O‘zbekiston | 16:39 / 28.07.2022
7347
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Xitoy tashqi ishlar vazirini qabul qildi 

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi davlat kengashi a’zosi, tashqi ishlar vaziri Van Ini qabul qildi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 iyul kuni ShHTga a’zo davlatlarning Tashqi ishlar vazirlari kengashi tadbirlarida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi a’zosi, tashqi ishlar vaziri Van I boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, jumladan, Shanxay hamkorlik tashkilotining bo‘lajak Samarqand sammiti kun tartibi ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv avvalida Xitoy tashqi ishlar vaziri davlatimiz rahbariga XXR raisi Si Jinpingning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi. Xitoy tomoni tobora yuqori sur’at bilan rivojlanayotgan ikki tomonlama munosabatlarning bugungi darajasini yuksak baholayotgani qayd etildi. Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan siyosiy yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar to‘liq qo‘llab-quvvatlanayotgani ta’kidlandi.

Aytish joizki, Xitoy an’anaviy ravishda mamlakatimizning yetakchi va ishonchli hamkorlaridan biridir. Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Joriy yil boshidan o‘zaro savdo hajmi 35 foizga oshdi. Yil yakunida tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari 10 milliard dollarga yaqinlashishi kutilmoqda.

Xitoy kompaniyalari va bank institutlari ishtirokida sanoat kooperatsiyasi va infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha qator yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Keyingi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotiga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi 10 milliard dollardan oshdi.

Mamlakatimiz yetakchisi o‘zaro manfaatli hamkorlikni, eng avvalo, kambag‘allikka qarshi kurashish, qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlarini eksport qilish, innovatsiyalarni joriy etish, muqobil energetika, “bulutli” texnologiyalar, IT kabi va boshqa yo‘nalishlarda tubdan kengaytirish uchun imkoniyatlar mavjudligini alohida qayd etdi.

Gumanitar, shu jumladan ta’lim va sog‘liqni saqlash, vaksinalar ishlab chiqarish va ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarini tashkil etish borasidagi almashinuv dasturini ilgari surishga muhim e’tibor qaratildi.

Strategik mintaqaviy loyihalarni, eng avvalo, “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” va “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘llari loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishni jadallashtirish bilan bog‘liq masalalar alohida ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvda Afg‘onistonning tinch taraqqiyoti va iqtisodiy tiklanishiga amaliy ko‘maklashish borasidagi o‘zaro sa’y-harakatlar qo‘llab-quvvatlandi. Xitoy delegatsiyasi kuni kecha shu masalalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan Toshkent konferensiyasining samarali natijalarini yuqori baholadi.

Mavzuga oid