo‘rqarkan, nega undan hech kim urush boshlash niyati bor yoki yo‘qligini so‘rab xat yozmaydi?” deya so‘raydi. Onasi bunga javoban: “Nega o‘zing so‘ramaysan?” deydi va Samantaning mashhurligiga turtki beradi.

Samanta Andropovga “Siz atom urushi tarafdorimisiz? Nega AQShni bosib olmoqchisiz?” degan mazmunda xat yozadi. Uning xati “Pravda” gazetasida e’lon qilinadi. Andropov unga javoban “SSSR hech kim bilan urushmoqchi emas. Biz tinchlik tarafdorimiz. Sen yurtimizga mehmonga kel va o‘z ko‘zing bilan ko‘r”, deya javob yo‘llaydi.

Samanta Smit SSSRga keladi, Moskva, Leningrad, Qrimdagi “Artek” oromgohida bo‘ladi. Uning bu tashrifi ikki davlat do‘stligi ramzi sifatida keng yoritiladi.

SSSRga Yuriy Andropov taklifi bilan kelgan Samanta Smit Qizil maydonda qarindoshlari bilan © Yuriy Abramochkin / RIA Novosti

Yosh qizaloq mashhurlik ortidan filmlarda suratga tusha boshlaydi, intervyular beradi, qoplab xatlar oladi. SSSRdagi har bir bola uni o‘zining do‘sti hisoblagan bir paytda Samanta va otasi aviahalokatda ayanchli o‘lim topadi. Ikki davlat o‘rtasida tinchlik timsoliga aylangan qizaloq o‘sha paytda 13 yoshda edi. 

SSSR-AQSh teleko‘prigi

1982 yilda Los-Anjyelesda o‘tkazilgan rok festivalda artistlarni yaqindan ko‘ra olmaydiganlar uchun tasvir DiamondVision ekranlari orqali masofaviy uzatiladi. Tadbir homiysi Stiv Jobsning do‘sti Stiv Voznyak edi. Bu dastur yirik davlatlar o‘rtasida teledasturlar uzatish, bevosita ikki telekanalni bog‘lash g‘oyasiga turtki beradi va katta qiziqishni hisobga olib, SSSR tanlanadi. Ittifoqning AQShdagi elchisi Dobrinin bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlaydi, “Gosteleradio” rahbari Lapin kerakli tashkiliy ishlarni bajaradi. Qizig‘i, ittifoq tomoni uch kun ichida barcha texnik masala hal bo‘lganini bildirib, hamkorlarni qoyil qoldiradi.

Teleko‘prik juda katta shov-shuv keltirib chiqardi. Chunki har ikki davlat propagandasida raqibining hayoti kuchli bo‘yoqlarda tasvirlanardi. Teleko‘prikda o‘zlari kabi kundalik tashvishlar bilan, bolam-chaqam deb yashaydigan odamlarni ko‘rgan tomoshabinlar sovuq urush muzlari eriy boshlaganini his qilishadi.

Keyinchalik yana bir necha marta bunday dastur amalga oshiriladi. Ayniqsa, 1985 yildagi Leningrad va Sietl bog‘lanishida ittifoqdagi inson huquqlari, so‘z erkinligi, SSSR tomonidan urib tushirilgan “Boing” samolyoti va surgun qilingan akademik Saxarov haqida ham so‘z boradi. Yana biri Samanta Smitga bag‘ishlandi.

Albatta, teleko‘prikdagi barcha lavhalar qat’iy senzuradan o‘tganidan keyingina sovet tomoshabiniga taqdim etilardi. Ammo har ikki tomon do‘stona ruh berishga urinar va bu ham iliqlik sari katta qadam bo‘lgandi. 

SSSRda “Amerika” jurnali uzoq vaqt chop etilgan. AQShda esa SSSR byulleteni tarqatilgan. Munosabatlar ilishi ortidan hamkorlikda biznes loyihalarni yorituvchi “SSSR-Amerika” jurnali ta’sis etilgan. 

“Yaxshi niyat” o‘yinlari

SSSRning Afg‘onistonga qo‘shin kiritgani sabab 1980 yilda o‘tkazilgan Moskva olimpiadasi AQSh va boshqa qator davlatlar tomonidan boykot qilinadi. Olimpiada raqobati asosan SSSR va AQSh o‘rtasida kechardi. Asosiy raqibsiz qolgan ittifoq Moskva olimpiadasida aql bovar qilmas darajada ko‘p – 195 ta medal oladi va ularning 80 tasi oltin edi. GDR (Germaniyaning SSSR ittifoqdoshi bo‘lgan yarmi) 126/47 nisbatga erishadi.

1984 yildagi Los-Anjyeles olimpiadasiga endi SSSR boshliq sotsialistik blok davlatlari kelishmaydi. Tabiiyki, AQSh 174/83 nisbatda mutlaq g‘alabaga erishadi. GFR (Germaniyaning AQSh hamkori bo‘lgan yarmi) 59/17 ta medallar shodasini olib ketadi.

Xullas, mana shu tarzda olimpiada siyosatga aralashib ketib, haqiqiy sport ikkinchi darajaga tushib qolgan bir paytda Moskvaga mediamagnat Ted Terner tashrif buyuradi. U barcha adovatlarni chetga suruvchi, olimpiadadan xoli yangi musobaqalarni yo‘lga qo‘yish taklifini beradi. Translatsiya huquqi bilan birga Terner musobaqalarning asosiy xarajatlarini ham zimmasiga oladi.

1986 yilda ilk “Yaxshi niyat o‘yinlari” o‘tkaziladi va katta muvaffaqiyatga erishiladi. 79 davlatdan 3 mingdan ortiq sportchilar ishtirok etgan o‘yinlarda qator rekordlar qayd etiladi. Eng muhimi – ularda SSSR va AQSh sportchilari qatnashishdi.

Keyingi o‘yinlar 1990 yilda Sietlda o‘tkazildi. Ammo siyosiy muzlar eriy boshlashi, SSSRning parchalanishi ortidan bu musobaqalar ham ahamiyatini yo‘qotdi. Ta’kidlash joizki, Artur Grigoryan, Oksana Chusovitina kabi o‘zbekistonlik sportchilar ham “Yaxshi niyat o‘yinlari” g‘oliblari bo‘lishgan

Alvido, qurol!

Yuqoridagi tadbirlar ijtimoiy-madaniy xarakterda bo‘lsa-da, asta-sekinlik bilan juda muhim kelishuv sari qadamlar vazifasini o‘tab berishdi. Ittifoq umrining oxirida Mixail Gorbachev rahbarlik qilgan bo‘lsa, unga AQShning ikki prezidenti – Ronald Reygan va Jorj Bush bilan ishlash nasib qildi.

1986 yilda Islandiya poytaxti Reykyavik shahrida bo‘lib o‘tgan Gorbachev-Reygan uchrashuvi amalda biror hujjat imzolanmagan bo‘lsa-da, sovuq urush xotimasi uchun jiddiy harakat bo‘ldi. Uchrashuv Gorbachev taklifiga ko‘ra o‘tkaziladi va uning asosiy g‘oyasi yadro qurollarini cheklash, samo tomonga qurollanishdan voz kechishni anglatardi.

Bu rahbarlar o‘rtasidagi ikkinchi uchrashuv bo‘lsa-da, eng muhimiga aylandi va har ikki davlat yadro quroli bilan maqtanish endi ortiqchaligi, atom urushida g‘oliblar bo‘lmasligini tan olishadi. Keyinchalik bu kelishuvlar doirasida nafaqat yadro kallaklari sonini oshirish to‘xtatiladi, balki mavjudlari soni ham har ikki tomonda sezilarli darajada kamaytiriladi. 

SSSRning noformal vorisi hisoblanuvchi Rossiya va AQSh manfaatlarining Ukraina ustida to‘qnash kelishi o‘zaro munosabatlarda azaldan mavjud bo‘lgan sovuqlikning mantiqiy davomi bo‘lsa ajab emas.

Abror Zohidov tayyorladi. 

Mavzuga oid