O‘zbekiston | 15:20 / 29.07.2022
11054
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston IT xizmatlari eksportini 1 mlrd dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan Astrum akademiyasida IT sohasi vakillari bilan muloqot qilmoqda. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qayd etilishicha, xorijiy hamkorlar bilan birga maktab, litsey, kollej, texnikum va oliygohlarda o‘quvchi va talabalarning IT ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha “Bir million dasturchi” loyihasi amalga oshirilmoqda. 

Prezident bu dastur kelgusida ham davom ettirilishini aytdi.

"Kelgusi besh yilda mamlakatimiz IT xizmatlari eksportini 1 milliard dollarga yetkazishni reja qilganmiz.

Agar yoshlarni IT kasblarga o‘qitishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ysak, ularni sifatli infratuzilma, kompyuter va kafolatli buyurtma bilan ta’minlasak, albatta, bu marraga bemalol erishamiz", dedi davlat rahbari.

Prezident IT kasblarni egallash yoshlar o‘rtasida trendga aylanganini ta’kidlagan.

Raqamlarga ko‘ra, bugungi kunda IT parklarda 14 ming nafar yosh yuqori daromadli ish joylari bilan ta’minlandi. Shu bilan birga, o‘zini o‘zi band qilgan IT mutaxassislari soni yil boshidan buyon 2,5 barobarga o‘sib, 43 mingga yetdi.

2022 yilning o‘zida mamlakatda 134 ta yangi, jumladan, 50 ta xorijiy IT kompaniya tashkil etildi, eksportchi korxonalar soni esa 2 baravarga oshdi. So‘nggi uch yilda mobil internet narxi 9 baravarga arzonlashdi va O‘zbekiston xalqaro reytingda 15-o‘ringa ko‘tarildi (68-o‘rindan). IT xizmatlari hajmi va eksporti bir necha barobarga o‘sdi.

Mavzuga oid