O‘zbekistonda vayronkor sel toshqinlari ko‘payib boryaptimi? – Iqlimshunoslar bilan suhbat
So‘nggi bir necha hafta davomida O‘zbekistonning qator hududlarida halokatli sellar kuzatilmoqda. Hozirgacha suv toshqinlari natijasida o‘nlab aholi xonadonlari, ijtimoiy obektlar va kommunikatsiya tarmoqlariga zarar yetgan bo‘lsa, yana ayrim hududlarda insonlar o‘limiga ham sabab bo‘ldi.
Masalan, 2022 yilning mart-may oylarida kuchli yog‘ingarchilik oqibatida Buxoro, Jizzax, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida 15 ga yaqin yirik sel va ko‘chkilar sodir bo‘ldi.
Oqibatda 9 nafar inson halok bo‘ldi. 245 ta xonadon, 19 ta ko‘prik zarar ko‘rdi, 450 dan ortiq bosh chorva mollari nobud bo‘lgan.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi. So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda halokatli tabiat hodisalari chindan ko‘payib boryaptimi yoki ular avvaldan bo‘lgan-u, biz uni bilmasmidik?
Sellarning halokatli oqibatlaridan himoyalanish va insonlar o‘limini kamaytirish uchun nimalar qilish kerak? O‘zbekistonda bu borada qilinayotgan ishlar yetarlimi?
Kun.uz muxbiri shu kabi savollar atrofida iqlimshunoslar – Erkin Abdulahatov va Nodirshoh Mamadaliyev bilan suhbatlashdi.
Kun.uz: Xo‘sh, aslida sel toshqinlari qanday vujudga keladi?
Nodirshoh Mamadaliyev: Sel va suv toshqinlari asosan yuqori tog‘li hududlarda intensiv yomg‘irlar (ya’ni jala yomg‘ir) yog‘ishi oqibatida vujudga keladi.
Bunday ofatlar shuningdek, yozgi mavsumda yog‘ingarchilik bo‘lmagani uchun kuzatiladi. Bunda yuqori havo harorati oqibatida qor va muzliklarning jadal erishi kuzatiladi.
Yuqori tog‘li hududlarda yomg‘irlarning bir daryo o‘zani bo‘ylab oqib kelishi va bir necha soy suvlarining birlashishi oqibatida esa aholi yashash joylarida sel va suv toshqini yuzaga keladi.
Fikrimcha, so‘nggi yillarda sel va suv toshqini hodisalarining sonida keskin o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. Shunchaki, axborot texnologiyalari, OAV va ijtimoiy tarmoqlarning rivojlanishi natijasida biz ko‘proq hodisalardan xabar topyapmiz.
Avvallari bu kabi hodisalardan xabardor bo‘lishda qiynalardik yoki juda kech olardik bunday ma’lumotlarni.
Erkin Abdulahatov: O‘zbekistonlik iqlimshunoslarda 1832 yildan boshlab to hozirgacha kuzatilgan sel suv toshqinlari bo‘yicha ma’lumotlar bor.
Mana shu ro‘yxatlar asosida tahlil qiladigan bo‘lsak, oxirgi o‘n yillikda, ayniqsa, 2016 yildan keyin iqlim o‘zgarishi, havo haroratining isib ketishi bahor va yoz oylaridagi jadal yomg‘irlarni keltirib chiqaruvchi bulutlarni ham ko‘paytirib yubordi. Bu havo oqimlarining tartibsiz harakati tufayli yuzaga kelmoqda.
Tarixga qaraydigan bo‘lsak, O‘zbekiston hududida 1968-69-yillarning qishi juda yomg‘irli kelgan. Buni yoshi katta insonlar juda yaxshi bilishadi.
Mana shu yillarda O‘zbekiston hududidagi deyarli barcha daryolarda vayronkor sel-suv toshqinlari kuzatilgan. Shuningdek, birinchi va ikkinchi dunyo urushi yillari davomida yog‘gan yomg‘irlar natijasida ham juda ko‘p suv toshqinlari bo‘lgan.
So‘nggi yillardagi sel-suv toshqinlarining avvalgilardan farqi shundaki, hozir yog‘inlardagi jadallik kuchli. Masalan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatlari O‘zbekistonda eng kam yog‘ingarchilik kuzatiladigan hududlar – yil davomida 100-150 mm. Biroq keyingi vaqtlarda bu hududlarda jadal yomg‘ir yog‘ishi ko‘payib, suv toshqini holatlari kuzatilmoqda. Demakki, intensiv yomg‘irlarning yog‘ishi kuchli.
Ko‘pchilik o‘ylaydiki, jadal yog‘ingarchiliklar qancha ko‘paysa, daryolarimizda suv ham ko‘p bo‘ladi. Yo‘q, yomg‘ir respublikaning qaysidir mintaqasida ko‘paysa, boshqa joyda kamayadi. Masalan, so‘nggi vaqtlarda vodiy mintaqasida kam, Toshkent viloyatida ko‘p yog‘ingarchilik kuzatilyapti.
O‘rganishlarimiz shuni ko‘rsatdiki, o‘tgan asrda Toshkent shahrida yil davomida 370 mm yomg‘ir yog‘gan bo‘lsa, oxirgi o‘n yillikda bu ko‘rsatkich 444 mm ni tashkil qilyapti.
Mana shu tusdagi tabiat hodisalari inson o‘limi bilan bog‘liq holatlarni, vayronkor vaziyatlarni yil davomida keltirib chiqarmoqda.
Yana bir qo‘shimcha, O‘zbekistonda avvallari ham vayronkor sellar ko‘p kuzatilgan. Masalan, arxivlarimizda 2005 yildan 2021 yilga qadar sel-suv toshqinidan 75ga yaqin odam halok bo‘lganligi haqida ma’lumotlar bor.
Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Ilyos Safarov subatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.