O‘zbekiston | 16:39 / 22.07.2022
3649
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent aeroportida bepul va yuqori tezlikdagi Wi-Fi ishga tushirildi

Toshkent aeroportida bepul Wi-Fi ulanish imkoniyati yaratildi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar bermoqda.

Foto: Uzbekistan Airports

Qayd etilishicha, Toshkent xalqaro aeroportida yo‘lovchilar va mehmonlar uchun internet tarmog‘iga ulanish uchun Wi-Fi tarmog‘i ishga tushirildi. «O‘zbektelekom» kompaniyasi bilan birgalikda aloqa kanallarini ulash va jihozlarni o‘rnatish bo‘yicha barcha ishlar yakunlangan, terminal majmuasi butun hududi, Wi-Fi tarmog‘i bilan jo‘nab ketish va uchib kelish zallari to‘liq qamrab olindi. 

Internetga ulanish uchun aeroportga tashrif buyuruvchilar #TASAirportUzcloud Wi-Fi tarmog‘ini qidirib topishi va «Ulanish» tugmasini bosishi kerak. Tizim foydalanuvchilarni avtorizatsiya sahifasiga yo‘naltiradi va u yerga mobil telefon raqamini kiritish lozim bo‘ladi. Avtorizatsiyani tasdiqlash uchun ko‘rsatilgan raqamga SMS xabar yuboriladi.

Shundan so‘ng, tizim pulli va bepul kirish imkoniyatlarini taklif etadi. Agar tizimdan bepul foydalanish tanlansa, tizim uchta qisqa reklamani ko‘rsatadi, shundan so‘ng internetga kirishni ta’minlaydi. Pulli xizmat tanlansa, tizim tegishli tarif rejasini tanlashni taklif qiladi va to‘lov amalga oshirilgandan so‘ng tarif rejasiga muvofiq vaqt uchun cheksiz internetga kirish taqdim etiladi.

Mavzuga oid