Jahon | 13:59 / 29.07.2022
5740
3 daqiqa o‘qiladi

Estoniya rossiyaliklarga yashash va o‘qish uchun viza berishni to‘xtatmoqda

Estoniya TIV rahbari RFga tinimsiz bosim o‘tkazish uchun sanksiyalarni davom ettirish zarur, deb hisoblaydi. Rossiya fuqarolari Estoniyada vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnoma yoki o‘qish uchun viza so‘rab murojaat qilolmaydi.

Foto: Dreamstime

Estoniya hukumati Rossiya fuqarolariga mamlakatda vaqtinchalik yashash ruxsatnomasi yoki o‘qish uchun vizalar berishni taqiqlovchi qarorni tasdiqladi. Bu haqda Estoniya vazirlar mahkamasining 28 iyul, payshanba kungi bayonotida aytiladi.

Bundan tashqari, Rossiya va Belarus fuqarolari qisqa muddatli ishlash uchun ruxsatnomani faqat Estoniya tomonidan berilgan viza amalda bo‘lgan taqdirdagina olishi mumkin bo‘ladi. 

Agar YeIga a’zo boshqa davlat tomonidan yashash uchun ruxsatnoma berilgan bo‘lsa, RF va Belarus fuqarolari baribir qonuniy ravishda qisqa muddatli ish topishi mumkin bo‘lmaydi, shu sababli ularning uzoq muddatli viza olish uchun bergan arizasi qanoatlantirilmaydi.

Estoniya tashqi ishlar vaziri Urmas Reynsaluning ta’kidlashicha, Moskvaning Kiyevga qarshi «asossiz urushi» nafaqat Ukrainaning «hududiy yaxlitligi, suvereniteti va mustaqilligini» qo‘pol ravishda buzadi, balki Estoniya va YeI xavfsizligiga tahdid soladi. 

Reynsalu yangi cheklov choralarining joriy etilishi haqida shunday izoh berdi: «Rossiyaga qarshi sanksiyalarni davom ettirish mamlakatga tinimsiz bosimni ta’minlash uchun zarur. Agar sanksiyalar Rossiya agressiyasini to‘xtatishga yordam bersa, bu bizning xavfsizligimizga ijobiy ta’sir qiladi». 

Estoniya tashqi siyosat idorasi rahbarining qo‘shimcha qilishicha, o‘zgartirish Estoniyadagi mavjud cheklovlarni chetlab o‘tishni, masalan, YeIga a’zo boshqa davlatdan turizm bahonasida qisqa muddatli Shengen vizasi so‘raladigan ssenariylarni bekor qiladi. 

Avvalroq, 20 iyul kuni Rossiya Bosh prokuraturasi «Ochiq Estoniya jamg‘armasi» faoliyatini RFda nomaqbul deb tan olgan edi. Mahkama tashkilot ishini «RF konstitutsiyaviy tuzumi va xavfsizligi asoslariga tahdid» deb hisobladi. 

Iyun oyida Estoniya bosh vaziri Kaya Kallas Ukrainadagi urush fonida NATOdan Latviya, Litva va Estoniyaga alyansning 20-25 ming askardan iborat diviziyalarini yuborishni so‘radi. 

Mavzuga oid